TOSHKENT, 11 okt — Sputnik. Oʻzbekistonda turizm sohasida faoliyat yurituvchi ichki ishlar organlari xodimlarining yangi formasi namunasi sinovdan oʻtkazilmoqda.

IIV Xavfsiz turizmni taʼminlashni muvofiqlashtirish boshqarmasi xabariga koʻra, mazkur soha xodimlarining yangi forma kiyim-boshlari boʻyicha namunalar loyihasi ishlab chiqildi. Bugungi kunda yangi namunadagi forma tayyor boʻlib, Toshkent shahar va poytaxt viloyati xodimlarida sinovdan oʻtkazilmoqda.

Taʼkidlanishicha, forma kiyimini ishlab chiqishda avvalo koʻrinishiga ahamiyat qaratildi, shu bilan birga uning qulayligi, zamonaviy dizaynga ega ekanligi ham eʼtibordan chetda qolmagan.

Bundan tashqari, boʻlinmalar xodimlari faoliyatining oʻziga xos jihatlari, mamlakat hududidagi iqlim sharoitlari va zamonaviy talablar inobatga olingan.

Loyiha jarayonida xorijiy davlatlar tajribasi ham oʻrganilgan. Forma mazkur yil davomida sinovdan oʻtkaziladi.
