14:55 10 Aprel 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Siyosat
Havola olish
44510

Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

TOSHKENT, 18 mar — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Oʻzbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.

Davlat rahbarlari Oʻzbekiston-Turkmaniston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, shuningdek, koʻp qirrali hamkorlikni, avvalo savdo-iqtisodiy, energetika va transport-kommunikatsiya sohalarida kengaytirish masalalarini batafsil muhokama qildilar.

Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

“Koronavirus pandemiyasiga qarshi samarali kurashishni taʼminlash va uning ikki tomonlama aloqalarga salbiy taʼsirini oldini olish maqsadida hukumatlar darajasida samarali hamkorlik qilish muhimligiga alohida eʼtibor qaratildi”, - deyilgan xabarda.

Muloqot soʻngida prezidentlar bir-birini hamda qardosh Oʻzbekiston va Turkmaniston xalqlarini kirib kelayotgan bahor, baxt-saodat va yangilanish ayyomi - Navroʻz bilan samimiy qutladilar.

Ushbu fayzli bayram asrlar osha mustahkam doʻstlik, tarixi va madaniyati mushtarakligi, tili, anʼana va urf-odatlari oʻxshashligi bilan chambarchas bogʻlangan xalqlar maʼnaviy hayotining ajralmas qismi ekani qayd etildi.

Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov Oʻzbekistonning koʻp millatli xalqiga tinchlik, ezgulik va farovonlik tiladi. Bugungi mushkul davrda Turkmaniston har tomonlama koʻmaklashishiga va yangi xavf-xatarlarni birgalikda bartaraf etishga tayyor ekani alohida taʼkidlandi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Oʻzbekiston va Qozogʻiston prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Tokayev telefon orqali muloqot qilib, ikki mamlakatdagi epidemiologik holat hamda koronavirus infektsiyasi tarqalishi munosabati bilan koʻrilayotgan chora-tadbirlarni muhokama qilgani xabar qilingan edi.

Asosiy mavzular