09:49 01 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB132.07
  • EUR12003.57
  • USD10321.21
Turizm
Havola olish
76410

Mazkur kontseptsiya doirasida dastlab turizm salohiyati yuqori boʻlgan Boʻstonliq, Parkent, Zangiota, Ohangaron, Boʻka, Chinoz tumanlari va Angren shahri qamrab olinadi, keyinchalik esa viloyatning boshqa hududlariga ham tatbiq qilinadi

TOSHKENT, 2 yanv - Sputnik. Toshkent viloyatiga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimini koʻpaytirish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish hamda mahalliy aholi daromadini oshirish maqsadida Boʻstonliq, Ohangaron, Parkent, Boʻka, Chinoz, Zangiota tumanlari va Angren shahrida "Oltin halqa" kontseptsiyasi asosida zarur infratuzilma shakllantiriladi.

Bu haqda Turizm qoʻmitasi xabar bermoqda.

Vazirlar Mahkamasining "2019-2021 yillarda Toshkent viloyatida turizm sohasini jadal rivojlantirish toʻgʻrisida" gi qaroriga koʻra, Toshkent viloyatidagi har bir tuman oʻziga xos boʻlgan turistik mahsulotlarni ishlab chiqib, turizmning alohida yoʻnalishlarini rivojlantirib boradi.  

Masalan, Boʻstonliq tumani "Chorvoq” erkin turistik zonasi, Ugam-Chotqol milliy bogʻi, “Chorvoq” suv omboriga ega, hududda turizmning barcha  yoʻnalishlarini rivojlantirish imkoniyati mavjud; Parkent tumani – togʻ oldi hududi hisoblanib, tabiati goʻzal, hududning ziyoratgohlari, agroturizm maskanlari, mazali ovqatlanish shoxobchalari mavjud; Zangiota tumani - tarixiy hudud, u ziyorat turizmi obʼyekti boʻlgan “Zangiota” majmuasi, hunarmadchilik markazlari, savdo majmualariga ega; Ohangaron tumani tarixiy manzilgohlar, madaniy meros obʼyektlariga boy, sanoat turizmi yunalishi boʻyicha turizm namoyishi obʼyektlariga ega; Boʻka tumanining gastronomik turizm yoʻnalishida oʻziga xos turistik obʼyektlari mavjud;

Chinoz tumani Toshkent va vohani bogʻlovchi asosiy magistral yoʻl boʻyida joylashgan boʻlib, agroturizm, gastronomik turizm va turizmning boshqa turlarini rivojlantirish imkoniyatlariga ega; Angren shahri sanoat shahri ekanligi bilan mashhur, Yangiobod va Lashkarak hududlarining tabiati goʻzal, sayyohlarga xizmat koʻrsatuvchi yoʻlboʻyi ovqatlanish shoxobchalari bor.

Mazkur kontseptsiya doirasida dastlab turizm salohiyati yuqori boʻlgan Boʻstonliq, Parkent, Zangiota, Ohangaron, Boʻka, Chinoz tumanlari va Angren shahri qamrab olinadi, keyinchalik esa viloyatning boshqa hududlariga ham tatbiq qilinadi.

Bundan avval Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov Toshkent viloyatida turistik “Oltin halqa”ni yaratish rejalashtirilayotgani hamda shunga doir kontseptsiya ishlab chiqilayotgani haqida xabar berilgan edi.

Asosiy mavzular