Shu kunlarda kutilayotgan sovuq havoda ekin va daraxtlarni qanday saqlash kerak?

Obuna bo‘lish
Gidrometeorologiya xizmati xabariga ko‘ra 24-27 fevral kunlari O‘zbekistonga Rossiyaning Volga bo‘yi hududidan sovuq va nam havo kirib kelishi kutilmoqda.
TOShKENT, 124 fev - Sputnik. Shu kunlarda kutilayotgan sovuq va nam havoda qishloq xo‘jaligi ekinlari va daraxtlarni qanday saqlash kerak? Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu borada o‘z tavsiyalarini berdi. 
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati xabariga ko‘ra, 24-27 fevral kunlari O‘zbekistonga Volga bo‘yi orqali Rossiyaning Yevropa qismi hududlari ustida shakllangan sovuq va nam havo kirib kelishi kutilmoqda. 
Ushbu munosabat bilan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, mevali bog‘ va uzumzorlar, ertaki kartoshka va sabzavot ekinlarini saqlab qolish maqsadida quyidagi tadbirlarni zudlik bilan amalga oshirish tavsiya berdi:
  • mevali bog‘ va uzumzorlarning qator oralaridan sug‘orish ariqlari olinib, iloji boricha kam miqdorda suv oqizish;
  • mevali bog‘ va uzumzorlar qator oralariga mahalliy o‘g‘it aralash hashak, paxol, shox-shabbalar uyumlarini to‘plab, ularni tutatish. Buning uchun mevali bog‘ va uzumzorlarga bir tekisda eni 1,25-1,5 m hamda balandligi 0,5-0,75 m dan to‘p-to‘p qilib uyib qo‘yish;
  • daraxtlarning yoshi va qalin siyrakligiga qarab har bir gektar maydonga 100-200 ta uyum hosil qilish. Tutun bog‘ ichiga yaxshi yoyilishi uchun uyumlarni mevali bog‘ va uzumzorlarning shamol esadigan tomoniga qo‘yish hamda havo xaroratini kuzatib borish;
  • havo ochiq bo‘lib, harorat +1°S ga tushishi bilan uyumlarni tutatish. Bunda uyumlarning alangalanmay, tutab yonishiga alohida ahamiyat berish lozim. Sovuq takrorlanishini hisobga olib, uyumlar oralatib tutatish. Agar sovuq bo‘lmasa uyumlardan o‘g‘it sifatida foydalanish;
  • ertaki muddatlarda ekilgan kartoshka nihollari yerdan unib chiqqan bo‘lsa, sharoitga qarab, egat ustini polietilen plonka bilan yopish yoki yopishning iloji bo‘lmagan maydonlarda kechki suv qo‘yishni tashkil etish va maydonning atrofiga go‘ng aralash xashak, paxol va shox-shabbalar uyumlarini to‘plash hamda ularni tutatish;
  • isitilmaydigan ko‘chatxonalarda yetishtirilayotgan sabzavot va poliz ekinlari ko‘chatlarini sovuqdan asrashning muhim tadbirlaridan biri dugalar o‘rnatish, ustini polietilen plonkasi bilan yopish, vaqtinchalik isitish moslamalaridan foydalanish hamda atrofiga go‘ng aralash xashak, paxol va shox-shabbalar uyumlarini to‘plab, ularni tutatish;
  • issiqsevar sabzavot ekinlaridan pomidor, shirin qalampir va baqlajon ko‘chatlarini parnikda tayyorlashni hamda bodring va poliz ekinlari urug‘larini ekishni vaqtinchalik to‘xtatib turish;
Shu bilan birga vazirlik, sovuqqa chidamli sabzi, piyoz, sarimsoqpiyoz, osh lavlagi, karam va ko‘kat sabzavotlar kabi ekinlarga sovuq -2-3°S sezilarli ta’sir etmasligini xabar qilgan.
Ma’lumot uchun, o‘tgan haftada Rossiyaning Yevropa qismida 36 soat davomida uzuluksiz qor yog‘ishi va havo harorati keskin sovib ketishi holatlari kuzatilgan edi. Undan tashqari Rossiyaning janubiy hududlarida, Krasnodar o‘lkasi va Qrim yarim orolida ham bir necha yildan beri kuzatilmagan anomal ob-havo kuzatilgan edi. Xususan qor qalinligi 28 sm havo harorati - 10 darajagacha yetgan edi. 
 
Yangiliklar lentasi
0