TOSHKENT, 19 sen — Sputnik. BMT yangi Bosh kotibi lavozimiga kechayotgan poygada yetakchilikni egallab turgan Antoniu Guterresh BMT Oliy Komissari sifatida ishlab yurgan kezlarida hayotida sodir boʻlgan eng ayanchli xotiralarni yodga olishga qaror qildi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
Oʻn yil davomida BMTning qochoqlar masalasi boʻyicha Oliy komissari lavozimini egallagan Antoniu Guterreshning soʻzlariga qaraganda, ikki inson taqdiri uni to shu kungacha tinmay mehnat qilishga hamda urush va qiyinchiliklardan qochganlarga yordam berishga undab kelmoqda.
"Men sizlarga Kongo Demokratik respublikasidan boʻlgan bir ayol hayoti toʻgʻrisida soʻzlab bermoqchiman. U oʻz qishlogʻi yaqinidagi bir dalada mehnat qilayotgan vaqtida, oʻsha joyga bir guruh askarlar kelishadi. Oʻn sakkiz askar ayolni zoʻrlaydi. Bu haqda kimdir ayolning kenja oʻgʻliga xabar qilishga ulguradi va yosh yigitcha oʻsha joyga, dala maydoniga qarab yuguradi. Askarlar uni oʻsha joyning oʻzida oʻldiradi. Bu xabar ayolning eriga yetib borganda, u oʻsha vaqtning oʻzida yuragini changallab, oʻladi", — deb hikoya qildi Guterresh.
"Men birinchi marta bu haqda eshitganimda, bunday hodisa roʻy berishi mumkinligiga ishonmagandim, ishonishni xohlamagandim. Ammo afsuski, maʼlumotlar tasdiqlangan edi. Ulkan qaygʻuni tasavvuringizga sigʻdira olasizmi? Biz bu kabi voqealar yuz bermasligi uchun harakat qilishimiz, ularni toʻxtatishimiz darkor", — deydi Guterresh.
BMT maʼlumotlariga koʻra, dunyo boʻyicha qochoqlar soni 20 million nafarni tashkil etadi.