TOShKENT, 26 yanv — Sputnik. AQSh prezidenti Donald Tramp saylovoldi kampaniyasida bergan eng katta va’dasini amalga oshirdi — u Meksika bilan chegarada devor qurish haqida farmonni imzoladi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
Xuddi shu kunning o‘zida AQSh rahbari mamlakat Ichki xavfsizlik vazirligiga tashrif buyurgan. "U o‘zining inqilobiy rejalarini amalga oshirishga majbur muassasa xodimlari oldida chiqish qilgan", — deb yozadi nashr.
Tramp o‘z nutqi davomida devor qurilishi "zudlik bilan" boshlanishini e’lon qilgan va bu ikki mamlakat uchun koni foydaligini ta’kidlagan.
Bundan tashqari, Tramp va’da qilgani kabi, jinoyat sodir etgan yoki jinoyat sodir etganlikda ayblangan barcha chet elliklar AQSh hududidan chiqarib yuboriladi, deb yozmoqda nashr. AQSh hududida noqonuniy yashab yurganlar va bundaylarni yashirib yurganlar uchun esa jazo tizimi joriy etilar ekan.
Shunday qilib, 25-yanvar AQShda ruxsatsiz yashab yurgan taxminan 12 million kishilar uchun "qora" kunga aylandi, deyiladi xabarda.
Vazirlik oldida yangi masalani qo‘yar ekan Tramp: "Ichki xavfsizlik vazirligi zudlik bilan Meksika bo‘ylab chegarada devor qurishni boshlaydi. Hozirdan boshlab qabul qiladigan qarorlarimiz ikki mamlakat xavfsizligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga ishonaman. Bu Meksika uchun ham yaxshi bo‘ladi. Chegarasi bo‘lmagan davlat — davlat emas. Bugundan boshlab Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘z chegaralari ustidan nazoratni qaytaradi", — deya tushuntirish bergan.
Tramp bu masalani tez orada Meksika rahbari bilan muhokama qilishini aytib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, Tramp saylovoldi kampaniyasi chog‘ida AQSh va Meksika o‘rtasida 3 ming kilometrlik devor qurish, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish va ayrim musulmon davlatlari fuqarolarining AQShga kelishini cheklashga va’da bergan edi.
AQSh prezidenti "buyuk va ajoyib" devor uchun mablag‘ni Meksikadan undirish niyatida.
Meksika tomon esa AQShda hali saylov bo‘lib o‘tmasidan oldinoq devor qurilishi uchun hech qanday mablag‘ to‘lamasligini ma’lum qilgan.
AQSh va Meksika o‘rtasida hozir uzungina devor mavjud. Ammo u asosan darolar o‘tgan joylarda uzilib qolgan.