TOSHKENT, 21 noya — Sputnik. Oʻzbekiston davlat geologiya qoʻmitasi va bir qator Janubiy Koreya kompaniyalari Oʻzbekistonda joylashgan oltin konlarini oʻrganish va ishga tushirish borasida bir qator shartnomalar imzolashdi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Davlat Geologiya qoʻmitasi vakilining xabarlariga koʻra, dastlabki bosqichda Koreya tomoni Oʻzbekistondagi foydali qazilmalar maydonlarni oʻrganish va yangi konlar topish uchun 10 million dollar yoʻnaltiradi.
“Undan tashqari, biz Navoiyda joylashgan “Sautbay” volfram konidan Koreyaning Shindong Resources kompaniyasi bilan hamkorlikda foydalanishda davom etamiz. 2018 – 2019 yillarda xom-ashyo bazasini kengaytirish rejalashtirilmoqda”, — dedi suhbatdosh.
Ushbu kunlarda Janubiy Koreyada erishilgan yana bir muhim kelishuv – Oʻzbekistonda Hanjin D&B kompaniyasi bilan hamkorlikda zamonaviy gidrofikatsiyalangan qazish uskunalari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston eng yirik oltin, uran, mis, kaliy tuzlari, fosforit va kaolin zahiralari joylashgan 10 mamlakat qatoridan oʻrin olgan. Oltin va uran qazib olish boʻyicha respublika dunyoda yetakchi oʻrinlardan birida.
Bugungi kunda Oʻzbekiston hududida 1931 ta turli foydali qazilma konlari bor. Ulardan 814 ta qurilish materiallari konlari, 624 ta toza va mineral suv osti suvlari, 235 ta uglevodorod, 152 ta metal, 37 ta togʻ-kon, 32 ta togʻ-kimyo, 30 ta rangli toshlar va 7 ta koʻmir va yonuvchi slanets konlari mavjud.