20:52 31 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB136.11
  • EUR12285.78
  • USD10359.88
Dunyoda
Havola olish
227362

1837 yilning 8 fevralida Peterburg yaqinidagi Qora soy yonida buyuk rus shoiri Aleksandr Pushkin va frantsuz fuqarosi Jorj Dantes oʻrtasida duel boʻlib oʻtgan. Duelda olgan jarohati tufayli 10 fevral kuni Pushkin hayotdan koʻz yumgan

TOSHKENT, 10 fev — Sputnik. Pushkin va uning rafiqasi Natalya Goncharova shaʼniga dogʻ tushiradigan anonim haqoratnoma duel sababchisi boʻlgan.

Maʼlumotlarga koʻra, 1836 yilning 16 noyabrida Pushkin 3 nusxada anonim xatlar oladi. Ularda Pushkinning goʻsxoʻr er ekani, rus armiyasiga xizmatga qabul qilingan (gollandiyalik elchi baron Gekkern tomonidan oʻgʻil qilib asrab olingan) chet ellik  poruchik baron Jorj Dantes shoirning xotiniga xushtorlik qilayotganiga shaʼma qilingandi.

Pushkin Dantesni duelga chaqiradi. Frantsuz avvaliga chaqiriqqa rozi boʻladi, ammo baron Gekkern orqali duelni 15 kunga kechiktirishni soʻraydi. Bu vaqt davomida Dantesning oʻz qaynsinglisi — Yekaterina Goncharovaga sovchi qoʻygani haqida bilib qolgan Pushkin oʻz chaqirigʻini qaytib oladi. 1837 yilning 22 yanvarida toʻy boʻlib oʻtadi.

Ammo mish-mishlar bolalashdan toʻxtamaydi. Pushkin suyukli yori Natalyaning koʻnglini ovlashda davom etayotgan Dantesga va ikki oʻrtada fitna qoʻzgʻayotgan baron Gekkernga nisbatan nafratini juda keskin namoyish eta boshlaydi. 

Oxir-oqibat sabri tugagan shoir Gekkernga oʻta haqoratli mazmunda xat yoʻllaydi. Gekkern esa Dantes nomidan uni duelga chorlaydi.

8 fevral kuni Peterburg yaqinidagi Qora soy yonida, kech soat beshda duel roʻy beradi. Dantes tomonidan Frantsiya elchixonasining kotibi — vikont Loran dAshirak, Pushkin tomonidan esa shoirning litsey davridagi oʻrtogʻi — podpolkovnik Konstantin Danzas sekundantlik qilishadi.

Rus shoirining qatʼiy talabi — duel albatta oʻlim bilan yakun topishi va raqiblarning birontasiga jon saqlab qolish imkonini bermasligi lozim edi: Pushkin va Dantes oʻrtasidagi toʻsiq oraligʻi oʻn qadamni tashkil qilib, toʻsiqqacha boʻlgan istalgan masofadan oʻq otishga ruxsat berilgandi.

Dantes birinchi boʻlib oʻq uzadi va Pushkinni qornining oʻng tomonidan yaralaydi. Shoir oʻta ogʻir jarohat oladi. U yiqiladi, ammo sal oʻtmay qoʻliga tayanib, oʻrnidan turadi va Dantesni toʻsiq yaqiniga chorlaydi.

Moʻljalga olib, oʻq uzadi. Raqibi yiqilganini koʻrgach, "Ofarin!", deya qichqiradi. Ammo Dantesning jarohati xavfli emasdi; koʻksiga qarata uzilgan oʻq, Dantesning qoʻlini yalab oʻtgandi, xolos (frantsuz koʻksini qoʻli yordamida toʻsib qolgan edi).

Yaralangan Pushkin oʻz kvartirasiga olib kelinadi. Shoir suyukli rafiqasi havotir oldirmaslik uchun chekayotgan zahmatlarini unga bildirmaslikka harakat qiladi. Sal vaqt oʻtib taklif qilingan shifokorlar fojia muqarrarligiga iqror boʻladilar va Pushkinga haqiqatni aytadilar.

Shoirning uyiga ruhoniy chaqiriladi.

Ikki kunlik azob-uqubatni matonat bilan oʻtkazgan Aleksandr Pushkin 10 fevral kuni doʻstlari davrasida hayotdan koʻz yumadi.

Shoirning jasadi solingan tobut ikki kun kvartirada qoldiriladi, bu vaqt oraligʻida turli tabaqaga mansub insonlar Pushkin bilan xayrlashishga keladilar.

Pushkinning oʻlimi aksariyat rossiyaliklar tomonidan milliy fojia sifatida qabul qilingan, va bu holat Mixail Lermontov, Fedor Tyutchev, Aleksey Koltsov singari shoirlarning ijod mahsullarida oʻz ifodasini topgan.

Aleksandr Pushkin bilan dueli uchun Dantes-Gekkern rasman otuvga hukm qilingan boʻlsa-da, ammo bu keyinchalik Rossiyadan deportatsiya qilish qaroriga almashtirilgan.

Turmush oʻrtogʻining dueldagi ishtirokidan xabarsiz qolgan Natalya Goncharova esa shoir oʻlimidan yetti yil oʻtib, 1846 yilda general Petr Lanskoyga turmushga chiqqan…

Tarjimon Dilshoda Rahmatova.

Teglar:
duel, Dantes, Pushkin

Asosiy mavzular