12:15 26 Fevral 2021
Efir
  • RUB141.09
  • EUR12773.52
  • USD10549.65
Jamiyat
Havola olish
33940

Rossiya taqdim etgan vaktsinaning uchinchi bosqich klinik sinovlari natijalari tahlili muhokama qilindi. Uni mamlakatda roʻyxatdan oʻtkazish jarayonini boshlash mumkinligi maʼqullandi.

TOSHKENT, 11 fev — Sputnik. Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi Rossiyaning “Sputnik V” vaktsinasini sertifikatlashtirish hamda roʻyxatdan oʻtkazish jarayonini boshlash maʼqullandi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari Bahodir Yusupaliyev maʼlum qildi.

Yusupaliyevning soʻzlariga koʻra, “Sputnik V” vaktsinasining uchinchi bosqich klinik sinovlari yakuniga yetkazilgan. Rossiyada roʻyxatdan oʻtkazilgan, shuningdek, ushbu vaktsinani Oʻzbekistonda sertifikatlashtirish va roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha takliflar kelib tushgan.

“Rossiya Federatsiyasi tomonidan taqdim etilgan uchinchi bosqich klinik sinovlari natijalari tahlili muhokama qilindi va birlamchi bosqichda sertifikatlashtirish hamda roʻyxatdan oʻtkazish jarayonini boshlash mumkinligi maʼqullandi”, - deyilgan xabarda.

Yigʻilishda Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga Oʻzbekistonda koronavirus infektsiyasiga qarshi emlashni oʻtkazish algoritmi va alohida tartibini ishlab chiqish boʻyicha topshiriq berildi.

Bunda koronavirus infektsiyasiga qarshi emlashni faqatgina ixtiyoriylik tamoyili asosida amalga oshirish, shuningdek, birinchi navbatda koronavirus yuqish xavfi darajasi yuqori boʻlgan quyidagi shaxslarni emlash nazarda tutiladi:

  • 65 yoshdan oshgan keksalar;
  • surunkali kasalliklari bor shaxslar;
  • tibbiyot xodimlari;
  • maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda oliy taʼlim muassasalari xodimlari;
  • aholi bilan bevosita muloqotga kirishadigan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev aholini COVID-19 ga qarshi emlashni boshlash boʻyicha topshiriq bergani xabar qilingan edi.

Asosiy mavzular