22:08 12 Noyabr 2019
Efir
  • RUB148.82
  • EUR10455.03
  • USD9490.77
Gosti na uzbekskoy svadbe

Toʻy va marosimlarni tartibga solish toʻgʻrisidagi nizom eʼlon qilindi

© Sputnik / Dmitriy Matveyev
Jamiyat
Havola olish
1058 0 0

Oʻzbekistonda 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishi qatʼiy tartibga solinadi.

TOSHKENT, 5 okt - Sputnik. Oliy Majlis Senati “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish toʻgʻrisidagi nizom”ni eʼlon qildi.

Taʼkidlanishicha, toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solishda ijtimoiy adolat va qonuniylik, milliy urf-odat va qadriyatlarga sodiqlik, boshqa din va millat vakillarining urf-odatlarini hurmat qilish hamda jamoatchilik fikrini inobatga olish tamoyillariga rioya etiladi.

Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar faqat bir kun (dafn etish marosimi bundan mustasno) soat 06:00 va 23:00 oraligʻida oʻtkaziladi.

Hududlarning sharoitlaridan kelib chiqib, xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan osh berish marosimining vaqti alohida belgilanadi.

Soat 23:00 dan keyin toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni davom ettirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashadi.

Qoʻshaloq toʻylarda 250 nafargacha, u bilan bogʻliq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi qatnashishi mumkin.

Dafn etish va motam marosimlari koʻpi bilan uch kun mobaynida cheklanmagan miqdordagi fuqarolar ishtirokida oʻtkazilishi mumkin, osh berish marosimi bundan mustasno.

Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni oʻtkazishda:

toʻy oʻtkazuvchi shaxslar toʻydan kamida bir hafta oldin yashash joyidagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini xabardor qilishi;

nikohni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, kelin-kuyovning toʻyxonaga kelishi va ketishi bilan bogʻliq oilaviy tadbirlarda 3 tadan koʻp boʻlgan yengil avtomashinadan yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa transport vositalaridan foydalanmaslik;

toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarda pulli avtotransport xizmati litsenziyaga ega boʻlmagan tashuvchilar tomonidan koʻrsatilishiga yoʻl qoʻymaslik, toʻy egalarining shaxsiy avtomashinalaridan hamda homiylar yordamida jalb etilgan avtotransport vositalaridan foydalanilgan hollar bundan mustasno;

shuhratparastlik, dabdababozlik va isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslik;

mahallalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligiga putur yetkazmaslik, jamiyatda shakllangan odob-axloq qoidalariga qatʼiy amal qilish talab etiladi.

Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarda diniy mavzuda maʼruza koʻzda tutilgan boʻlsa, ushbu maʼruza diniy tashkilotning vakolatli vakili tomonidan oʻqiladi.

Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarda litsenziyalanadigan faoliyat turidan foydalanilgan taqdirda, litsenziyali xizmat koʻrsatadigan jismoniy va yuridik shaxslar toʻyxona, kafe, restoran maʼmuriyatiga va ushbu xizmatdan foydalanuvchilarga bu kabi xizmatlarni koʻrsatishga ruxsat beruvchi litsenziyaning nusxasini taqdim etadi.

Milliy anʼanalarga yot, odob-axloq qoidalariga zid boʻlgan turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan toʻylar, oilaviy tantanalardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qoʻshimcha rasm-rusumlarni (“kelin navkari”, “chorlar”, “ota koʻrdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “togʻora yuborish”, “pul sochish” va hokazolarni) oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Dafn etish va motam marosimlari bilan bogʻliq ortiqcha tadbirlarni (“yetti”, “payshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” va hokazolarni) oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Toʻyxona, kafe va restoranlarda toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni oʻtkazishda:

toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar ishtirokchilari soniga, ularni oʻtkazish vaqtiga qatʼiy rioya etish;

atrofda yashovchi aholining tinchligi va osoyishtaligini hamda maishiy shovqinga qarshi kurash boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan talablarni buzmaslik;

oziq-ovqat mahsulotlari sifat sertifikati talablari darajasida boʻlishi hamda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etish lozim.

Toʻyxona, kafe va restoranlarda 50 va undan ortiq shaxs ishtirokida toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazish uchun tadbir oʻtkazuvchi shaxs hamda toʻyxona, kafe va restoran rahbari oʻrtasida shartnoma tuziladi. Shartnomada tomonlarning huquq va majburiyatlari, ish va xizmat turi, toʻlov, xarajatlar miqdori, tadbir ishtirokchilari soni, muddati hamda amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa talablar koʻrsatiladi.

Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarda sanʼatkorlar (xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, soʻz ustasi, fotograf va boshqalar) qonun hujjatlariga muvofiq shartnoma asosida xizmat koʻrsatadi.

Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarda ikki nafardan ortiq xonandaning (guruhning) xizmat koʻrsatishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Toʻyxona, kafe va restoranlar maʼmuriyati toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilayotganda xavfsizlik choralarini taʼminlashi shart.

Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni oʻtkazishda jamoatchilik va davlat organlarining ishtiroki

Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika komissiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi Toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilishini tartibga solish masalalari boʻyicha komissiyalar (bundan buyon matnda hududiy komissiyalar deb yuritiladi), Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi, Respublika “Nuroniy” jamgʻarmasi, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi oʻz vakolatlari doirasida toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishi ustidan jamoatchilik nazorati tashkil etilishini taʼminlaydi.

Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika komissiyasi va hududiy komissiyalar:

toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishi ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etadi, shuningdek, bu borada monitoringni amalga oshiradi;

keng jamoatchilik fikrini oʻrgangan holda toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni oʻtkazishga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;

toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni ixcham, isrofgarchiliksiz va belgilangan talablar asosida oʻtkazish boʻyicha aholi oʻrtasida targʻibot ishlarini olib boradi hamda oʻrnatilgan tartibga rioya etmagan fuqarolarni mahalla fuqarolar yigʻiniga taklif qilgan holda jamoatchilik oʻrtasida muhokama qiladi.

Mahalla fuqarolar yigʻini, “Nuroniy” jamgʻarmasi hududiy boʻlimlari:

toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni oʻtkazish bilan bogʻliq milliy qadriyatlarga, axloq qoidalariga zid boʻlgan marosimlar, nomaqbul odatlar va ularning salbiy oqibatlari toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini olib borishi va tegishli tavsiyalar berishi;

toʻy egalari tomonidan sodir etiladigan milliy urf-odat

va anʼanalarni mensimaslik, shuhratparastlik, isrofgarchilik kabi xatti-harakatlar ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatishi, tegishli talablarga rioya etilmagan holatlarni jamoatchilik muhokamasiga olib chiqishi;

toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni ixcham, keng aholi manfaatlarini, milliy qadriyat va anʼanalarni hisobga olgan holda, ijtimoiy tabaqalanishga yoʻl qoʻymasdan oʻtkazish boʻyicha jamoaviy suhbatlar tashkil etishi;

hududda oʻtkazilishi rejalashtirilgan har bir oilaviy tadbirdan xabardor boʻlishi, uning oʻtkaziladigan joyi, ishtirokchilar soni boʻyicha maʼlumotga ega boʻlishi;

toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlardan oldin va keyin oʻtkaziladigan ortiqcha rasm-rusum va marosimlarning oldini olish choralarini koʻrishi lozim.

FHDYO organlari:

nikohdan oʻtish maqsadida ariza bergan shaxslar hamda ularning ota-onalari bilan yashash joylarida, mahallada suhbatlar uyushtirishi, ularga nikohdan oʻtish tartib-taomillari, toʻy marosimlarini kamxarj va ixcham oʻtkazish boʻyicha tushuntirish berishi;

mahalliy davlat hokimiyati va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda din ulamolari, tibbiyot xodimlari, psixologlar ishtirokida

“Yosh kelin-kuyovlar klubi”, “Oila maktabi”, “Qudalar suhbati” kabi kurslar tashkil qilishi;

nikohdan oʻtish haqidagi arizani roʻyxatdan oʻtkazgandan soʻng uch ish kunida nikohlanuvchi shaxslar yashayotgan mahalla fuqarolar yigʻinini bu haqda xabardor qilishi lozim.

Ichki ishlar organlari profilaktika inspektori fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan birgalikda fuqarolar oʻrtasida toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni ixcham va kamxarj oʻtkazishga, jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalarini aholi ongiga singdirishga, toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarning shuhratparastlik va dabdaba bilan oʻtkazilishining oldini olishga qaratilgan aniq va maqsadli profilaktik tadbirlarni tashkil etishi, shuningdek bunday tadbirlar davomida jamoat tartibini taʼminlashi lozim.

Toʻyxona, kafe va restoranlar maʼmuriyati rejalashtirilayotgan toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar haqida ushbu tadbirlar oʻtkazilishidan kamida ikki kun oldin tegishli hududdagi ichki ishlar organiga yozma ravishda xabar berishi lozim.

Asosiy mavzular