TOSHKENT, 8 may — Sputnik. Shu kunlarda poytaxtdagi Doʻstlik bogʻida Shomahmudovlar oilasiga haykal oʻrnatish ishlari olib borilmoqda. Eslatib oʻtamiz, Ikkinchi jahon urushi davrida toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov ayoli bilan front chizigʻida boʻlgan mamlakatlardan evakuatsiya qilingan boshpanasiz va yetim qolgan bolalarini farzandlikka olib, tarbiya berishdi, voyaga yetkazishdi, nabiralar koʻrib, buva-buvilik gashtini ham surishdi.
Shomahmudovlar oilasi vakillarining keyingi taqdiri, bugungi hayoti haqida reportaj tayyorlashni maqsad qilgan jurnalistlar Ilmira Zayniddinova va Fozil Farhod Toshkentning Jarariq mahallasiga yoʻl olishdi.

Shomahmudovlar oilasi farzandlaridan kimlarni topishga muvaffaq boʻldingiz, degan savolga Fozil Farhod uch nafarini, dedi.

"Xolida opa, Shomahmudovlar oilasining eng kenja qizi Halima va oʻgʻillari Yoʻldosh hayot. Halima intervyu berishni istamas ekan. Yoʻldosh aka bilan hozircha uchrashish imkoni boʻlmadi, chunki uni katta buvisi (onasining buvisi) uzoq qidirib, topgan va kelishini iltimos qilgan. Yoʻldosh Shomahmudov shu kunlarda Ukrainada", — dedi jurnalist.
Jurnalistlar shuningdek mashhur oilaning yana bir farzandi — Rafiq Shomahmudovning oʻgʻli Tohirjon Shomahmudov bilan ham suhbatda boʻlishgan.

"Shomahmudov oilasiga qoʻyilgan haykal Doʻstlik bogʻiga oʻrnatilayotganini eshitib, Xolida momo juda xursand boʻldilar”, hikoyasini davom etdi Fozil Farhod. Shomahmudovlar oilasi istiqomat qiladigan mahalla faollari "oʻzimizni mahallamizga olib kelaylik shu monumentni, ruxsat bering" deya, hukumatga xat ham yozishganini xotirlashibdi. Jurnalistning soʻzlariga koʻra, Jarariq mahallasi, Toshkoʻchada yashaydiganlarning hammasi bir-biri bilan "apoq-chapoq" boʻlib ketgan: turli millat vakillari biri-biridan qiz olib, qiz bergan… Va bu anʼana shu kungacha davom etib kelayotir. Kattami yo kichik, hattoki uch-toʻrt yashar qizaloqlar ham jurnalistlar savolga tortganda, gʻururlanib Shomahmudovlarmiz deb javob berar ekan…

Fozil Farhod: ajdodlarimiz oldida bosh egamiz…
Donolar aytganiday, ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʻalaba naqadar qimmatga tushganini yurtimizda yashayotgan har qaysi oila, har bir kishi takror va takror anglashi, qalbidan oʻtkazishi tabiiy hol. Oʻshanda 6,5 millionlik Oʻzbekiston xalqining 1,5 milliondan ortigʻi urushga ketgan edi. Bu butun oʻzbek xalqining bagʻri kuyib kul boʻldi, yuragi qon-qon yigʻladi degani. Shuncha ona jigarini yulib, jangu jadallarga joʻnatdi degani. Bu qanchalab shoʻrlik ayollar koʻksiga sogʻinch, intizorlik nayzasi sanchildi degani.
"Harbiy komendant qaydnomalari"dan olingan bu gaplar ayni haqiqatdir. Tarixni oʻchirib boʻlmaydi!
Sen yetim emassan,
Tinchlan, jigarim.
Quyoshday mehribon
Vataning-onang,
Zaminday vazminu
Mehnatkash, mushfiq
Istagan narsangni tayyorlaguvchi
Xalq bor-otang bor.
Shoir Gʻofur Gʻulom shunday boshlanuvchi sheʼrini urush davrida yetim qolgan bolalarga bagʻishlagan. Ha, oʻzbek xalqi Ikkinchi jahon urushi davrida harbiy harakatlar qurshovida qolgan hududlar aholisini — 1 yarim milliondan ziyod odamni qabul qildi. Goʻyoki bagʻri boʻshab qolgan elimizning urushga ketgan yaqinlari oʻrnini bosib, yuraklariga taskinlik boʻlganday boʻldi bu… Evakuatsiya qilinganlar esa boshpanasini topdi! Oilasini topdi! Ota-onasini topdi! Vatanini topdi!
Maʼlumotlarga qaraganda, ularning 400 mingga yaqini — bola, shulardan 200 mingdan ortigʻi chin yetim boʻlgan. Shuncha bolani Oʻzbekistonning minglab oilasi oʻz bagʻriga oldi va bir mayizni qirq boʻlib yedi. Bolajonlar shu eldan mehr topdi. Bu xalqimizning azaliy bolajonligini bildirardi.
Yana bir xushxabar! Shomahmudovlar oilasiga bagʻishlangan meʼmoriy yodgorlik shu kunlarda Respublika baynalmilal madaniy markazi tasarrufidagi Doʻstlik bogʻiga oʻrnatilmoqda.
Urush oʻchogʻida boʻlgan, front ortida beminnat xizmat qilgan buyuk bobolar, muhtarama momolar! Sizning oldingizda bosh egamiz!