12:36 25 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Jamiyat
Havola olish
82130

Shu yil 4-fevral kuni Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq soʻzladi.

TOSHKENT, 12 — fev, Sputnik. Matn Oʻzbekiston prezidentining matbuot xizmati sahifasidan olindi.

Bugungi uchrashuvimizdan asosiy maqsad – sizlar bilan koʻrishib, hol-ahvolingizdan xabardor boʻlish, oʻz yechimini kutib turgan muammolar, qiyinchiliklar haqida fikr almashish va oldimizda turgan dolzarb vazifalarni aniqlab olishdan iborat. Eng muhimi, aholining turmush sharoitini yanada yaxshilash, avvalo boshqaruv tizimidagi rahbarlarning masʼuliyati va javobgarligini oshirish masalasini koʻrib chiqsak, ayni muddao boʻlur edi, dedi davlatimiz rahbari oʻz nutqining avvalida va quyidagi fikrlarni alohida taʼkidladi.

Hammamizga yaxshi maʼlum, Toshkent viloyati katta iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatga, ulkan tabiiy va insoniy resurslarga ega boʻlgan markaziy viloyat sifatida Oʻzbekistonimiz hayotida alohida oʻrin egallab, koʻpgina soha va yoʻnalishlar boʻyicha yetakchi boʻlib keladi.

Shu borada ayrim misollarni olib keladigan boʻlsak, mamlakatimizda ishlab chiqariladigan sanoat mahsulotlarining qariyb 15 foizi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining 12 foizdan ziyodi, iqtisodiyotimizga jalb etilayotgan investitsiyalarning taxminan 10 foizi, yalpi ichki mahsulotimizning esa 9,7 foizi ayni shu viloyat hissasiga toʻgʻri kelishining oʻzi koʻp narsadan dalolat beradi.

Bu zaminda joylashgan Oʻzbekiston metallurgiya kombinati, Chirchiq qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, dunyoga mashhur “Jeneral motors” kompaniyasi bilan hamkorlikda barpo etilgan, avtomobil dvigatellari ishlab chiqaradigan noyob zamonaviy korxona, Yangi Angren hamda Toshkent issiqlik elektr stantsiyalari va boshqa yirik sanoat korxonalari respublikamiz iqtisodiyotining lokomotivlari, desak, adashmagan boʻlamiz.

Hech shubhasiz, bu korxonalar yurtimiz boyligiga boylik qoʻshayotgan, nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyo mintaqasida koʻzga koʻringan ishlab chiqarish majmualari hisoblanadi.

Ayni vaqtda Toshkent vohasining eng katta boyligi – bu avvalambor koʻpni koʻrgan, oʻzining mehnati, intellektual salohiyati, bilim va tajribasi bilan oʻz yurtini obod etib kelayotgan ishchi va muhandislar, fermerlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi vakillari, oʻqituvchi va shifokorlar, azmu shijoatli yoshlarimiz, bir soʻz bilan aytganda, viloyatning koʻp millatli, mehnatkash va bagʻrikeng xalqidir, desak, haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Oʻz yurtiga mehr va sadoqat bilan yashayotgan bu elning munosib farzandlari, ularning fidokorona mehnati davlatimiz, jamiyatimiz tomonidan yuksak baholanib kelinayotgani sizlarga yaxshi ayon, albatta. Faqat keyingi uch yilda Toshkent viloyati boʻyicha 100 nafarga yaqin ana shunday insonlar Vatanimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlangani misolida buning yaqqol dalilini koʻrish mumkin.

Barchamizga maʼlumki, Toshkent viloyati – oddiy viloyat emas, u avvalambor poytaxt viloyati sifatida mamlakatimizda yetakchi mavqeni egallab keladi. Qaysi soha yoki tarmoqni olmaylik, bu zamin katta imkoniyat va resurslarga boy ekanini koʻramiz. Shuning uchun ham Toshkent viloyatini mamlakatimiz hayotida yanada yuqori oʻringa koʻtarish, bu yerda yashayotgan 2 million 770 mingdan ziyod aholining tobora oʻsib borayotgan talab va ehtiyojlarini munosib darajada taʼminlash, aytish kerakki, bugun ham, ertaga ham, hech shubhasiz, eng dolzarb vazifamiz boʻlib qoladi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, Toshkent viloyatida hali-beri yechilmagan koʻpgina muammolar, qancha-qancha muhim vazifalar oldimizda turgani haqida, oʻylaymanki, ortiqcha gapirishning hojati yoʻq, dedi Islom Karimov.

Bu vohadagi yer osti va yer usti boyliklaridan toʻla va oqilona foydalanish, ularni avvalo shu goʻzal, betakror zaminda yashayotgan odamlar, butun xalqimiz manfaatlari yoʻlida ishlatib, faoliyatimizni bugun zamon talab qilayotgan darajada tashkil qilish, viloyatning uzoq va davomli rejalarini amalga oshirish uchun bu yoʻlda uchraydigan turli qiyinchiliklarni oldindan koʻrib, ularni bartaraf etishga tayyor boʻlishimiz zarur.

Bir soʻz bilan aytganda, nafaqat bugungi, balki ertangi kun haqida bosh qotirish, xalqimizni, jamoatchilikni ayni shu maqsadlarga safarbar etish barchamizning, birinchi navbatda, oʻzini rahbar degan, odamlar unga ishonch bildirgan shaxslarning asosiy burchi, desam, oʻylaymanki, hammangiz bu fikrga qoʻshilasiz, dedi Prezidentimiz.

Sizlarga yaxshi maʼlum, yaqinda Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga moʻljallangan iqtisodiy dasturning asosiy ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan kengaytirilgan majlisi boʻlib oʻtdi. Bu majlisda oʻtgan yilda erishgan natijalarimiz atroflicha muhokama qilinib, joriy yil va istiqbolga moʻljallangan eng muhim vazifalarimiz aniqlab olindi. Xususan, 2030-yilgacha mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot hajmini kamida 2 barobar oshirib, uning tarkibida sanoatning ulushini 40 foizga yetkazishni biz oʻzimiz uchun strategik vazifa sifatida belgilab oldik, deb taʼkidladi davlatimiz rahbari.

Bunday ulkan va oʻta masʼuliyatli vazifalarni amalga oshirish haqida soʻz yuritar ekanmiz, shu borada hayotimizni har tomonlama yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladigan dasturlarni joriy etish uchun qay darajada yetarli zamin yaratganimiz, jumladan, 2015-yilda Toshkent viloyatida erishan marralarimiz haqida toʻxtalib oʻtsak, oʻrinli boʻladi.

Bu haqda soʻz borar ekan, avvalo, oʻtgan yili viloyatda yalpi hududiy mahsulot 6,7 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 11 foiz, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari 7 foizga, xizmat koʻrsatish sohasi 13 foizdan ziyod oʻsgani, eksport boʻyicha prognoz koʻrsatkichi bajarilganini taʼkidlash lozim.

Toshkent viloyatining sanoat sohasidagi salohiyatini izchil rivojlantirish dasturiga asosan keyingi uch yilda 1 ming 50 ta loyiha amalga oshirildi. Shu asnoda 2 trillion 700 milliard soʻm va 532 million dollar miqdorida investitsiyalar oʻzlashtirilib, 30 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratilgani biz uchun ayniqsa muhimdir. Shular qatorida Toshkent issiqlik elektr stantsiyasida 370 megavatt energiya ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan, tabiiy gazni ikki barobar kam sarflaydigan bugʻ-gaz qurilmasi barpo etilganini qayd etish zarur.

Bu ishlarimizning davomi sifatida hozirgi vaqtda togʻ-kon sanoati, kimyo va neft-kimyo sanoatida qiymati 2 milliard 558 million dollarlik 26 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Chirchiq shahridagi “Ammofos-Maksam” korxonasida mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish jarayonini modernizatsiya qilish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish maqsadida umumiy qiymati 136 million dollardan ziyod 3 ta loyihani joriy yilda amalga oshirish moʻljallanmoqda.

Haqiqatan ham, Toshkent viloyatida sanoat sohasida erishilgan bunday katta yutuq va koʻrsatkichlar, 2016-yil uchun belgilangan rejalar barchamizga mamnuniyat yetkazadi, dedi Prezidentimiz.

Majlisda bugun zamon qanday tez oʻzgarayotgani, ilgari duch kelmagan turli-tuman muammo va qiyinchiliklar oldimizda paydo boʻlayotgani butun mamlakatimiz qatori Toshkent viloyatida ham ishimizni yangicha tashkil etib, uning samarasini tubdan oshirishni, eskicha yondashuvlardan, oʻz umrini oʻtab boʻlgan ish usullaridan butunlay voz kechishni talab etayotgani alohida qayd etilib, Toshkent viloyatida olib borilayotgan ishlarga ayni shunday tanqidiy koʻz bilan qarab, koʻpgina yoʻnalishlarda hali-beri yechilmagan muammolar, kamchilik va nuqsonlar borligi haqida atroflicha fikr yuritildi.

Avvalo, viloyatdagi mavjud 14 ta tumanning 7 tasida mahalliy byudjet xarajatlari subvensiya, yaʼni, berilayotgan moliyaviy yordam hisobidan qoplanayotganiga eʼtibor qaratildi. Qoʻpol boʻlsa ham aytishga majburmiz – bunday kayfiyatlar tobora surunkali tus olib, boqimandalikka aylanib borayotganiga qachongacha chidash mumkin, deb soʻrashning vaqti kelmadimi, dedi Islom Karimov.

Misol uchun, Bekobod tumanida mahalliy byudjet umumiy xarajatlarining 44,1 foizi, Quyichirchiq tumanida 43,2 foizi, Oqqoʻrgʻon tumanida 42,2 foizi, Boʻka tumanida 42,1 foizi dotatsiya hisobidan qoplanayotganini qanday baholash mumkin?

Oqqoʻrgʻon, Bekobod, Boʻka, Quyichirchiq, Parkent, Yuqorichirchiq, Chinoz tumanlarida sanoat rivojiga, yangi ish oʻrinlarini yaratish masalasiga beparvolik bilan qaralayotgani va bu tumanlarning viloyat sanoatidagi ulushi 1 foizdan ham past boʻlib qolayotganini izohlashning oʻzi qiyin, dedi Yurtboshimiz.

Shuningdek, viloyat hududidagi 20 ta yirik sanoat korxonasida oʻtgan yili ishlab chiqarish hajmi pasayib ketgan, 2 ta korxonada esa mahsulot ishlab chiqarilmagan. Lekin mahalliy rahbarlar vaziyatni oʻnglash haqida oʻylayotgani yoʻq.

Qurilish sohasini oladigan boʻlsak, qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida uy-joylar barpo etishda jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻyilmoqda, ular koʻpincha belgilangan muddatda oʻz egalariga topshirilmayapti. Umuman aytganda, bu uylarni qurayotgan pudratchi tashkilotlarning moddiy-texnik bazasi, ularni texnika va asbob-uskunalar bilan taʼminlash talabga mutlaqo javob bermasligi bunday noxush holatga sabab boʻlmoqda va topshirilayotgan uylarning sifatiga, odamlarning kayfiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Sessiyada iqtisodiyotimiz taraqqiyotida muhim oʻrin tutadigan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji haqida soʻz yuritilar ekan, bu sohaning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi viloyat boʻyicha 56 foizdan yuqori ekani ijobiy natija sifatida eʼtirof etildi. Bu mamlakatimiz miqyosidagi koʻrsatkich bilan deyarli barobar boʻlib, mehnat bilan band aholining 76 foizdan ortigʻi yoki 980 ming kishi shu sohada ishlab daromad topayotgani qayd etildi.

Bunday ijobiy natijalarni tan olgan holda, bu hududda koʻpchilik viloyatlarga tegishli boʻlgan bir kamchilik toʻgʻrisida aytmasdan oʻtolmaymiz, dedi Yurtboshimiz. Yaʼni, Toshkent viloyatida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi asosan savdo-sotiq va qishloq xoʻjaligi sohasida yuqori boʻlib qolmoqda. Sanoat sohasini oladigan boʻlsak, viloyatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning bu tarmoqdagi ulushi 28,8 foizni tashkil etmoqda. Vaholanki, bu raqam mamlakatimiz miqyosida 38,9 foizni tashkil etadi.

Maʼlumki, bugungi kunda yurtimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, bank-moliya xizmatlari, turizm, qurilish va transport sohalarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushini keskin oshirish vazifasi qoʻyilgan va bu masalaga Toshkent viloyatida alohida eʼtibor qaratish zarur.

Prezidentimiz oʻz nutqida Toshkent viloyatining azim poytaxtimiz Toshkent shahri bilan yonma-yon joylashgani viloyatga katta imkoniyatlar berishi, ayni vaqtda alohida masʼuliyat ham yuklashiga eʼtibor qaratdi.

Shuni aytish joizki, viloyatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni sotish uchun Toshkent shahri ulkan, har tomonlama qulay bozor hisoblanadi. Bu haqda soʻz yuritganda, avvalo poytaxtimiz aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash borasida viloyat mehnatkashlari katta hissa qoʻshayotganini taʼkidlash zarur.

Birgina oʻtgan 2015-yili viloyatda 2 million tonnadan ortiq sabzavot, 400 ming tonna kartoshka, 200 ming tonnadan ziyod meva, qariyb 170 ming tonna uzum yetishtirildi. Oʻz-oʻzidan ravshanki, bu raqamlar xalqimizni oziq-ovqat bilan taʼminlashda, bozorlarimizda narx-navo barqarorligini saqlashda Toshkent viloyatining naqadar beqiyos oʻrin tutayotganidan dalolat beradi.

Viloyatda soʻnggi uch yilda 74 ming gektar yerning meliorativ holati yaxshilandi, 4 ming 500 gektar maydonda intensiv bogʻlar barpo etildi, dehqonchilikka yangi texnika va texnologiyalar, serhosil ekin navlari izchil joriy etilmoqda.

Fursatdan foydalanib, viloyatning dehqon va fermerlariga, barcha mehnatchilariga oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildirib, bu yil ham hosilingiz moʻl boʻlsin, omadingizni bersin, deb ezgu tilaklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz, dedi davlatimiz rahbari.

Majlisda bugungi kunda Toshkent viloyatida qishloq xoʻjaligi rivojini yangi bosqichga koʻtarish, paxta maydonlari hajmini kamaytirish hisobidan oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni yanada koʻpaytirish, fermer xoʻjaliklarini optimallashtirish, qayta ishlash sohasidagi mavjud rezervlarni ishga solish muhim vazifa boʻlib turganiga urgʻu berildi.

Ayni shu borada, umuman, ichki va tashqi bozorimizda talab kuchli boʻlgan mahsulotlarni yuqori qoʻshimcha qiymat bilan ishlab chiqarishda Toshkent viloyatining oʻrni va roli, kerak boʻlsa, masʼuliyati katta ekanini, oʻylaymanki, hammamiz yaxshi tushunamiz, dedi Yurtboshimiz.

Hozirgi kunda bu sohada eʼtiborga molik ishlar qilinmoqda va buning tasdigʻini koʻpgina misollarda koʻrishimiz mumkin. Masalan, Angren maxsus industrial zonasida xalqaro standartlarga toʻla javob beradigan mis quvurlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Yuqori qoʻshimcha qiymatga ega boʻlgan 52 turdagi ana shu mahsulotlar jahonning koʻplab davlatlariga eksport qilinayotganini alohida qayd etish lozim.

Bundan tashqari, bu yerda qiymati 214 million dollar boʻlgan, engil avtomobillar va qishloq xoʻjaligi texnikalari uchun yiliga 3 million 200 ming dona shina va 100 ming pogon metr konveyer lentasi ishlab chiqarish boʻyicha yana bir yirik loyiha ustida ish olib borilmoqda. Bu loyihani amalga oshirish natijasida mamlakatimizga chetdan olib kelinayotgan 200 million dollarlik mahsulotni oʻzimizda ishlab chiqarish va shu tariqa katta valyuta mablagʻlarini tejash imkoniga ega boʻlamiz.

Sessiyada bunday yutuqlar eʼtirof etilgani holda, koʻpgina soha va tarmoqlarda, jumladan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasida olib borilayotgan ishlar qoniqarli emasligi tanqid qilindi. Buning tasdigʻini viloyatda yetishtirilayotgan meva-sabzavotning faqatgina 24 foizi, goʻshtning 27 foizi, sutning esa 20 foizi qayta ishlanayotgani misolida koʻrish mumkin.

Eng achinarlisi, meva-sabzavot mahsulotlarining 46 foizi, goʻsht mahsulotlarining 39 foizi, sut mahsulotlarining 18 foizi birlamchi qayta ishlash darajasida sotilayotgani tufayli katta miqdorda qoʻshimcha daromad olish imkoniyatini boy bermoqdamiz, dedi Islom Karimov. Holbuki, yarim fabrikat holida sotiladigan mana shu mahsulotlarni qoʻshimcha qayta ishlash hisobidan oladigan daromadlarimizni 2-3 karra koʻpaytirish imkoniyati mavjud.

Buning uchun nima kerak? Avvalo, taraqqiy topgan davlatlardan eng zamonaviy texnologiyalarni olib kelib, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, chiqarayotgan tayyor mahsulotlarimizning sifati va raqobatdoshligini oshirish kerak. Bularning barchasi bugungi kunda eng muhim va dolzarb vazifalarimiz qatoridan oʻrin olishi zarur.

Majlisda bu masala boʻyicha quyidagi vazifalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Takror aytishga toʻgʻri keladi: ayni mana shunday katta imkoniyatlarni ishga solish, eksportni, valyuta hajmini koʻpaytirish, buning uchun birinchi navbatda tashabbus va yana bir bor tashabbus koʻrsatishimiz, tadbirkorlik va izlanuvchanlik bilan yashashimiz shart, dedi Yurtboshimiz. Bu masala avvalo barcha rahbar va mutasaddilarga daxldor ekanini yaxshi anglab olishimiz darkor.

Chindan ham, bugungi kunda jahon bozorlarida raqobat tobora kuchayib, shafqatsiz tus olayotgan bir paytda faqat gʻalla va paxta hisobidan rivojlanib boʻlmaydi va bunday kaltabinlik bilan, uzoqni koʻrmasdan yashashga bizning mutlaqo haqqimiz yoʻq.

Faqat xomashyo ishlab chiqarish va uni bozorda suvtekin narxda boshqalarga sotish bilan yuradigan boʻlsak, oʻzgalar esa bu xomashyoni qayta ishlash hisobidan uning yogʻini, qaymogʻini oladigan boʻlsa, bunday yoʻl faqatgina mustamlakaga aylangan davlatlarning qismati boʻlganini yaxshi bilamiz.

Biz ham bir vaqtlar shunday taqdirni boshimizdan kechirganimiz, faqat paxta xomashyosi yetishtirishni, yaʼni, eng ogʻir mehnatni bizning boʻynimizga yuklab, paxtadan olinadigan tayyor mahsulotning foydasini esa boshqalar koʻrganini esingizga solishni oʻrinli, deb bilaman, dedi Islom Karimov.

Eski tuzumdan qolgan bunday ogʻir muammolarni hal qilishning yoʻli bitta: “olma pish, ogʻzimga tush” degan qarashlardan butunlay voz kechishimiz zarur. Buni zamonning oʻzi bugun bizga uqtiryapti. Sodda qilib aytganda, dunyoqarashimizni, ishga, hayotga munosabatimizni tubdan oʻzgartirishimiz lozim.

Bugungi kunda Oʻzbekistonimizni dunyodagi rivojlangan, erkin va farovon yashayotgan davlatlar qatoriga olib chiqish uchun barcha imkoniyatlarga egamiz. Yurtimiz qanday rang-barang boyliklarga ega boʻlsa – bu mineral xomashyolar boʻladimi, tabiiy resurslar boʻladimi, iqtisodiy va insoniy salohiyat boʻladimi – bularning hammasi Toshkent viloyatida mujassam ekanini yaqqol koʻrish mumkin. Bu zamin shunday bebaho boyliklarga egaki, baʼzan oʻzimiz ham buning qadriga yetmay qolyapmiz, desak, bu ham haqiqatdan uzoq gap emas, dedi Prezidentimiz.

Oʻzingiz ayting, eng unumdor yer, eng koʻp suv manbalari qayerda? Shu yerda, Toshkent vohasida emasmi? Bu viloyat yer maydonlarining ball boniteti eng yuqori boʻlgan hududlarimizdan biri boʻlib, suv resurslarining yetarli ekani, shoʻrlangan yerlarning deyarli yoʻqligini koʻrib, aytish kerakki, boshqalar bizlarga havas qiladi, dedi davlatimiz rahbari.

Bundan tashqari, logistika, zamonaviy kommunikatsiya tarmoqlari deysizmi, havo transporti, avtomobil va temir yoʻl tizimlari deysizmi, infratuzilma obektlari deysizmi – bularning barchasi Toshkent viloyatida mavjud.

Hech shubhasiz, bunday noyob imkoniyatlar haqida gapirganda, viloyatda eng katta boylik, bizga berilgan eng katta neʼmat – bu zaminning unumdor yeri, desak, oʻylaymanki, haqiqatni aytgan boʻlamiz. Aynan shuning uchun ham barchamizni boqadigan yer bilan tillashish, uni asrab-avaylash, eʼzozlash, xalqimiz oʻrtasida keng tarqalgan “Sen yerni boqsang, yer seni boqadi” degan hikmatni hech qachon esimizdan chiqarmasligimizni istardim, deb taʼkidladi Yurtboshimiz.

Ming afsuski, tahlillar shuni koʻrsatmoqda – viloyatda soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish rejalari qoʻpol ravishda buzilib, 2 ming 500 gektar sugʻoriladigan maydonlarga boshqa ekinlar ekilgan. Bunday holatlar Bekobod, Yangiyoʻl, Qibray, Boʻstonliq va Chinoz tumanlarida muntazam ravishda takrorlanib kelgan.

Davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyat va sharoitlarga qaramasdan, oʻtgan yili Toshkent viloyatida paxtachilik boʻyicha 97 ta, gʻallachilik boʻyicha esa 149 ta fermer xoʻjaligi shartnoma majburiyatini bajarmagan. Ishga ana shunday masʼuliyatsiz yondashuv tufayli Boʻka va Bekobod tumanlarining har birida 1 milliard 200 million soʻm, Oqqoʻrgʻon va Oʻrtachirchiq tumanlarida esa 500 million soʻmdan zarar koʻrilgani ayniqsa achinarlidir.

Bu nimaning isboti? Bunday misollar viloyatda yer maydonlari, afsuski, hanuzgacha haqiqiy egasini topmaganidan dalolat beradi.

Toshkent viloyatida aholi zich joylashgan boʻlib, yangi ish oʻrinlariga talab yuqori boʻlsa-da, paxtachilik va gʻallachilik yoʻnalishida mingdan ortiq fermer xoʻjaligiga 100-120 gektarlab yer ajratib berilgan. Shuning uchun bu masalada tartib va adolat oʻrnatish maqsadida koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida hozirgi vaqtda fermer xoʻjaliklarining yer maydonlari optimallashtirilib, 3 ming 146 ta yangi fermer xoʻjaligi va 27 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari tashkil etildi.

Biz bugun iqtisodiyot sohasida qoʻlga kiritgan yutuqlar bilan birga, koʻzga yaqqol tashlanayotgan kamchilik va muammolarga ham toʻxtaldik, deb fikrini davom ettirdi Prezidentimiz. Ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlar boʻyicha ham – bu transport, kommunal va maishiy xizmat sifatini oshirish boʻladimi, tibbiyot sohasi boʻladimi, aholini ish bilan taʼminlash, uning kundalik ehtiyoj va talablarini qondirish boʻladimi, uy-joy fondidan oqilona foydalanish boʻladimi – bunday misollarni koʻplab olib kelish mumkin.

Shular qatorida bizda eng katta tashvish va xavotir uygʻotadigan masala – bu viloyatda ishni bugun zamon talab qilayotgan darajada tashkil qilishda, faollar va jamoatchilik bilan bamaslahat ish olib borishda yoʻl qoʻyilayotgan jiddiy xato va kamchiliklar, eng achinarlisi, ayrim rahbarlar tomonidan oʻz mansab vakolatini suiisteʼmol qilish holatlaridir.

Men bir fikrni koʻp marta aytganman va uni bugun ham takrorlashga majburman: qayerdaki rahbarlar oʻz zimmasidagi masʼuliyatni unutsa, qayerdaki ishlar oʻz holiga tashlab qoʻyilsa, oʻsha yerda ish orqaga ketadi, bundan qancha-qancha odamlar zarar koʻradi, eng yomoni, aholining joylardagi hokimiyat idoralariga ishonchi yoʻqoladi, dedi Islom Karimov.

Har bir rahbar – u qaysi vazifada ishlashi, qaysi boʻgʻinni boshqarishidan qatʼi nazar, avvalambor oʻzining manfaati bilan emas, odamlarning dardu tashvishlari bilan yashashi, ularni qiynayotgan muammolarni yechish haqida chuqurroq oʻylashi, uzoqroqni koʻrishi va jamoatchilikni oʻz ortidan ergashtirish uchun ularning ishonchini qozonishi kerak.

Buning uchun rahbar viloyatda mavjud boʻlgan, oʻzining yechimini kutib turgan koʻpgina muammolarni, oʻzi boshqarayotgan hudud aholisining oʻziga xos va oʻziga mos dardu tashvishlarini chuqur oʻrganishi, ularni hal etish uchun faollar va jamoatchilikni, butun aholini safarbar etib, ularni boshqarib, ular bilan til topishib ishlashi zarur.

Bu yoʻlda butun borligʻini, bor bilim va tajribasini ishga solishi, masʼuliyatni oʻz zimmasiga olib, boshqalarga oʻrnak boʻlishi lozim. Ayni shunday munosabatni, ishni aynan shunday tashkil etishni hududga yangi rahbar etib tayinlangan shaxsdan odamlar kutishi tabiiy, desam, oʻylaymanki, hammangiz bu fikrga qoʻshilasiz, dedi Prezidentimiz.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, bugungi sessiya kun tartibiga qoʻyilgan tashkiliy masalaning asosiy maqsad-mazmuni ham ayni shu muammoga qaratilganini tushunish qiyin emas, deb fikrini davom ettirdi davlatimiz rahbari. Yaʼni, soʻz Toshkent viloyatining hokimi boʻlib ishlab kelayotgan A.Usmonovning faoliyati va masʼuliyati haqida bormoqda.

Hammangizga maʼlum, 2013-yilda barchamiz katta ishonch bildirib, Toshkent viloyati hokimi vazifasiga A.Usmonovni tasdiqlagan edik.

Bu shaxsni tanlash va bu yuksak lavozimga tayinlashda avvalambor uning oldingi ish faoliyati, koʻpgina masʼuliyatli vazifalarda xizmat qilgani, birinchi navbatda, Andijon viloyatida koʻp yil birinchi rahbar boʻlib ishlagan davrida – bu ham haqiqat – ushbu viloyatni rivojlantirishda, viloyat ahlining katta yutuq va marralarni qoʻlga kiritishida ancha tajriba orttirib, oʻzi ham bunga hissa qoʻshgani inobatga olingan edi.

U Andijon viloyatida rahbarlik qilgan paytda ishni tashkil qilishda – albatta, har qaysi hududning oʻziga yarasha qiyinchilik va muammolari bor – bu yerda koʻpgina masalalarni yechish uchun zamin tugʻdirilgan edi. Qurilish va obodonchilik sohasi boʻladimi, qishloq xoʻjaligini boshqarish, fermerlik harakatini rivojlantirish boʻladimi, Andijon viloyati mamlakatimizda koʻzga koʻringan oʻrinni egallagani hech kimga sir emas. Buning negizida avvalo mard va matonatli Andijon xalqining mehnati mujassam ekanini hammamiz yaxshi bilamiz, dedi Islom Karimov.

Aytish kerakki, Toshkent viloyatida ish boshlagach, dastlabki paytda A.Usmonovning faoliyatida viloyat oldida turgan vazifalarni amalga oshirish, mavjud muammolarni hal etish uchun birmuncha harakatlar koʻzga tashlandi. Lekin, ming afsuski, hayot shunday murakkab bir holatlarni oldimizga qoʻyadi. Yaʼni, odamning, yuqori lavozimga tavsiya etilayotgan shaxslarning ichki dunyosini, ularning asl insoniy fazilatlarga ega boʻlishini aniqlash oʻta ogʻir va murakkab vazifa, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Bunday shaxslarning iymoni naqadar butun, irodasi nechogʻliq baquvvatligi asosan ular amalga oʻtirganidan keyin bilinib qolishini, bunday sinovda ular baribir oʻzini yoʻqotib qoʻyishini hayotning oʻzi tasdiqlab beradi. Va bunday shaxslarning oyogʻi yerdan uzilishi, gerdayib ketishi shu darajaga yetib boradiki, ular uchun goʻyo amal – lavozim oʻziga umrbod meros qilib berilganidek boʻlib tuyuladi.

Mana, bugun bu achchiq haqiqatning tasdigʻini A.Usmonov misolida koʻrib turibmiz, deb taʼkidladi Prezidentimiz.

Vaqt oʻtishi bilan bu insonning ishga qarashi va odamlarga munosabatida manmanlik, oʻziga bino qoʻyish, yon-atrofdagilardan oʻzini yuqori tutish, qoʻpollik, qoʻl ostida ishlayotganlarni mensimaslik, ularning fikri bilan hisoblashmaslik kabi holatlar “ish uslubi”ga aylanib qoldi. Eng yomoni, bunday munosabatlar birinchi rahbar bilan viloyat faollari oʻrtasida katta jardek tushunmovchilik paydo boʻlishiga olib keldi.

Oʻzingiz ayting, viloyat rahbari tomonidan oʻzi bilan birga ishlaydigan yetakchi va mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlash, ruhini koʻtarish oʻrniga, ularning shaxsiga tegish, koʻnglini choʻktirish oʻzaro hurmatga olib kelishi mumkinmi, dedi Yurtboshimiz.

Shu borada bir haqiqatni yana bir bor aytishga toʻgʻri keladi: oddiy odamlarimiz, xalqimiz hamma narsani kuzatib turadi, yon-atrofida yuz berayotgan voqealardan xabardor boʻlib, har qanday rahbarning ham ishiga albatta oʻz bahosini berishi muqarrar. Agarki kimdir xomxayolda yurib, boshqacha fikrlaydigan boʻlsa, katta xatoga yoʻl qoʻyadi. Shunday oʻylaydigan odam vaqti kelganida cheksiz nadomat va pushaymonlikda qolishi turgan gap.

A.Usmonovning ish faoliyatidagi nomaqbul xususiyatlar haqida, oʻz masʼuliyatini oshirishi zarurligi haqida unga koʻp bor aytilib, suhbatlar oʻtkazilgan boʻlsa-da, lekin oyogʻi yerdan uzilib qolgani uchun bu gaplardan u tegishli xulosa chiqarib olmadi va bu oʻz navbatida uning viloyat faollari va jamoatchiligi oʻrtasida obroʻ-eʼtiborini yoʻqotishiga olib keldi.

Tabiiyki, bunday holat viloyatda ishni tashkil qilishda jiddiy xatolarga sabab boʻldi.

Sessiyada A.Usmonov kadrlarni tanlash va lavozimga qoʻyishda gʻarazli maqsad bilan ish koʻrib, asosan oʻziga shaxsiy sadoqatda boʻlgan, lekin zarur bilim va tajribaga, maʼnaviy fazilatlarga ega boʻlmagan shaxslarni turli rahbarlik vazifalariga tayinlagani, Toshkent viloyatining oʻzida yuqori malakali kadrlar yetarli boʻlishiga qaramasdan, baʼzi bir lavozimlarga oʻzining tanish-bilishlarini olib kelish uning odatiga aylanib qolgani qayd etib oʻtildi.

Masalan, Toshkent viloyati hokimligining axborot-tahlil boʻlimi boshligʻi lavozimiga A.Hamdamov, viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi vazifasiga B.Qorayev tayinlangan. Shuningdek, u viloyat hokimligining ishlar boshqaruvchisi vazifasiga, kapital qurilish va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha kotibiyat mudiri lavozimiga, huquq-tartibot, safarbarlik va favqulodda holatlar boʻyicha tuzilmalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi guruh boshligʻi vazifasiga, “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasining bosh muhandisi lavozimiga oʻziga yaqin odamlarni ishga qoʻygan.

Oʻz shaxsiy manfaatini koʻzlaydigan bu shaxslar amaldagi qonunchilikni buzib, mansabni suiisteʼmol qilish bilan bogʻliq turli jinoyatlarni sodir etishgan. Oʻz vaqtida koʻrilgan choralar tufayli ularning ayrimlari (A.Temirov, A.Sattorov, O.Mahmudov) jinoiy javobgarlikka tortilgan, ayrimlari (A.Erjigitov, A.Hamdamov, B.Qorayev, S.Samadov) ishdan boʻshatilgan.

A.Usmonovning yaqin hamtovoqlari boʻlgan bir guruh shaxslar, jumladan, viloyat hokimining yordamchisi A.Umarov, viloyat hokimligining sobiq ishlar boshqaruvchisi M.Ikromov, viloyat “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi bosh muhandisi SH.Xoʻjamqulov, “Rubber trast shoss” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari A.Ismoilov poraxoʻrlikda ayblanib, ularga nisbatan prokuratura organlari tomonidan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan.

Majlisda A.Usmonovning bunday rahbarlik “uslubi” viloyatni boshqarishda koʻpgina yangi-yangi muammolarni tugʻdirib, viloyat oldida turgan muhim vazifalarning bajarilmay qolishiga, eng yomoni, viloyat faollari oʻrtasida qarama-qarshilik, nizo va ziddiyatlar paydo boʻlishiga, muhitning buzilishiga olib kelgani taʼkidlandi.

Prezidentimiz rahbarning bugungi kundagi oʻrni va masʼuliyati, rahbarlik insondan qanday fazilat va xususiyatlarni talab qilishi haqida atroflicha toʻxtalib, jumladan, quyidagilarni bayon etdi.

Qanday ogʻir boʻlmasin, bu gaplarni aytishdan maqsad shuki, siz, hurmatli deputatlar va faollar bilan oʻrtamizda hech qanday sir boʻlmasligi, haqiqatni ochiq aytishimiz kerak, dedi Yurtboshimiz. Nega deganda, eng katta kuch – bu haqiqatdir. Haqiqatga suyangan odam hech qachon pushaymon boʻlmaydi.

Bugun biz rahbarlik, yetakchilik vazifasi naqadar masʼuliyatli ekaniga, bunga har kimning ham qurbi yetmasligiga, bu ish insondan avvalambor mustahkam iroda va iymon-eʼtiqod talab qilishiga yana bir bor guvoh boʻlmoqdamiz.

Shu oʻrinda ilgari ham aytgan bir fikrimni takrorlashni zarur deb bilaman: rahbarga lavozimni, obroʻni el-yurt beradi, lekin unga ishonib topshirilgan lavozimni uning oʻzi yoʻqotadi. Bu oddiy, shu bilan birga, har bir rahbar uchun oliy haqiqatdir, dedi davlatimiz rahbari.

Sessiyada tashkiliy masala koʻrildi. A.Usmonov Toshkent viloyati hokimi vazifasidan ozod qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tavsiyasiga koʻra, Zangiota tumani hokimi vazifasida ishlab kelayotgan Sodiq Abdullayev Toshkent viloyati hokimi etib tasdiqlandi.

Toshkent viloyati poytaxt viloyat sifatida doimo mamlakatimizning eng yetakchi, salohiyati ulkan viloyati, taʼbir joiz boʻlsa, tayanch togʻlaridan biri boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi.

Ishonchim komil, hayot sinovlarida toblangan, mehnatkash, mard va olijanob Toshkent vohasi ahli yangi rahbar atrofida jipslashib, viloyat oldida turgan katta vazifalarni hal etishda har tomonlama oʻzini koʻrsatadi va ezgu maqsadlariga albatta yetadi, dedi Prezidentimiz oʻz nutqining yakunida.

Asosiy mavzular