22:42 21 Oktyabr 2019
Efir
  • RUB147.25
  • EUR10438.58
  • USD9455.24
Rasul Kusherbayev, deputat

Deputatlar bir qator muhim vakolatlaridan mahrum boʻldi – Kusherbayev

© Sputnik / Dilshoda Raxmatova.
Jamiyat
Havola olish
52401

Yangi qonun kuchga kirishi bilan Oliy Majlis deputatlari bir qator huquq va vakolatlaridan mahrum boʻldilar.

TOSHKENT, 11 sen – Sputnik. Deputatlar bir qator muhim huquqlaridan mahrum boʻldilar, deb xabar qildi oʻz telegram kanalida OʻzLiDep partiyasining Oliy majlis qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev.

Kusherbayev aytishisha qaraganda, deputatlar huquqlari  1995 yilda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida deputatlarning maqomi toʻgʻrisida”gi qonuni oʻz kuchini yoʻqotishi munosabati bilan cheklangan.

"Mazkur qonunda deputat faoliyatiga oid boshqa qonunlarda mavjud boʻlmagan va amaliyotda gʻoyatda muhim hisoblangan bir qator huquq va vakolatlar mavjud edi", - deydi deputat. 

Quyida ushbu Rasul Kusherbayevning ushbu mavzuda aytilgan fikr va mulohazalarini toʻlaligicha keltiramiz.

Xususan, bekor qilingan qonunning 13-moddasiga koʻra, deputatlar sessiyada ogʻzaki bildirgan yoki sessiyada raislik qiluvchiga yozma ravishda bergan taklif va mulohazalar hokimiyat vakillik organi, uning qoʻmitalari yoki komissiyalari tomonidan koʻrib chiqilishi yoxud koʻrib chiqish uchun tegishli davlat organlari, jamoat birlashmalarining organlari va mansabdor shaxslarga yuborilishi belgilangan edi.

Deputat saylov okrugida oʻz vakolatlarini amalga oshirish uchun tegishli hokimiyat vakillik organi nazorati ostidagi tashkilotlarda oʻz saylov okrugidagi fuqarolarning muhim manfaatlariga taalluqli boʻlgan har qanday masala koʻrib chiqilishi chogʻida ishtirok etishi mumkinligi kafolatlangan edi.

Endilikda deputatda har qanday masala emas balki hokimlik, idora va tashkilot ruxsat bergan masalalardagina ishtirok etishi mumkinligi xavfi paydo boʻldi. Bu ham deputat uchun adolatni tiklash va amalga oshirishda katta yoʻqotish, deyish mumkin.

Deputat fuqarolar murojaatlarini koʻrib chiqishda oʻzi yuborgan taklif, ariza va shikoyatlar tegishli hokimiyat organi hududida joylashgan davlat organlarida, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda koʻrib chiqilishini nazorat qilishga va ularning koʻrib chiqilishida shaxsan ishtirok etishga haqli edi. Endilikda deputat “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablari asosida umumiy tartibda murojaatlari koʻrib chiqilishida ishtirok etishi mumkin.

Eng katta yoʻqotish bu deputatning quyi Kengashlar ishida qatnashishidan mahrum etilgani boʻldi.

Masalan, Oliy Majlis deputati zarur hollarda Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari majlislarida maslahat ovozi bilan ishtirok etib, deputatlarning barcha vakillik boʻgʻinida hamkorligini taʼminlash, sessiya davomida oʻz taklif va fikrlarini bildirishi mumkin edi.

Bu ayniqsa, Oliy Majlis deputatlarining quyi Kengashlar tomonidan koʻrib chiqilayotgan masalalarning amaldagi normativ huquqiy hujjatlarga mos va muvofiqligini koʻrib chiqish masalan, qonunlarga zid holda “snos” qilish, fermerlarning yerlarini olib qoʻyish, hokimliklar hisobotini tinglashda alohida ahamiyat kasb etardi. Afsuski mazkur huquqning yoʻqolishi qonunan Oliy Majlis deputatlariga quyi Kengashlarning eshigi yopilishiga olib keldi.

Shuningdek, qonunning 23-moddasiga asosan deputat murojaatlarini koʻrib chiqish yuzasidan mansabdor shaxslarga majburiyatlar yuklatilgan boʻlib, unda barcha davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va jamoat birlashmalariga, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga, mansabdor shaxslar deputatlarning gʻoyat muhim masalalar, shu jumladan, tegishli organning qaror qabul qilishi, qabul qilgan qarorini oʻzgartirishi yoki bekor qilishi zarurligi toʻgʻrisidagi murojaatlari koʻrib chiqilishi shart edi. Murojaat koʻrib chiqiladigan kun toʻgʻrisida deputatni oldindan xabardor qilishi kerak boʻlgan. Bu shakldagi huquq bilan ham hayrlashildi.

Shu bilan birga deputatlar hokimliklar, korxonalarning, tashkilotlarning, ilmiy, yuridik muassasalarning, oʻquv yurtlarining maʼmuriyati, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan uning deputatlik faoliyatida yuzaga keladigan huquqiy masalalarda yordam olish huquqidan ham mahrum boʻldilar.

Eslatib oʻtamiz deputat faoliyatining kafolatlariga oid amaldagi asosiy Qonunlar “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi hamda “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Qonunlardan iborat.

Bu oʻzgarishlar deputatlar faol ishlashi uchun toʻsiq boʻlmasligiga qattiq umid qilaman.

Asosiy mavzular