TOSHKENT, 8 may — Sputnik. Joriy yil 30 aprel — 7 may kunlari Toshkentdagi "Oʻzbekiston" sport majmuasida boks boʻyicha boʻlib oʻtgan Osiyo chempionati mezbonlarning toʻla ustunligida yakunlandi. Oʻzbekiston terma jamoasi 10 ta oltin medal imkoniyatidan 9 tasini qoʻlga kiritib, Osiyoda yangi rekord qayd etdi.
7 may kuni yana oʻzbekistonlik 5 bokschilar ringga koʻtarildi. Rio-2016 Olimpiadasi chempioni Hasanboy Doʻsmatov (vazni 49 kg gacha) hal qiluvchi bellashuvini moʻgʻulistonlik Gan Erdene Ganxuyangga qarshi oʻtkazdi va uning ustidan gʻalaba qozondi. Doʻstmatov Osiyo chempionatining oʻz vazn toifasida ikkinchi bor tengsiz boʻldi. U shuningdek, turnirning eng yaxshi bokschisi sifatida tan olindi. Terma jamoa hisobiga oltinchi oltinni 52 kg vazn toifasida ishtirok etgan Jasur Latipov keltirdi. U janubiy koreyalik In Kyu Kim ustidan gʻalaba qozondi.
Yettinchi va sakkizinchi oltin medallarga 64 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasidagi Iqbol Xoldorov hamda 69 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida ringga koʻtarilgan Shahram Gʻiyosov ega boʻldi. Osiyo chempionatining 10 ta vazn toifasidagi bellashuvlarida 8 ta oltin medalni qoʻlga kiritish Oʻzbekiston terma jamoasi uchun rekord natija hisoblanardi.
Osiyo chempionatida Oʻzbekiston — birinchi (9 ta oltin medal), Qozogʻiston —ikkinchi (1 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza), Hindiston Moʻgʻuliston terma jamoalari esa uchinchi oʻrinni boʻlib olishdi (2 tadan kumush va bronza medallar).
Eslatib oʻtamiz, jahon chempionati joriy yilning 23 avgust — 4 sentyabr kunlari Hamburg shahrida boʻlib oʻtadi va unda Oʻzbekiston sharafini 10 nafar bokschi himoya qiladi.
Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.