10:14 01 Iyun 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Turizm
Havola olish
COVID-19 umumjahon pandemiyasi (883)
28510

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi onlayn turizm va masofaviy sportni rivojlantirish loyihalari hamda pandemiyadan keyin turizm sohasidagi rejalar haqida soʻzlab berdi.

TOSHKENT, 12 apr — Sputnik. Oʻzbekiston bosh vaziri oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov koronavirus bilan bogʻliq davrda turizm va sport sohasida qanday ishlar olib borilayotgani va kelgusi rejalar haqida soʻzlab berdi.

“Karantin qoʻl qovushtirib oʻtirish uchun sabab emas”

Aziz Abduhakimov karantin va oʻzini yakkalash rejimi sabab qoʻl qovushtirib oʻtirish kerak emas. Aksincha, ushbu sokinlik davridan unumli foydalanib, sohalarni rivojlantirishda yangidan-yangi usullar va jihozlarni qoʻllash lozim.
Uning soʻzlariga koʻra, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi onlayn turizmni rivojlantirish, tadbirkorlar va startaperlarni qoʻllab-quvvatlashga oid ishlarni amalga oshirmoqda. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi allaqachon masofaviy sportni faol rivojlantirish va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish ishlarini boshlab yuborgan.

Shuningdek, Oʻzbekiston Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi (XSTU), Oshpazlar uyushmasi, Gastronomik assotsiatsiya bilan hamkorlikda xodimlar va mutaxassislar malakasini oshirishga doir bepul onlayn kurslar va vebinarlar tashkil qilinmoqda.

Bundan tashqari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi XSTU va Milliy piar markazi bilan birga xorijda milliy mahsulotni targʻib qilishga oid strategiyani ishlab chiqmoqda. Unga koʻra, karantin davri tugagach, Yevropa va MDH mamlakatlarida Road-show’lar tashkil qilish rejalashtirilmoqda.

Onlayn turizm

Oʻzbekistonda turizm boʻyicha virtual sayohatlarni amalga oshirish imkonini beruvchi online-tourism.uz saytini yoʻlga qoʻyish ustida ish olib borilmoqda.

“Bu Oʻzbekiston boʻylab virtual sayohat qilish imkonini taqdim etuvchi birinchi platforma boʻladi. Hozirgi karantin bilan bogʻliq murakkab bir davrda Oʻzbekistonning turistik targʻibotini kuchaytirish ayni muddaodir. Bu sayyohlarga uydan chiqmay turib, oʻz sayohatlarini oldindan rejalashtirish imkonini beradi”, - dedi Abduhakimov.

Rejaga koʻra, ushbu sayt asosan uch yoʻnalishni qamrab oladi: sayyohlar, turistik biznes vakillari startaperlar uchun.

“Bugungi kunda virtual turlarni yoʻlga qoʻyish uchun muzeylar va boshqa turistik obʼyektlar bilan hamkorlik ishlari boshlab yuborilgan. Fursatdan foydalanib, bu yoʻnalishda faoliyat yurituvchi isteʼdodli mutaxassislarimizni hamkorlikka jalb qilamiz, ular bilan onlayn faoliyatni yoʻlga qoʻyish mumkin.Shu bilan birga, kafe va restoranlar hamda boshqa turistik obʼyektlar egalarini virtual sayohatni yoʻlga qoʻyish uchun zarur choralar koʻrishga chorlab qolamiz, zero bu sayyohlarga hozirning oʻzidanoq oʻziga maʼqul keluvchi, didiga mos keluvchi joylarni tanlash imkonini beradi”, - dedi u.

Tadbirkorlik subʼyektlariga, shu jumladan turizm sohasi subʼyektlariga pandemiya davrida qator imtiyozlar taqdim etilgan.

Pandemiyadan soʻng nima boʻladi

Aziz Abduhakimovning soʻzlariga koʻra, qoʻmita jahon turizm bozoridagi favqulodda vaziyatning mamlakat turizm sohasiga salbiy taʼsirini kamaytirishga doir tezkor chora tadbirlarni ishlab chiqib, Vazirlar mahkamasiga kiritgan. Unga koʻra, Oʻzbekistonda koronavius bilan bogʻliq karantin davri tugaganidan keyin turizm sohasidagi startap loyihalar, jumladan innovatsion biznes gʻoyalar, ayniqsa yoshlar va ularning sayyohlarga qulaylik yaratishga yoʻnaltirilgan dasturlarini subsidiyalashtirish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, “Oʻz diyoringni oʻzing kashf et” loyihasi doirasida mahalliy aholini audio, foto va video material toʻplash jarayoniga jalb etib, shu asosda “Turizm qishlogʻi”, “Turizm mahallasi”, “Turizm ovuli” maqomiga ega aholi punktlari reyestrini kengaytirish koʻzlanyapti.

Qolaversa, “Sayohatingni rejalashtir” aktsiyasi oʻtkaziladi hamda turizm sohasi subʼyektlari bilan hamkorlikda aholi orasida pandemiyadan keyin Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilishga oid taklif va onlayn arizalarni qabul qilishni keng targʻib qilish boʻyicha elektron tizimni ragʻbatlantirishga doir chora tadbirlar amalga oshirilishi  rejalashtirilgan.

Masofaviy sport

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birga mamlakatimizning tajribali sport ustalari va murabbiylari ishtirokida turli videoroliklar ishlab chiqilmoqda. Ularning karantin davrida jismoniy faollikni saqlab qolish, sport bilan bogʻliq faoliyatni boshlashga doir maslahat va tavsiyalari berilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda turli qiziqarli chellenjlar va bellashuvlar oʻtkazilmoqda. 6-26 aprel kunlari #UydaQol! #HayotgaQoʻshil! chellenji boʻlib oʻtadi. Unda qatnashish uchun karantin davrida uyda oila aʼzolar bilan birga badantarbiya va sport mashgʻulotlarini bajarish, soʻngra uni videoga olgan holda, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarga joylash hamda Sport vazirligining rasmiy sahifalari bilan ulashish talab etiladi.

“Umuman olganda, yurtimizdagi har bir insonning sport bilan shugʻullanishi, sogʻlom turmush tarziga rioya qilishi uning salomatligiga ham, faoliyatiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi”, - dedi Abduhakimov.

Mavzu:
COVID-19 umumjahon pandemiyasi (883)

Asosiy mavzular