TOSHKENT, 19 yanv — Sputnik. Yetti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan samarqandlik ayol Xotin-qizlar qoʻmitasi aralashuvi tufayli qamalmay qoldi, deb xabar qildi viloyat hokimligi matbuot-xizmati.
Jinoyat ishlari boʻyicha Ishtixon tuman sudi K.Bekmirzayevani Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybli deb topadi va unga 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlab, umumiy tartibli koloniyada oʻtashi belgilanadi.
Karima Bekmirzayeva sud hukmidan norozi boʻlib, appelyatsiya tartibida shikoyat beradi.
Viloyat xotin-qizlar qoʻmitasi ushbu holat boʻyicha xizmat tekshiruvini oʻtkazadi. Shu jarayonda jinoyat sodir etgan fuqaro yashaydigan mahalladagi faollar, koʻshnilar, qarindosh-urugʻlari bilan suhbatlar oʻtkaziladi. Natijada u yaxshi oila bekasi, voyaga yetmagan ikki nafar bolaning onasi ekanligi aniqlanadi.
17 yanvar kuni jinoyat ishlari boʻyicha viloyat sudining appelyatsiya instantsiyasi sudlov hayʼatida viloyat xotin-qizlar qoʻmitasi rahbarligida ichki ishlar, sogʻliqni saqlash boshqarmalari, "Oila" ilmiy-amaliy markazi, musulmonlar idorasi viloyat vakilligi, "Onalik va bolalikni qoʻllab-quvvatlash markazi" hamda bosh otinoyi ishtirokida Karima Bekmirzayevaning ishi jinoyat ishlari boʻyicha viloyat sudi raisi Zafar Fayziyev raisligida qayta koʻrib chiqildi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, sud belgilangan jazo muddatini shartli jazoga aylantirib, Karima Bekmirzayevaga 3 yil sinov muddati belgilandi va u shu kunning oʻzida sud zalidan ozodlikka chiqarildi. Shu yerda oʻzaro ziddiyatga borgan qoʻshnilar yarashtirildi.
Ishtixon tumanidagi Bogʻixon mahalla fuqarolar yigʻini raisi Bekmirza Sindorov va hududiy profilaktika noziri Bobur Gʻaniyev ayblanuvchiga murabbiy etib biriktirildi hamda doimiy nazoratga olinishi belgilandi.