TOSHKENT, 9 dek — Sputnik. Toshkent viloyati Quyichirchiq tumani “Abay” MFY hududida joylashgan toʻqayzorda kesilgan daraxtlar boʻyicha murojaat oʻrganildi. Bu haqda Davlat ekologiya qoʻmitasi matbuot xizmati xabar qildi.
“Oʻrganish davomida daraxtlar qishloq xoʻjaligi xaritasining 34 konturida joylashgan toʻqayzorda kesilganligi maʼlum boʻldi. Umumiy kesilgan daraxtlar soni 52 ta, shundan 46 tup tol hamda 6 tup turongʻil tag qismidan kesilgan”, - deyilgan xabarda.
Taʼkidlanishicha, oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zarar 444 mln 773 ming soʻmni tashkil etgan.
Ayni damda mazkur hudud egasi hamda kim tomonidan amalga oshirilganligini aniqlash boʻyicha surishtiruv ishlari davom etmoqda.
Toʻplangan hujjatlar Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasiga oʻrnatilgan tartibda taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.