20:37 19 Yanvar 2020
Efir
  • RUB156.59
  • EUR10620.45
  • USD9550.76
Jamiyat
Havola olish
651 0 0

Firibgarlar bunday loyihalarning jozibadorligini oshirish va koʻp sonli ishtirokchilarni jalb qilish uchun tarmoq marketingi deb nomlanuvchi usul va "Pontsi sxemasi" elementlaridan foydalanishadi.

TOSHKENT, 14 yanv — Sputnik.  Oʻzbekistonda “moliyaviy piramidalar” koʻrinishidagi turli firibgarlik sxemalaridan, shu jumladan, kripto aktivlardan foydalanish holatlari tez-tez uchramoqda. Bu haqda Loyiha boshqaruvi milliy agentligi xabar qildi.

Taʼkidlanishicha, odatda kelib chiqishi chet ellarda boʻlgan jinoiy guruhlar har xil elektron platformalar, saytlar va axborot tizimlarini tashkil qilish orqali noqonuniy boylik orttirish maqsadida aholining boʻsh pul mablagʻlarini jalb qilish uchun Oʻzbekiston bozoriga kirmoqda.

Bunday loyihalarning jozibadorligini oshirish va koʻp sonli ishtirokchilarni jalb qilish uchun tarmoq marketingi deb nomlanuvchi usul va "Pontsi sxemasi" elementlaridan foydalaniladi.

“Pontsi sxemasi” moliyaviy piramidani tashkil etishning jinoiy sxemasi boʻlib, u avvalgi investorlarning daromadlarini yangi investorlardan olingan mablagʻlar hisobidan toʻlashni nazarda tutadi. Avvaliga bu juda foyda keltiruvchi sxema boʻlib koʻrinishi mumkin, ammo u odatda yangi investorlarning mablagʻlari oqimi eskilariga toʻlovlarni amalga oshirish uchun yetarli boʻlmay qolgandan soʻng buziladi”, - deyiladi xabarda.

Agentlik xabardorlik va hushyorlikni oshirish maqsadida bunday shubhali loyihalarning asosiy belgilarini maʼlum qildi:

  • kompaniyaning kelib chiqish joyi nomaʼlum;
  • har qanday moliyaviy javobgarlikni rad etish va ishtirokchidan bitim yoki shartnomada barcha xatarlarni qabul qilishga rozi ekanligini talab qilish;
  • shubhali yoki oddiy foydalanuvchi uchun tushunarsiz xizmatlar/mahsulotlar;
  • muayyan platformada kelgusida ishlash uchun mablagʻlarni majburiy investitsiyalash boʻyicha talablarning mavjudligi;
  • yangi ishtirokchilarni jalb qilish orqali daromad olishning koʻp bosqichli dasturining mavjudligi;
  • ushbu loyihaga mablagʻ kiritgan boshqa ishtirokchilarning yuqori daromadlarini namoyish etish orqali jozibadorlikni oshirish;
  • potentsial ishtirokchilarning zarur bilimlari yoʻqligini hisobga olgan holda “kriptovalyutalarning yuqori istiqbollari” bilan manipulyatsiya qilish;
  • kompaniyaning goʻyoki keng koʻlamli faoliyatini koʻrsatish va loyihaga keng auditoriyani jalb qilish maqsadida yirik tadbirlarni tashkil qilish;
  • ishtirokchilarga maʼlum malaka yoki boshqa talablar qoʻyilmasligi.

Agentlik shubhali moliyaviy sxemalar asosida ish yuritayotgan ayrim kompaniyalarning faoliyati toʻgʻrisida biron bir maʼlumot ega boʻlganlardan qonunda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berishingizni soʻragan.

Teglar:
moliyaviy piramida, firibgarlik

Asosiy mavzular