TOSHKENT, 20 dek - Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 20 dekabr kuni yangi qabul qilingan soliq siyosati kontseptsiyasini amaliyotga toʻliq tatbiq qilish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deb xabar qildi prezident matbuot-xizmati.
Videoselektor yigʻilishida yangi yaratilgan soliq maʼmuriyatchiligi tizimini oqilona yoʻlga qoʻyish uchun amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab berildi.
2019 yil 1 yanvardan boshlab, xodimlar sonidan qatʼi nazar, tovar aylanmasi 1 milliard soʻmdan yuqori boʻlgan subʼyektlar umumbelgilangan soliq toʻloviga oʻtadi.
"... yagona soliq toʻlovchi bilan umumbelgilangan soliq toʻlovchilar oʻrtasida soliq yukidagi farq haddan tashqari yuqori boʻlib, bu kichik biznesning yiriklashuvini ragʻbatlantirmaydi. Dunyoga mashhur “Adidas”, “Nayk”, “Indezit”, “Knauf” kabi brendlar oʻz vaqtida kichik oilaviy korxona boʻlgan va ushbu ragʻbat tufayli yirik kompaniyalarga aylangan. Oʻzbekistonda qachon shunday yirik brendlarga ega boʻlamiz?", - deb taʼkidlagan Mirziyoyev selektor yigʻilishi davomida.
Umumbelgilangan soliqlarni hisoblash boʻyicha hududiy soliq organlari xodimlarining malakasi va amaliy koʻnikmalarini oshirish, tadbirkorlik subʼyektlari buxgalterlarini bunga tayyorlash kerakligi taʼkidlangan.
Soliq toʻlovchilar yuzaga keladigan barcha tushunmovchiliklarga javob topishi uchun "Savol va javob" internet sahifasini hamda kechayu kunduz ishlaydigan "Koll tsentr"lar faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda.
Yangi soliq kodeksi soliqqa tortish boʻyicha barcha tartib, mexanizm va uslublarni toʻliq qamrab olishi, hamma uchun tushunarli boʻlishi kerak. Bu ishlar adolatli va ragʻbatlantiruvchi soliq tizimini yaratish boʻyicha qoʻygan birinchi qadamlarimizdir, deb qayd etgan davlat rahbari.