TOSHKENT, 19 iyul — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev aholining keng qatlamlari uchun hamyonbop boʻlgan yengil avtomobilning yangi zamonaviy modeli ishlab chiqarishni topshirdi.
Shavkat Mirziyoyev imzolagan “Oʻzbekiston Respublikasi avtomobil sanoatini jadal rivojlanish boʻyicha qoʻshicha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi” qarorida 2019–2023 yillarda avtomobil sanoatini rivojlantirishning asosiy koʻrsatkichlari belgilab berilgan.
Xususan:
- yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmini 350 ming donagacha oshirish;
- yengil avtomobillarni mahalliylashtirish darajasini oʻrta hisobda 60 foizgacha yetkazish;
- yuk avtomobillari va avtobuslar ishlab chiqarish hajmini 10 ming donagacha oshirish;
- avtomobillarning yillik eksport hajmini 100 ming donagacha yetkazish;
- korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini, shuningdek, “YERP” avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimini joriy etish;
Shuningdek, qaror bilan aholining keng qatlamlari uchun hamyonbop boʻlgan yengil avtomobilning yangi zamonaviy modeli ishlab chiqarilishini nazarda tutgan holda avtomobillarning modellar qatorini yangilash belgilab qoʻyilgan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq 2019 yil 1 oktyabrdan keyin tuziladigan shartnomalar boʻyicha UzAutoMotors AJ tomonidan ishlab chiqariladigan avtomobillarga aktsiz soligʻi bekor qilinishi haqida xabar qilgan edik. Bundan tashqari, Oʻzbekistonda 1 oktyabrdan trade-in dasturi ishga tushiriladi. Unga koʻra eski avtomobilni qoʻshimcha toʻlov bilan yangisiga almashtirish mumkin boʻladi.