Rimda Yangi yil kechasida yuzlab qushlar bayram sharafiga uyushtirilgan mushakbozlikdan soʻng yurak xuruji tufayli halok boʻldi.
Videoda yerda oʻnlab parrandalar, aksariyati chugʻurchiqlar, yotganini koʻrish mumkin. Jonivorlarni himoya qiluvchi xalqaro tashkilot qushlarning oʻlimi salyutlar ovozining balandligi bilan bogʻliq boʻlishi mumkinligini maʼlum qilgan.
“Ehtimol, ular qoʻrquv tufayli oʻlgan. Ular bir-biriga toʻqnashib, derazalardan ichkariga kirishi yoki elektr uzatish tarmoqlariga oʻzini urishlari mumkin. Shuningdek, ular yurak xurujidan oʻlgan boʻlishi mumkinligini ham esdan chiqarmaylik", - degan tashkilot matbuot kotibi Loredanu Diglio.
Aytgancha, bu yil Rimda koronavirus pandemiyasi sabab mushakbozlik taqiqlangan edi, ammo bu cheklov eʼtiborga olinmagan.