08:43 01 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB132.07
  • EUR12003.57
  • USD10321.21
Jamiyat
Havola olish
379 0 0

1-3 noyabr kunlari Samarqand shahrida sport sohasidagi yirik voqealardan biri – Samarkand Half Marathon boʻlib oʻtishi kutilmoqda. Bu Oʻzbekiston tarixida birinchi xayriya yarim marafonidir.

TOSHKENT, 30 okt - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining oʻrinbosari Saida Mirziyoyeva xayriya yarim marafonining asl maqsadi haqida gapirdi hamda madaniyat va sanʼat obʼyektlari hammabop va inklyuziv boʻlishi uchun Oʻzbekistonda qanday ishlar amalga oshirilayotgani haqida maʼlumot berdi.

BMT maʼlumotlariga koʻra, Yer yuzi aholisining 15% ini, yaʼni 1 milliarddan ortigʻini u yoki bu shaklda koʻrish qobiliyati buzilgan shaxslar tashkil etadi. Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotiga koʻra, 2019 yilda respublikada 710 ming nafardan oshiq imkoniyati cheklangan shaxs roʻyxatga olingan.

Saida Mirziyoyeva Samarqandda oʻtkaziladigan yarim marafonning asosiy maqsadi haqida toʻxtalar ekan, bu inklyuziya va inklyuziv muhitni yaratishga doir xayriya loyihasi ekanligiga eʼtibor qaratdi.

"Inklyuziya – bu butun jahonda ilgari surilayotgan ijtimoiy kontseptsiya. Unga koʻra, salomatligidan qatʼiy nazar har bir odamga jamiyatdagi moddiy va maʼnaviy boyliklardan bahramand boʻlishga va oʻzini namoyon etishga imkon berilishi lozim. Samarqand yarim marafoni asl maqsadi ham shu", - dedi u va bu kabi - jamoatchilik eʼtiborini madaniyat obʼyektlaridagi inklyuzivlik muammosiga qaratish gʻoyasi bilan sugʻorilgan tadbirlar davomli koʻrinishda oʻtkazilishi lozimligini qoʻshimcha qildi.

Saida Mirziyoyevaga koʻra, yarim marafonni oʻtkazish uchun bejizdan Samarqand shahri tanlanmagan.

"Milliy-madaniy, tarixiy merosimizning katta qismi aynan shu hududda jamlangan. Biroq bu madaniy boyliklardan hamma ham bemalol foydalana oladimi? Buning uchun imkoniyati cheklangan shaxslarga qanchalik qulayliklar yaratilgan? Ushbu loyihaga tayyorgarlik jarayonida Oʻzbekiston Madaniyati vazirligi qoshidagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi inklyuzivlik muammolariga oid izlanishlar olib bordi. Respublikamizdagi teatr, muzeylar va kutubxonalarda trening va monitoringlar oʻtkazildi. Oʻzbekistondagi deyarli barcha madaniyat muassasalari inklyuziv toifa vakillariga moslanmagan", - xulosa qildi AOKA rahbari oʻrinbosari.

Taktilnaya model litsa cheloveka
© Sputnik / Dilshoda Raxmatova.
Taktilnaya model litsa cheloveka

Koʻzi ojiz insonga oson-qiyinligini his qilish uchun Mirziyoyeva OAV vakillariga oʻn daqiqa oʻzlarini inklyuziv toifa vakillari oʻrniga qoʻyib koʻrishni taklif etdi.

"Faraz qiling, hozir, yigʻilishdan soʻng koʻzingizni yumib, xonadan chiqib ketishga toʻgʻri kelsa agar, xuddi shu holatda zinadan tushib transportga oʻtirib, ishga yoki boshqa manzilga yoʻl olsangiz... Besh-oʻn daqiqa, nari borsa yarim soat koʻzingizni "chirt" yumib yashasangiz... Tasavvur qilish qiyin... Kimlardir bu holatda bir umr yashaydi".

Mirziyoyeva ushbu marafon imkoniyati cheklangan, sogʻligʻida muammosi bor shaxslar uchun foydaliligini yana bir karra taʼkidladi. Hamda bunday tashabbuslar, inklyuziv toifa vakillaridan koʻra, bizga, oʻzini jamiyatning toʻlaqonli aʼzosi deb biladigan, bu olamning neʼmatlaridan bemalol bahramand boʻladigan insonlarga zarurroq ekanligini, toki “zamonaviy, tezkor dunyoda koʻnglimiz qotib qolmasligi, koʻzimiz ochiq boʻla turib, qalbimiz koʻr boʻlmasligi uchun”.   

Asosiy mavzular