14:04 26 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB136.28
  • EUR12210.60
  • USD10315.62
Yangiliklar
Havola olish
260 0 0

Mazkur qonun loyihasi barcha hamkorlar, shu jumladan, Brigam Yang universitetining Huquqshunoslik va dinshunoslik boʻyicha xalqaro markazidagi amerikalik ekspertlar tavsiyalarini oʻrgangan holda yanada takomillashtirilgan va qoʻshimchalar kiritilgan.

TOSHKENT, 20 avg - Sputnik. Oʻzbekistonda yangi tahrirdagi "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida"gi qonun loyihasi eʼlon qilindi.

Qonun loyihasini takomillashtirishda jamoatchilik fikrini olish maqsadida loyiha saytning "Jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan qonun loyihalari" rukniga joylashtirilgan.

Taʼkidlanishicha, ushbu qonun loyihasini ishlab chiqishda qoʻshni davlatlar, shuningdek yaqin va uzoq xorijdagi diniy vaziyat, shuningdek, Oʻzbekiston xalqining koʻp asrlik oʻziga xos tarixi, madaniy-tarixiy anʼana va qadriyatlari inobatga olingan.

Shuningdek, Qonun loyihasini tayyorlashda xalqaro meʼyorlar va talablar, birinchi navbatda, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt hamda BMTning Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasining umumiy tartibdagi sharhlari inobatga olingan.

Mazkur qonun loyihasi mutaxassislar tomonidan barcha hamkorlar, shu jumladan, Brigam Yang universitetning Huquqshunoslik va dinshunoslik boʻyicha xalqaro markazidagi amerikalik ekspertlar tavsiyalarini oʻrgangan holda yanada takomillashtirildi va qoʻshimchalar kiritildi.

Qonun loyihasida koʻzda tutilgan quyidagi asosiy yangilik va oʻzgarishlar:

– diniy sohadagi qonun hujjatlarida qoʻllaniladigan asosiy tushunchalarga taʼrif berilgan;

– vijdon erkinligini taʼminlashning va diniy tashkilotlar faoliyatining asosiy printsiplari belgilangan;

– vijdon erkinligini taʼminlash sohasida davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilab berilgan;

– har bir shaxsning diniy taʼlim muassasalarida professional diniy taʼlim olishi, shuningdek, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan oʻz farzandlariga diniy amaliyot asoslari va odob-axloq qoidalarini (uy sharoitida diniy taʼlim berish) oʻrgatish huquqi belgilangan;

– diniy tashkilotlarning huquq va majburiyatlari, ularni taʼminlanishining kafolatlari, shu jumladan yuqori turuvchi organ yoki sudga mansabdor shaxslarning diniy tashkilotlarning huquq va erkinliklarini buzuvchi qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) boʻyicha ular sudga murojaat qilganda, davlat bojini toʻlashdan ozod etilishi mustahkamlab qoʻyilgan;

– diniy tashkilot rahbarligiga koʻrilayotgan chet ellik fuqaro nomzodini Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan kelishish talabi chiqarib tashlandi;

– diniy tashkilot rahbarining Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlishi toʻgʻrisidagi talab bekor qilindi;

– davlat xizmatlari koʻrsatishning elektron tizimiga oʻtish orqali diniy tashkilotni tuzish va roʻyxatdan oʻtkazish tartibi oʻrnatilgan, unga koʻra quyidagilar belgilangan:

- roʻyxatdan oʻtish jarayonida mahalla ishtiroki bekor qilindi;

- diniy tashkilotlarning hujjatlarini notarial tasdiqlash tartibi bekor qilindi;

- diniy tashkilotning markaziy boshqaruv organi va diniy taʼlim muassasasini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi soddalashtirildi;

- mahalliy diniy tashkilotni roʻyxatdan oʻtkazish uchun talab qilinadigan shaxslar soni 100 tadan 50 tagacha qisqartirildi;

- roʻyxatga olish organi tomonidan diniy tashkilotni roʻyxatdan oʻtkazish uchun hujjatlarni koʻrib chiqish uchun bir oylik muddat belgilandi;

– diniy tashkilotni roʻyxatga olishni rad etishi mumkin boʻlgan asoslarning toʻliq roʻyxati aniqlandi;

– roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning diniy tashkilot faoliyatini toʻxtatib qoʻyish va tugatish boʻyicha huquqi chiqarib tashlandi;

– qonun talablarini qoʻpol ravishda buzgan taqdirda, diniy tashkilot faoliyatini olti oygacha sud orqali toʻxtatib qoʻyish instituti joriy etildi.

Bundan tashqari, mazkur Qonun loyihasida jamoat tartibini saqlash, boshqa fuqarolarning hayoti, sogʻligʻi, axloqi, huquqlari va erkinligini taʼminlash maqsadida diniy sohani davlat idoralari tomonidan tartibga solinishi lozim boʻlgan sabablar tushuntirilgan quyidagi qoidalar oʻz aksini topgan:

- vakolatli davlat organlari va diniy tashkilotlar oʻrtasida jamiyatda dinlararo va millatlararo totuvlikni saqlash boʻyicha munosabatlarni tartibga solish;

- din davlatdan ajratilganligi printsipi davlat organlari va diniy tashkilotlar tomonidan bir-birlarining ishlariga oʻzaro aralashmaslik shaklida belgilandi, shuning uchun davlat diniy tashkilotlarga biron-bir davlat vazifalarini bajarishni yuklamaydi. Shu bilan birga, davlat konfessiyalarning tinch-totuvlikda yashashiga kafil boʻladi;

- diniy sohani tartibga soluvchi davlat idoralarining vakolatlari aniqlab berildi;

- jamiyatda konfessiyalararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni buzishga koʻmaklashuvchi missionerlik va prozelitizmning har qanday koʻrinishlarini cheklash belgilandi;

- diniy mazmundagi materiallarni dinshunoslik ekspertizadan oʻtkazishdan asosiy maqsad qilib jamiyatda konfessiyalararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik buzilishiga olib keladigan, diniy zoʻravonlik va boshboshdoqlikka chorlovchi gʻoyalarning oldini olish belgilangan.

Asosiy mavzular