08:53 27 May 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Siyosat
Havola olish
COVID-19 umumjahon pandemiyasi (868)
84430

Mirziyoyevning taʼkidlashicha, ogʻir sinov damlarda koʻpmillatli Oʻzbekiston xalqi sarosima va vahimaga tushmasdan, hademay yaxshi kunlar kelishiga ishonib, oʻzining mustahkam irodasi, mehr-oqibati va hamjihatligini yana bir bor namoyon etmoqda

TOSHKENT, 8 apr - Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 aprel kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligi tahlili hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai boʻlgan tomorqachilikni rivojlantirishga bagʻishlangan videoselektor yigʻilish oʻtkazdi.

Yigʻilishda taʼkidlaganishicha, pandemiya sharoitida soʻnggi bir oy ichida xorijiy davlatlardan 20 ta charter reys orqali 6 ming, temir yoʻl va chegara postlari orqali 10 ming nafar fuqaro olib kelindi. Ularning barchasi 160  ta manzilga joylashtirilib, karantinga olindi.

Tajribali shifokor professorlardan iborat maxsus shtab tuzilib, har bir bemorni davolashda 24 soatlik onlayn maslahat berish yoʻlga qoʻyilgan. Xitoy va Janubiy Koreyadan virusologlar taklif qilingan. Rossiya, Germaniya, Yaponiya, Turkiya kabi davlatlar mutaxassislari bilan ham doimiy telemeditsina aloqalari oʻrnatilgan.

"Eng muhimi – xalqimiz yuzaga kelgan vaziyatni toʻgʻri baholab, oʻz xizmat vazifalarini masofadan turib bajarmoqda, shifokorlar tavsiyasi va karantin tartib-qoidalariga qatʼiy amal qilib, oʻzlarining madaniyati, ongi va intizomi bilan barchaga oʻrnak boʻlmoqda. Oʻquvchi va talaba yoshlarimiz onlayn dars va mashgʻulotlar orqali taʼlim olishda davom etmoqda", – dedi davlat rahbari.

Prezidentning qayd etishicha, qisqa muddatda fuqarolar, davlat va nodavlat tashkilotlar tomonidan “Oʻzbekiston Mehr-shafqat va salomatlik” jamgʻarmasiga 50 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ oʻtkazilgan.

"Mana shunday ogʻir sinov damlarida koʻpmillatli xalqimiz sarosima va vahimaga tushmasdan, aksincha, chetdan kelgan bu baloning tezroq oʻtib ketishiga, hademay yaxshi kunlar kelishiga ishonib, oʻzining mustahkam irodasi, mehr-oqibati va hamjihatligini yana bir bor namoyon etmoqda", – dedi Mirziyoyev.

Hududlarda mirishkor dehqon va fermerlarimiz bahorning har bir kunini gʻanimat bilib, yaxshi niyat va ertangi kunga ishonch bilan qishloq xoʻjaligi ishlarini boshlab yuborganligi taʼkidlandi.

Strategik ahamiyatga ega boʻlgan sanoat korxonalarida, muhim qurilish maydonlarida ish kundalik reja asosida, karantin qoidalariga qatʼiy rioya etgan holda tashkil etilmoqda.

"Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekistonda hayot barqaror surʼatda davom etmoqda. Eng asosiysi, ming-minglab yurtdoshlarimiz, ayniqsa shifokorlarning fidoyi xizmati, oʻz burchiga sadoqati tufayli koʻrayotgan tezkor choralarimiz oʻzining ijobiy natijasini bermoqda", – dedi Mirziyoyev.

 

Mavzu:
COVID-19 umumjahon pandemiyasi (868)

Asosiy mavzular