19:33 25 May 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Jamiyat
Havola olish
726 0 0

Eʼlon qilingan loyihada koʻpchilik fuqarolarning eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan “propiska” tushunchasi oʻrniga “roʻyxatdan oʻtkazish” tushunchasi kiritilmoqda.

TOSHKENT, 5 apr — Sputnik. Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy propiska qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

Eʼlon qilingan loyihada koʻpchilik fuqarolarning eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan “propiska” tushunchasi oʻrniga “roʻyxatdan oʻtkazish” tushunchasi kiritilmoqda.

Shuningdek, Oʻzbekiston fuqarolari uchun Toshkent shahri va viloyatida koʻchmas mulkni olishda ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega boʻlish hamda yangi qurilgan uylarning oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida stavkasini toʻlash haqidagi talablar bekor qilinmoqda.

Doimiy propiska uchun er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti va bir yil ichida nikoh bekor qilinganda "propiska" yoʻqotilishi haqidagi qoidalarni qonunchilikdan chiqarib tashlash koʻzda tutilgan.

Vakillik organlariga saylangan, tegishli davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari va respublika ahamiyatidagi boshqa davlat tashkilotlariga tayinlangan xodimlar uchun doimiy roʻyxat boʻyicha lavozimni egallab turish davriga oid cheklov olib tashlanmoqda.

Bundan tashqari, oilaga tarbiyaga olingan (patronat) shaxslar ularning tutingan ota-onasining doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga turish imkoniyatiga ega boʻladi.

Vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish muddati uy-joy egasining roziligi asosida 1 yildan 5 yilgacha uzaytirilmoqda.

Ayni vaqtda, fuqarolarni Toshkent shahri va viloyatida doimiy va vaqtincha roʻyxatdan oʻtmasdan, yashash muddati 10 kundan 15 kunga oʻzgartiriladi.

Shu bilan birga, doimiy va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish fuqaroning xohishiga koʻra ichki ishlar organlari, davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi hamda uning muddati 3 kundan 1 kunga qisqartiriladi.

Qonun loyihasi 11 aprelga qadar davom etadi.

Asosiy mavzular