20:42 08 Aprel 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Jamiyat
Havola olish
501 0 0

Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi yigirmadan ortiq ayollarning dardlari, arzlari va shikoyatlarini eshitib, ularning huquqlarini taʼminlash, koʻmak berish boʻyicha hamkorlikda amaliy ishlarni olib bordi.

TOSHKENT, 8 avg – Sputnik. Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Elmira Bositxonova Nukusda namoyish oʻtkazgan ayollarning muammolarini oʻrgandi va mutasaddilarga tegishli vazifalarni topshirdi.

Qoʻmita xabariga koʻra, voqeani oʻrganish jarayonida shikoyatchi Tileoʻbiyke Uldasheva ijtimoiy-maishiy muammolari anchadan buyon hal etilmayotganini aytib, yordam soʻragan. Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi ishtirokida hudud rahbarlari bilan oʻtkazilgan suhbatda uning uy-joy masalasidagi shikoyati yuzasidan Nukus shahar hokimi P. Tureshevga arizachiga joylashtirilgan uyida yashashi uchun order berish vazifasi topshirilgan.

T. Uldashevani ish bilan taʼminlash va farzandini musiqa maktabiga joylash masalalari boʻyicha esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri D. Xodjiyevga uni tibbiyot birlashmasiga farrosh sifatida ishga qabul qilish, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Nukus shahar kengashi raisi v.v.b P. Qazakbayevga uning farzandini musiqa maktabiga joylashtirish topshirigʻi berildi.

Arizachining tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻymoqchi ekani va shu maqsadda oʻzini boʻsh bino bilan taʼminlash borasida yordam koʻrsatishlari toʻgʻrisidagi iltimosiga yechim topish vazifasi Nukus shahar Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi G. Abibullayevaga topshirildi.

Fuqarolar P. Begjanova hamda G. Qoshanova oʻz muammolari Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi hududga kelguniga qadar masʼullar tomonidan hal etilganini bildirib, tegishli mutasaddilarga minnatdorlik izhor qildilar.

Shu kuni Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Elmira Bositxonova yana yigirma nafarga yaqin ayollarning dardlari, arzlari va shikoyatlarini eshitib, ularning huquqlarini taʼminlash, koʻmak berish boʻyicha hamkorlikda amaliy ishlarni olib bordi.

Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi mazkur topshiriqlarning ijrosini kuzatib boradi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Elmira Bositxonova Feysbuk ijtimoiy tarmogʻida 1 avgust kuni Nukus shahrida yuz bergan voqea haqida eʼlon qilingan xabardagi maʼlumotlar haqiqatga nechogʻli mos kelishi va bu ayollarning huquqlarini muhofaza etish, muammolariga hududdagi rahbarlar bilan birgalikda yechim izlash maqsadida 7 avgust kuni Qoraqalpogʻistonga yoʻl olgani xabar qilingan edi.

Asosiy mavzular