Jamiyat

Muhammad Ismoil: Yevtushenko buyuk rus shoiri edi, ammo Rossiyaning maddohi emasdi

© Sputnik / Vladimir Vyatkin / Fotobankka oʻtishYevgeniy Yevtushenko
Yevgeniy Yevtushenko - Sputnik Oʻzbekiston
"Yevgeniy Yevtushenko kim edi? U insoniyatning bugungi kundagi eng buyuk shoirlaridan biri edi. Agar bunday shoirlar toʻrtta boʻlsa toʻrttaning eng birinchisi, ikkita boʻlsa, ikkitaning bittasi edi"

TOSHKENT, 2 apr – Sputnik. Bugun erta tongdan barcha OAVlar Rossiyaning buyuk shoiri vafoti haqidagi xabarlarni tarqatdi: Yevgeniy Yevtushenko 85 yoshida AQShda yurak yetishmovchiligidan vafot etdi. 

Ushbu qaygʻuli voqea yuzasidan, Muhammad Ismoil oʻzining facebookdagi sahifasida Yevtushenko xotirasiga bagʻishlangan satrlarni yozib qoldirdi. Quyida shoirning soʻzlarini toʻlaligicha keltiramiz.

Shoir Muhammad Ismoil - Sputnik Oʻzbekiston
Madaniyat
Muhammad Ismoil: "Matbuot faol ishlaganda, virtual qabulxonaga hojat yoʻq edi"

“Ulugʻlarimizdan mana birma-bir ajralib qolayapmiz. Yuragimizni huvillatib Erkin Vohidov olamdan oʻtdilar… Keyin keng dunyoni qorongʻu qilib Abdulla akam vafot etdi. Mana bugun Yevgeniy Yevtushenko qazo qilibdi.

Yevtushenko bilan uchrashishni bir umr orzu qilardim. Orzuim orzuligicha qolib ketdi. Dastlab u Toshkentga kelaman dedi. Uni kutdim. Men oʻzim borishga shaylandim. U uchrashuvimizni bahorga qoldirdi. Xullas, nasib qilmadi. Endi armon qilib oʻtiribman.

Aytmoqchimanki, sevgan odamlaringizni bir bora boʻlsada koʻrishga, koʻrib qolishga, diydorlashishga shoshiling ekan. Keyin koʻzingizda yosh bilan qaygʻuga botmas ekansiz.

Yevgeniy Yevtushenko kim edi? U insoniyatning bugungi kundagi eng buyuk shoirlaridan biri edi. Agar bunday shoirlar toʻrtta boʻlsa toʻrttaning eng birinchisi, ikkita boʻlsa, ikkitaning bittasi edi.

Abdulla Oripov - Sputnik Oʻzbekiston
Hodisalar
Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov vafot etdi

U erkni, ozodlikni, inson ulugʻligining eng yorqin nomoyondasi edi. U oʻzbeklarni sevardi, Oʻzbekistonni sevardi. U millatparvar shoir edi. Hamma millatlarni birday eʼzozlardi. U butun Yer yuzining shoiri edi. Aslo mahalliychi emasdi. Oʻz millati bilan aslo cheklanib qolmagan edi. U butun Yer yuziga taaluqli daholardan edi. Oʻz fikrlari bilan, sheʼrlari, dostonlari, dunyoqarashi, tutgan yoʻli bilan insoniyatni ahillikka, doʻstlikka, haqiqiy inson boʻlib yashashga chorlardi. Yovuzlikka qarshi kurashardi, zulmga, tutqunlikka, insonni inson tomonidan, davlatni davlat tomonidan, saltanatni saltanat tomonidan, dinni din tomonidan mahf etilishiga, bosqinchilikka qarshi matonat va jasorat bilan kurashardi.

U buyuk shoir edi, ammo aslo maddoh emas edi. U buyuk rus shoiri edi, ammo Rossiyaning maddohi emas edi. U Rossiyaning manfaatlari bilan chegaralanib qolmagan edi. U rus manfaatini qanchalik ulugʻlasa, gruzin, oʻzbek, frantsuz, ingliz, amerika manfaatini ham shunchalik ulugʻlardi. U biror millat, biror davlat, biror din kuychisi emas, inson kuychisi edi. Inson erki, inson buyukligi, inson muhabbati kuychisi edi.

Yevtushenko singari shoirlar borligi uchun Yer shari goʻzal, Yer sayyorasi ulugʻ edi. Yer sharida adolat, adabiyot, umuminsoniy qadriyatlar xukmron edi. Yevtushenko bugungi kunning Bill Geyts, Mark Tsukerberg, Jeyms Kemeron singari daholaridan biri edi.

Insoniyat bugun oʻz daholaridan biri bilan vidolashmoqda. Millatimiz, dinimizdan qatʼiy nazar insoniyatga yaxshilik, halollik, poklik, ezgulik urugʻini sochgan har bir inson oldida taʼzim bajo keltirishimiz, har birimizning insoniy burchimiz. Kelinglar azizlar, butun insoniyatni sevgan, butun umr insoniyat manfaatlari uchun kurashgan, azob chekkan, qaygʻurgan,hayotini baxshida qilgan, shu jumladan oʻzbekni sevgan, qadrlagan, eʼzozlagan buyuk shoir oldida bosh egaylik, uning haqqiga duo qilaylik, nomini yaxshi soʻzlar bilan yod etaylik, butun insoniyat qaygʻusiga sherik boʻlaylik. Qabringiz nurga toʻlsin Jenya ogʻa!"

Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader
LIVE
Zagolovok otkrыvayemogo materiala