08:34 24 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Jamiyat
Havola olish
48110

Senator Baxtiyor Sayfullayev koʻra-bila turib tartib-qoidani mensimay dabdabali toʻy oʻtkazgan yulduzlarni tanqid qildi.

TOSHKENT, 17 sen — Sputnik. Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev koʻra-bila turib tartib-qoidani mensimay buzgan yulduzlarni tanqid qildi.

Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Bravo” jamoasi vakili Ahmad Temirov hamda xonanda Vohidjon Isoqovlarning nikoh toʻylari tasvirlangan video va fotolavhalar jamoatchilikning keng muhokamasiga sabab boʻldi.

“Albatta, yoshlarimizni yangi oila ostonasiga qadam qoʻyganliklari bilan tabriklayman. Ammo koronavirus balosi hali oʻz taʼsir kuchini koʻrsatib, kundan-kunga kasallanish ortib borayotgan bir vaqtda maxsus komissiya talablariga zid ravishda 30 kishidan ortiq mehmonlarni yigʻib, karantin tartib qoidalarga rioya etmaslik va oxir-oqibat yaqinlarimizning sogʻligʻini, hayotini xavf ostiga qoʻyish toʻgʻrimi?”, - deya savol bilan yuzlangan senator.

Sayfullayev tabriklash uchun kelgan oʻndan ortiq sanʼatkorlar hamda yuzga yaqin mehmonlarning ijtimoiy masofa saqlash, niqob taqish nima ekanligi yodlaridan ham chiqib ketganligi tarqalgan video va fotolardan yaqqol koʻrinib turganiga eʼtibor qaratgan.

U Ahmad Temirov, Vohidjon Isoqov oʻrnatilgan tartibda jarimaga tortilganidan xabari borligini taʼkidlagan. Biroq bunday xatti-harakatlar “tartib qoidalarga zid ravishda mana shunday toʻy oʻtkazib, belgilangan jarimani toʻlab ketish bilan osongina qutulish mumkin” degan notoʻgʻri xulosalar shakllanshiga sabab boʻlishi yomon.

“Bu kabi koʻra-bila turib tartib-qoidani mensimay buzganlar faqatgina maʼlum bir miqdorda jarima toʻlash bilan qutulishi yetarli emasdek, nazarimda. Jamiyat qoidalariga, insonlar hayotiga bunchalar bepisandalik bilan qarash koʻrinmas dushman bilan olishib jonlarini fido qilgan yuzlab shifokoru-harbiylarimiz, yurtdoshlarimiz xotirasi va mehnatlariga nisbatan ham hurmatsizlik deb baholashga loyiq”, - deya hisoblaydi Sayfullayev.

Xabarda qoʻshimcha qilinishicha, ushbu holatlar boʻyicha Madaniyat vazirligiga  Senator soʻrovi yuborilgan.

Mazkur masala esa Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan nazoratga olingan.

Asosiy mavzular