22:23 15 Yanvar 2021
Efir
  • RUB141.29
  • EUR12796.16
  • USD10473.20
Siyosat
Havola olish
407 0 0

Oʻtkazilgan uch tomonlama muzokaralar, avvalo, Togʻli Qorabogʻdagi mojaroni tinch yoʻl bilan tartibga solish masalalariga qaratilgan edi

TOSHKENT, 12 yanv — Sputnik. Kremlda Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan oʻrtasidagi uch tomonlama muzokaralar yakunlandi.

Uchrashuv tashabbuskori Vladimir Putin boʻldi, deb xabar bermoqda Kreml matbuot xizmati. Uch davlat hukumati vakillari mintaqaga oid dolzarb muammolarni toʻrt soat davomida muhokama qildilar.

Xususan, harbiy harakatlaridan zarar koʻrgan tomonlar Togʻli Qorabogʻdagi hududlar aholisiga yordam koʻrsatish, shuningdek savdo-iqtisodiy va transport aloqalarini blokdan chiqarish va rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

Putin Rossiya uch davlat va ularning xalqlarini bogʻlab turuvchi sheriklik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini qadrlashini qayd etdi. Davlat rahbari, shuningdek, Togʻli Qorabogʻdagi mojaroning ziddiy tus olishi xalqaro terrorizm tarqalishi xavfini oshirish bilan tahdid solayotganini taʼkidladi.

Rossiya prezidenti erishilgan kelishuvlar sekin-asta hayotga tatbiq etilayotganini misol keltirdi: qochqinlar qaytmoqda, infratuzilma qayta tiklanmoqda, Rossiya tinchlikparvar kuchlari ishlashmoqda.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev uch tomonlama uchrashuvni foydali va sermahsul deb atadi. U boshqa qoʻshni davlatlar ham Kavkaz janubida transport infratuzilmasini yaratishda ishtirok etishiga umid bildirdi.

Aliyev, shuningdek, Ozarbayjon va Armaniston xalqlari oʻzaro yarashish uchun oʻzlarida iroda va donishmandlik topishlariga umid bildirdi. U hududiy mojaro oʻtmishda qolganini, Moskvada imzolangan bitim bu borada yakuniy chiziq tortganini taʼkidladi.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakatlar oʻrtasida haligacha hal qilinishi kerak boʻlgan koʻplab masalalar borligini, xususan, harbiy asirlar bilan oʻzaro almashish masalasi borligini taʼkidladi. U, tomonlar ushbu va boshqa yoʻnalishlardagi masalalarni oʻrganishda davom etishlarini qoʻshimcha qildi.

Pashinyan, erishilgan kelishuvlar Qorabogʻda xavfsizlik boʻyicha yirik kafolatlarga olib kelishi va mintaqaning iqtisodiy qiyofasini oʻzgartirishga yordam beradi degan fikrga qoʻshildi.

Muzokaralar natijasida Putin, Aliyev va Pashinyan Qorabogʻdagi infratuzilma loyihalarini rivojlantirish boʻyicha yangi qadamlar toʻgʻrisida bayonot imzoladilar.

Bitimni amalga oshirish boʻyicha reja yaqin orada uch davlat bosh vazir oʻrinbosarlari tomonidan taqdim etiladi.

Togʻli Qorabogʻdagi mojaro

Togʻli Qorabogʻda tutashuv liniyasida holat sentyabr oyi oxirida oʻtkir tus olgan edi. Birinchi boʻlib kim oʻt ochgani, maʼlum emas, ammo Armaniston va Ozarbayjon tomonidan oʻzaro bir-birini oʻqqa tutish boʻyicha ayblovlar yogʻilgan edi.

Mintaqada tinchlikni toʻrtinchi urinishdan soʻng va faqat Rossiya prezidenti Vladimir Putin aralashuvidan keyingina qayta tiklashga muvaffaq boʻlindi. Togʻli Qorabogʻda jangovar harakatlarning toʻliq toʻxtatilishi toʻgʻrisidagi bitim 10 noyabrga oʻtar kechasi imzolangan edi.

Hujjatga koʻra, 2020 yil oxirigacha Armaniston egallab olingan hududlarni Ozarbayjonga qaytarishi, mamlakat harbiylari esa Togʻli Qorabogʻni tark etishlari kerak.

Rossiyalik tinchlikparvar kuchlar mojaro zonasida boʻlib turibdi: ularning vazifasi - vaziyatni tartibga solish, qochqinlarga yordam berish, hududlarni minalardan tozalash va infratuzilmalarni tiklashdan iborat.

Asosiy mavzular