TOShKENT, 23-may — Sputnik. 8-iyun kuni Toshkentdagi "Istiqlol" san’at saroyida italiyalik mashhur tenor Andrea Bochelli chiqish qiladi. Musiqachi Toshkentda ilk bor o‘zining yakkaxon konsert dasturini namoyish etadi.
Andrea Bochelli konserti O‘zbekiston Madaniyat vazirligi hamda rossiyalik metsenat Alisher Usmonov qo‘llab-quvvatlashi ostida tashkil etilmoqda.
Konsert oqshomi ikki qismdan iborat bo‘ladi. Birinchi qismda Bochelli eng mashhur operalardan ariyalar ijro etsa, ikkinchi qismda Andreaning mashhur xitlari yangraydi.
Mashhur tenor bilan bir sahnada maxsus mehmonlar chiqish qilishi kutilmoqda. Ularning chiqishlari tomoshabinlar uchun yoqimli surpriz bo‘ladi.
Andrea Bochellini "Yangi ming yillik ovozi" deb atashadi. Tanqidchilarning fikricha, uning ovozi opera olamiga yangi nafas olib kirgan.
Bochelli musiqadan tashqari ijtimoiy fanlarga qiziqadi. U Piza universitetini tamomlagan va yurist diplomini olgan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.