22:54 24 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB136.28
  • EUR12210.60
  • USD10315.62
Jamiyat
Havola olish
191 0 0

Vazirlik bugun koʻcha, bozor va boshqa jamoat joylarida aksariyat fuqarolarning karantin, niqob taqish qoidalarini qoʻpollik bilan buzish holatlari koʻpayib borayotganidan xavotirda ekanini bildirgan.

TOSHKENT, 10 sen — Sputnik. Sogʻliqni saqlash vazirligi fuqarolarga murojaat bilan chiqdi. Vazirlik karantin qoidalari yumshatilgani odamlarni xotirjamlikka emas, balki sergaklikka chorlashi zarurligini taʼkidladi.

Maʼlum boʻlishicha, mamlakatda sentyabrning ilk kunida 343 nafar bemor qayd etilgan boʻlsa, 9 centyabrda bu koʻrsatkich qariyb 170 nafarga oshdi. Karantin tartiblarining yumshatilishi, bir qancha faoliyat turlariga ruxsat berilishi, shuningdek, maktablarda yangi oʻquv yilining boshlanishi munosabati bilan aholi oʻrtasida oʻzaro muloqotning koʻpayishi, oʻz navbatida, koronavirus xavfini ham kuchaytiradi.

Vazirlik bugun koʻcha, bozor va boshqa jamoat joylarida aksariyat fuqarolarning karantin qoidalariga rioya qilmasdan, beparvolik bilan, oʻzaro masofa saqlash va niqob taqish qoidalarini qoʻpollik bilan buzish holatlari koʻpayib borayotganidan xavotirda ekanini bildirgan.

Taʼkidlanishicha, karantin choralari yumshatilgandan keyin ham har bir fuqaro tibbiy niqobda boʻlishi, mijozlar orasida 2 metrlik masofani taʼminlashi lozim.  Shuningdek, obʼyektdagi jihozlarni muntazam dizenfektsiyalash, havo aylanish tizimini zararsizlantirish kabi qatʼiy belgilangan sanitariya-gigiyena talabalariga rioya etilishi lozim.

“Hali davosi topilmagan, keyinchalik qanday asoratlar qoldirishi, yuqtirilgandan soʻng yana qaytalanmasligi shubha ostida boʻlgan, qarshisida butun dunyo tibbiyoti ojiz turgan kasallikka qarshi yagona samarali chora hisoblangan sanitariya qoidalariga amal qilmaslik, tibbiyot niqoblarni taqmaslik uchun qanchalik beparvo boʻlish kerak?!”, - deya savol bilan yuzlangan SSV.

Dunyo tajribasida koʻrinmoqdaki, har qanday cheklovdan koʻra, odamlar orasidagi karantin madaniyati koronavirusni oldini olishda samaraliroq boʻlib qolmoqda.

“Misol uchun, 33 millionga yaqin aholisi boʻlgan  Malayziyada avgust oyida kasallanish holati 355 nafarni tashkil etgan boʻlsa, sentyabrning dastlabki haftasi davomida bor-yoʻgʻi 37 nafarni tashkil etgan, xolos. Bunda aholining ongli ravishda hukumat va shifokorlarning tavsiyalarini soʻzsiz bajarishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ularda karantin tugaganiga qaramay jamoat joylarida haliyam masofa saqlash, niqob taqish, maqsadsiz koʻchaga chiqmaslik, katta tadbirlar oʻtkazmaslik odatga aylandi”, - deya misol keltiradi vazirlik.

SSV oʻz murojaatida mamlakat prezidentining pandemiya sharoitida yashashga, mehnat qilishga oʻrganishimiz shart degan soʻzlarini yana bir bor eslatib oʻtgan.

“Hurmatli vatandoshlar! Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, bundan keyin pandemiya sharoitida yashashga, mehnat qilishga oʻrganishimiz shart. Ayni paytda oʻz salomatlingizni asrashingiz, avvalo, oʻzingiz, soʻngra tibbiyot xodimlari va mamlakatimiz uchun qilgan eng katta xizmatingizdir. Oilangiz va farzandlaringiz hayotiga befarq boʻlmang, yaqinlaringizning dard chekishiga sababchi boʻlib qolmang”, - deya yakunlanadi murojaat.

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, hozirda dunyoda kasallanganlar soni 28 million nafardan oshgan. Qurbonlari soni esa 900 mingdan ziyod kishini tashkil etmoqda.

Asosiy mavzular