12:27 17 Noyabr 2019
Efir
  • RUB148.82
  • EUR10455.03
  • USD9490.77
Direktor Gosudarstvennogo testovogo tsenta Majid Karimov

Test sinovlarida asosiy oʻzgarishlar nimadan iborat boʻladi - DTM direktori javobi

© Xalq soʻzi
Jamiyat
Havola olish
465042

2019-2020 oʻquv yili uchun oʻtkaziladigan test sinovlarida asosiy yangiliklar nimadan iborat boʻlishi haqidagi savollarga DTM direktori Majid Karimov javob berdi.

TOSHKENT, 25 fev – Sputnik. Bu yil Oʻzbekistonda test sinovlari yangicha tartibda boʻlib oʻtadi. Test sinovlarini takomillashtirish haqidagi qonun loyihasi bir necha kun oldin eʼlon qilingan edi. 

Davlat test markazi direktori Majid Karimov “Xalq soʻzi” nashriga 2019-2020 oʻquv yilidan boshlab ushbu oʻzgarishlarning qaysi biri qoʻllanilishi haqida soʻzlab berdi. Eng asosiy va koʻp savollar tugʻdirayotgan oʻzgarishlar quyidagilar boʻldi.

Hujjat topshirish pulli boʻladimi?

Joriy yilda maktab, litsey yoki kollejni bitirganlar uchun test sinovlari bepul boʻladi.

Bu yil ikkinchi, uchinchi yo undan koʻp marotaba hujjat topshirayotganlar eng kam ish haqqining bir baravari miqdorida (202730 soʻm) toʻlov toʻlanadi.

Nega toʻlov qilinyapti?

Test sinovlarini sifatli oʻtkazish va shu bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash maqsadida. Ushbu mablagʻlar test boʻlib oʻtadigan binolarning ijara toʻlovi, konditsionerlar, shaxsni aniqlash va kuzatuv zamonaviy kameralari, ota-onalar kuzatuvi uchun monitorlar, abituriyentlarni ichimlik suvi va ruchka bilan taʼminlashga sarflanadi.

Test sinovlarida 1,2-1,3 mln abituriyent ishtirok etsa, shundan 700 mingi yangi bitiruvchilar boʻladi.

Nechta oliygohga hujjat topshirish mumkin boʻladi?

Abituriyentlar bir vaqtning oʻzida, parallel ravishda uchta oliygohga hujjat topshirishi mumki boʻladi. Uchta oliygoh tanlagan “eski abituriyentlar” ham test sinovlari uchun faqat bir marotaba toʻlov amalga oshiradi.

Hujjat topshirish va toʻlov tartibi

Endi har bir abituriyent oʻz hududidagi Davlat xizmatlari agentligi orqali hujjat topshiradi. Agentlik hujjatlar qabul qilib olishda qoʻshimcha toʻlov talab qiladi. Hozircha bu summa taxminan 10-20 ming soʻm atrofida boʻlishi mumkinligi aytildi.

Testlarda 5ta fandan imtihon topshiriladimi?

Bu masala loyiha koʻrinishida turibdi va joriy yilda emas, keyingi oʻquv yili uchun oʻtkaziladigan test sinovlarida qoʻllaniladi.

Texnik yoki matematikka ona tili yoki sohaga oid boʻlmagan fanlar nega kerak? 

DTM mutasaddilariga koʻra, bunday talablar birinchi navbatda davlat granti asosida oʻqish istagida boʻlganlar uchun. Yaʼni davlat ajratgan grantga ilinish istagida boʻlgan har qanday abituriyent ona tilini va sohasiga bevosita aloqador boʻlmasa-da, maktabda oʻtiladigan fanlardan xabardor boʻlishi lozim.

Abituriyentning ballari endi uch yilgacha “kuymaydi“

Endilikda abituriyentga test sinovida toʻplagan ballari haqida sertifikat beriladi. Bu 3 yilga qadar amal qiladi. Kelgusi yillarda mazkur ball kirish uchun yetarli boʻlgan taqdirda u talaba boʻlish imkoniyatiga ega boʻladi. Bunda 3 yil ichida EKIHni qayta toʻlash ham shart boʻlmaydi.

Test sinovidagi savollarda boʻlayotgan oʻzgarishlar

Joriy yildan boshlab Tarix fanidan atlas va kontur xaritalar boʻyicha savollar qoʻshiladi. Bu borada nega kech eʼlon qilinyapti, degan savolga DTM mutasaddilari “bularning barchasi darsliklar bor boʻlgan maʼlumotlar asosida tuzilganini bildirdi. Yaʼni yaxshi oʻquvchi maktab darsligida tarixdan atlas va kontur xarita haqida maʼlumoti boʻlishi kerak. Bu DTMning test dasturida avvaldan boʻlgan, shu paytgacha texnik imkoniyatlar yetarli boʻlmagani, chop etishdagi imkoniyatning cheklangani uchun bunday savollar kiritilmagan.

CEFR imtihonini qachon topshiramiz?

Eng koʻp savol aynan shu mavzuda boʻlmoqda. DTM vakillarining maʼlum qilishicha, ayni vaqtda xorijiy tajriba asosida bu kabi imtihonlarni olishda yagona tartib ishlab chiqilgan va Vazirlar Mahkamasiga qaror loyihasi taqdim etilgan. Qaror loyihasi kechikayotganligi sababli CEFR imtihoni uchun roʻyxatga olish toʻxtab turibdi. Qaror tez orada chiqadi va bu roʻyxatga olish boshlanib ketadi.

Imtihonlar qanchalik shaffof oʻtadi?

Imtihonlar oʻtadigan xonalar toʻliq translyatsiya qilinadi. DTM vakillarining aytishicha, oʻtgan yilgi Samarqandda va boshqa hududlarda kuzatilgan texnik nosozliklar bu yil qaytarilmasligi uchun imkon qadar harakat qilinadi. Har bir ota-ona oʻz farzandini qanday imtihon topshirayotganini kuzatish imkoniyatiga ega boʻladi.

Savollarni kim tuzadi?

Savollar xalq taʼlimi vazirligi va tegishli vazirlik tomonidan saralab olingan komissiya tomonidan tuziladi. Tayyor boʻlgach ham bir necha marotaba qayta qayta ekspertizadan oʻtkaziladi. Maktab dasturidan chetga chiqqan savollar boʻlmaydi.

Asosiy mavzular