TOSHKENT, 21 may — Sputnik. Rossiya Yaponiya bilan muzokara olib borishga tayyor, shu jumladan tinchlik bitimi haqida ham, deb taʼkidladi Vladimir Putin ASEN sammiti yakuni boʻyicha oʻtkazilgan matbuot-anjumanida, RIA Novosti xabari asosida.
Kuril orollari masalasida Yaponiya bilan savdolashish ehtimoli haqidagi savolga javob berar ekan, Vladimir Putin Rossiya hech narsani sotmaydi, deb aytdi.
"Biz koʻp narsani sotib olishga tayyormiz, ammo hech narsani sotmaymiz. Biz barcha hamkorlarimiz bilan muzokara olib borishni, shu jumladan, Yaponiya bilan ham hududiy masalani kelishib olishni nazarda tutuvchi tinchlik bitimini imzolashni xohlaymiz va bunga tayyormiz", — dedi Putin.
Rossiya prezidenti Kuril orollari masalasini ikkiyoqlama hamkorlik bilan bogʻlamasligini taʼkidladi.
"Yana bir marta takrorlab oʻtaman, biz Yaponiya bilan shunchaki munosabatlarni rivojlantirish tarafdorimiz. Chunki Yaponiya Osiyo va Tinch okeani mintaqasida, shuningdek butun dunyoda muhim hamkorlardan biridir", — deb taʼkidladi Rossiya rahbari.
Rossiya va Yaponiya oʻrtasidagi munosabatlarning toʻliq tartibga solinishi va tinchlik bitimining imzolanishiga janubiy Kuril orollariga egalik qilish masalasi xalal bermoqda.
Yaponiya va Rossiya oʻrtasidagi hududiy bahs Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri davom etadi — urush yakunlariga koʻra, Kuril orollari butunligicha SSSR tarkibiga qoʻshib olingandi.
Biroq Iturup, Kunashir, Shikotan va Xabomai orollari guruhiga Yaponiya muntazam ravishda daʼvo qilib keladi.