10:08 25 Fevral 2021
Efir
  • RUB141.09
  • EUR12773.52
  • USD10549.65
Jamiyat
Havola olish
255 0 0

Oʻzbekiston Xitoyning ZF-2001 vaktsinasi sinovlarida faol ishtirok etgani hamda klinik tadqiqotlarga qoʻshgan hissasi uchun mazkur vaktsinaning hammuallifi, yaʼni ilmiy jarayonlarda teng sherik sifatida tan olindi. Vaktsina mamlakatda ZF-VakUz nomi bilan tarqatiladi.

TOSHKENT, 17 fev — Sputnik. Xitoyning koronavirusga qarshi ZF-2001 vaktsinas tez orada Oʻzbekistonda ZF-VakUz nomi bilan tarqatilishi kutilyapti. Bu haqda “Oʻzbekiston 24” telekanalida xabar berildi.

Innovatsion rivojlanish va Sogʻliqni saqlash vazirliklarining ZF-2001 vaktsinasi sinovlarida faol ishtirok etgani, shuningdek, klinik tadqiqotlarga qoʻshgan hissasini inobatga olib, Oʻzbekiston mazkur vaktsinaning hammuallifi, yaʼni ilmiy jarayonlarda teng sherik sifatida tan olindi.

ZF-2001 rekombinant vaktsinasining Oʻzbekistondagi klinik sinovlari uchun masʼul mutaxassis Ding Fanning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston ZF-2001 vaktsinasidan favqulodda foydalanish uchun ruxsat berishga qaratilgan ishlarni olib bormoqda. Mazkur vaktsinadan foydalanishda Oʻzbekistonga ustuvorlik beriladi. Ayni vaqtda vaktsinadan favqulodda foydalanish uchun ruxsat olish va rasmiy roʻyxatdan oʻtish boʻyicha hamkorlikda ishlanmoqda.

“Rasmiy jarayonlardan soʻng vaktsina Oʻzbekiston Respublikasida ZF-VakUz nomi bilan tarqatiladi”, - dedi Ding Fan.

Bundan tashqari Oʻzbekiston bilan hamkorlikda vaktsina ishlab chiqarish, yangi vaktsinalarni yaratish, tadqiqot ishlarini olib borish va ilmiy izlanishlar natijalarini tijoratlashtirish boʻyicha ishlar davom ettiriladi.

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda hozirgacha 6830 nafar koʻngilli Xitoy vaktsinasining 1-dozasi, 2284 nafar koʻngilli 2-dozasi bilan emlangan.

Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi emlash jarayoni mart oyining birinchi yarmida boshlanishi kutilmoqda. Birinchi navbatda yoshi katta, surunkali kasalligi bor va birlamchi xizmat koʻrsatuvchi soha xodimlarini (shifokor, oʻqituvchi, IIO xodimlari va hokazo) joriy yil oxirigicha koronavirusga qarshi vaktsina bilan toʻliq emlash rejalashtirilgan.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi Rossiyaning “Sputnik V” vaktsinasini sertifikatlashtirish hamda roʻyxatdan oʻtkazish jarayonini boshlash maʼqullangani xabar qilingan edi.

Teglar:
emlash, vaktsina, Xitoy, Oʻzbekiston

Asosiy mavzular