TOShKENT, 25 mar – Sputnik. Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati va “O‘zbekko‘mir”ga yaqin orada 20 ta eng yangi robotlashtirilgan BelAZ samosvallari yetkazib beriladi, deb xabar qilmoqda Podrobno.uz.
Ushbu ulkan samosvallarni raqamlashtirishda, Rossiyaning VIST GRUPP kompaniyasi yordam beradi. Kompaniya xabariga ko‘ra, "Karyer" nomli ochiq konlarda ishlayotgan samosvallarni robotlashtirish tizimi ularning samaradorligini 5-15 %ga oshirishga hamda ekspluatatsiya xarajatlarini 8 %ga kamaytirishga yordam beradi.
"Karyer" tizimi joriy etilishi natijasida umumiy xarajatlardan 5-10 % iqtisod qilish mumkin. Bu yiliga 10 million tonna ruda qazib olinayotgan konlarda xarajatlardan 1,3 million dollar tejab qolishga yordam beradi, deyilgan xabarda.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda O‘zbekiston konlarida 1000 ga yaqin Belarussiya samosvallari ishlaydi. Korxona xabariga ko‘ra, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston BelAZning eng yirik mijozlari orasida ikkinchi o‘ringa chiqqan.