06:54 19 Oktyabr 2019
Efir
  • RUB147.25
  • EUR10438.58
  • USD9455.24
Prezident Uzbekistana Shavkat Mirziyoyev

Mirziyoyevdan tashxis: Sogʻliqni saqlash sohasida hali qiladigan ishlarimiz koʻp

AP Photo / Anvar Ilyasov
Siyosat
Havola olish
50810

Oʻzbekiston prezidenti tibbiyot xodimlarining malakasi va shaxsiy masʼuliyati masalasini jiddiy tanqid qildi. Kachiliklarni bartaraf etish maqsadida sogʻliqni saqlash tizimining davlat va xususiy sektoridagi barcha mutaxassislar faoliyatini litsenziyalash tizimini tatbiq etish nazarda tutilmoqda

TOSHKENT, 19 okt — Sputnik. "Aholini sifatli va arzon dori-darmon vositalari bilan taʼminlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, shoshilinch tibbiy yordamni takomillashtirish, birlamchi tibbiyot tizimini yanada yaxshilash, xususiy sektor va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni yanada rivojlantirish borasida hali qiladigan ishlarimiz koʻp", dedi Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlar tahliliga bagʻishlangan yigʻilishda.

Tadbirda Oʻzbekiston prezidentining Davlat maslahatchilari, Bosh vazir va Bosh vazir oʻrinbosari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Eslatib oʻtamiz, Mirziyoyev joriy yilning oʻzida sogʻliqni saqlash masalasiga bagʻishlab uch marta videoselektor yigʻilishi oʻtkazdi. Oʻzbekiston rahbari Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarga tashriflari chogʻida shifoxonalar, poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlaridagi sharoitlar bilan bevosita tanishdi, zamonaviy klinikalar qurish boʻyicha topshiriqlar bergan edi. Sohani yanada rivojlantirish, tibbiy xizmatlar koʻlami va sifatini oshirishga qaratilgan 30 ga yaqin farmon va qarorlar qabul qilingan.

Yigʻilishda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari tinglandi.

Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini takomillashtirishga oid qaror ijrosi doirasida 793 qishloq vrachlik punkti negizida qishloq oilaviy poliklinikasi, 441 tez tibbiy yordam shoxobchasi tashkil etildi. Faoliyati tugatilgan 658 qishloq vrachlik punkti binolari xizmat uyi sifatida foydalanish uchun shifokorlarga berildi. Bundan tashqari, qishloq oilaviy poliklinikalarida 5 turdagi va Toshkent shahar oilaviy poliklinikalarida 10 turdagi tor soha mutaxassislari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Birlamchi tizimda kadrlar taʼminotini yaxshilash maqsadida joriy yilda tibbiyot yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlarining bakalavriatura bosqichini bitirgan 3 ming 197 yosh mutaxassisning 79 foizi birlamchi tizimga ishga yuborildi.

"Qilingan ishlarning natijasi qanday boʻlayapti, odamlar bundan qay darajada foydalanmoqda. Aholidan kelib tushayotgan murojaatlar bu borada hali qiladigan ishlarimiz koʻpligini koʻrsatmoqda. Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatining hududlarda yetarli darajada emasligi oldimizda turgan dolzarb muammolardan biri. Tan olish kerak, hududlardan yuqori texnologik tibbiy yordam olish uchun Toshkent shahriga kelish aholi tomonidan koʻplab eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda", dedi Mirziyoyev.

Yigʻilishda ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida viloyatlarda ishlash tashabbusi bilan chiqqan yetakchi mutaxassislardan 134 nomzod tanlab olingani qayd etildi. Ular viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazlariga, jumladan, bolalar shifoxonalari, endokrinologiya, kardiologiya, silga qarshi, teri-tanosil dispanserlari, onkologiya markazi filiallari, yuqumli kasalliklar shifoxonalariga ishlash uchun yuborildi.

Aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan dolzarb masalalardan biri — bu tez tibbiy yordam xizmati bilan bogʻliq, dedi Prezidentimiz. Bu borada hali qiladigan ishlarimiz koʻp. Transport vositalari hali yetarli emas, dori-darmon taʼminotida uzilishlar mavjud.

2016 yilda 806 tez tibbiy yordam stantsiyasi va kichik stantsiyasi faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, 2017 yilda bu koʻrsatkich 2 ming 100 dan oshdi. Tabiiyki, bu har bir chaqiriqning oʻz vaqtida kelishini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bu yoʻnalishda koʻrsatilayotgan xizmatlar bilan birga, aholining mazkur xizmatdan foydalanish borasidagi madaniyatini oshirish zarurligi ham taʼkidlandi.

Yigʻilishda sohada oʻz yechimini kutayotgan qator dolzarb masalalar koʻrib chiqildi. Xususan, ayniqsa, qishloq joylarda tizimli patronaj qamrovi sifatini yaxshilash, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning statsionar muassasalar bilan hamkorligini taʼminlash zarurligi taʼkidlandi. Mutasaddilarga sohada xususiy sektorni yanada rivojlantirish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.

Tez tibbiy yordam xizmatini yanada takomillashtirish, skrining markazlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda ishlab chiqarilayotgan protez-ortopediya mahsulotlari, reabilitatsiya texnik vositalar sifatini yaxshilash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Sogʻliqni saqlash obʼyektlarida qurilish-taʼmirlash ishlari boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari sifati, xususiy tibbiyot sohasiga chet el investitsiyasi va yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish ishlari isloh qilinishi lozim.

Aholini patronaj va tizimli dispanserizatsiya bilan toʻliq qamrab olish, ona va bola skriningi hamda tibbiy-genetik xizmatni yanada takomillashtirish va ushbu xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish maqsadida 2018-2022 yillarga moʻljallangan Davlat dasturini ishlab chiqish koʻzda tutilmoqda.

Yigʻilishda tibbiyot xodimlarining malakasi va shaxsiy masʼuliyati masalasi jiddiy tanqid qilindi. Sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida sogʻliqni saqlash tizimining davlat va xususiy sektoridagi barcha mutaxassislar faoliyatini litsenziyalash tizimini tatbiq etish nazarda tutilgan.

Yigʻilishda soha oldida turgan dolzarb vazifalar belgilandi. Vazirlik va idoralar rahbarlariga tegishli topshiriqlar berildi.

Asosiy mavzular