21:16 24 Aprel 2018
Efir
Prezident Uzbekistana Shavkat Mirziyoyev

Mirziyoyev hukumatni "yoshartirmoqchi": qator rahbarlar ishdan olinadi

© sputnik
Siyosat
Havola olish
3206120

Prezidentning soʻzlariga koʻra, oʻz zimmasidagi vazifalarni bajarish, zarur natijaga erishishni taʼminlamagani uchun turli boʻgʻindagi rahbarlarni almashtirish, zamonaviy bilim va malakaga ega boʻlgan, Vatanga sadoqatli, fidoyi yoshlarga masʼuliyatli lavozimlarni ishonib topshirishni bugun hayotning oʻzi taqozo etmoqda

TOSHKENT, 29 noya — Sputnik. "Mana, yaqinda ish faoliyatimizga bir yil toʻladi, aholimiz, bizga katta umid va ishonch bildirgan xalqimiz oldida amaliy ishlarimiz bilan hisobot beradigan vaqt keldi", — deb taʼkidladi Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirish va rahbarlarning shaxsiy masʼuliyatini kuchaytirish bilan bogʻliq masalalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishda.

Yigʻilishda Bosh vazir va uning oʻrinbosarlari, Prezidentning davlat maslahatchilari, vazirlik, idora va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Yigʻilish davomida Mirziyoyev bugungi kunda barcha soha va tarmoqlarda keng koʻlamli islohotlar izchil amalga oshirilayotganini, bunda Oʻzbekiston xalqining fidokorona mehnati bilan ijobiy samaralarga erishilayotganini qayd etdi. "Shu bilan birga, aholini bezovta qilayotgan koʻpgina muammo va kamchiliklar ham oʻz yechimini kutib turibdi. Odamlarimiz ertaga yoki uzoq kelajakda emas, balki bugun yaxshi yashashni, munosib hayot kechirishni istaydi. Shuning uchun biz olib borilayotgan islohotlarni jadallashtirishimiz, ularning sifati va samaradorligini yanada oshirishimiz zarur", dedi Mirziyoyev.

Shuningdek, prezidentga koʻra, aksariyat rahbarlar tomonidan tartib-intizom va masʼuliyatning boʻshashtirib yuborilgani, ular oʻz faoliyatini zamon talablari asosida tashkil eta olmayotgani, xizmat vazifasiga loqaydlik va beparvolik bilan munosabatda boʻlayotgani umumiy natijadorlikka salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

"Ochiq tan olish kerakki, biz oʻz oldimizga qoʻygan, el-yurtimiz kutayotgan natijalarga hali toʻla erisha olganimiz yoʻq. Bu boradagi ishlarni faollashtirish, yangi bosqichga koʻtarish maqsadida 27 noyabr kuni "Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi Prezident qarori qabul qilindi", — dedi prezident.

Ushbu qarorga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosarlari, hukumat apparati tarkibiy boʻlinmalari rahbarlarining samarali va natijali ishini taʼminlash, ularning shaxsiy masʼuliyatini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasi qayta shakllantirilib, yangi komplekslar va vazirlik tashkil etildi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tuzilmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Taʼlim, sogʻliqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksi rahbarlari lavozimlari kiritildi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Innovatsion rivojlantirish vazirligi tashkil etildi.

Prezident iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani, mamlakat hududlarini rivojlantirishning eng muhim va dolzarb masalalarini hal etishning shakllari va usullarini tubdan oʻzgartirish zarurligini,  har bir hudud, har bir oila, har bir fuqaroning hayotiy muammolarini hal qilishga yanada keng eʼtibor qaratish kerakligini taʼkidladi.

Mirziyoyevga koʻra, oʻz zimmasidagi vazifalarni bajarish, zarur natijaga erishishni taʼminlamagani uchun turli boʻgʻindagi rahbarlarni almashtirish, zamonaviy bilim va malakaga ega boʻlgan, Vatanga sadoqatli, fidoyi yoshlarga masʼuliyatli lavozimlarni ishonib topshirishni bugun hayotning oʻzi taqozo etmoqda.

Prezident Oʻzbekistonni har tomonlama rivojlantirish, xalqning hayot darajasi va sifatini oshirish masalasi birinchi navbatda ilm-fan, yuksak texnologiyalar, zamonaviy innovatsion ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etish bilan uzviy bogʻliq ekanini taʼkidladi. Va ayni shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasining Innovatsion rivojlantirish vazirligi tashkil etilganiga alohida toʻxtalib oʻtdi.

"Bizning saxovatli zaminimiz yer osti va yer usti boyliklariga, inson resurslariga, bilimli va yuqori malakali kadrlarga boy. Lekin, afsuski, biz mana shunday ulkan salohiyatimizdan unumli va samarali foydalana olmayapmiz", dedi Mirziyoyev.

Yigʻilishda iqtisodiyot soha va tarmoqlarining barqaror rivojlanishini taʼminlash, jumladan, qatʼiy pul-valyuta siyosatini yuritish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini kuchaytirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, zamonaviy sanoat korxonalari barpo etish, yangi ish oʻrinlari yaratish, mahalliy byudjetlarning daromad bazasini kengaytirish, samarali soliq siyosatini shakllantirish, byudjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanish, davlat statistikasi tizimini takomillashtirish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, davlat rahbari taʼlim, sogʻliqni saqlash, turizm, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniyat va sanʼat, jismoniy tarbiya va sport, yoshlar va xotin-qizlar masalalari bilan bogʻliq vazifalarga eʼtibor qaratdi.

Yigʻilishda 2018 yilning birinchi choragida bajariladigan aniq vazifalar boʻyicha tegishli koʻrsatma va topshiriqlar berildi.

Asosiy mavzular