TOSHKENT, 25 iyul – Sputnik. Ozarbayjon Qurolli Kuchlariga tegishli MiG-29 samolyoti Kaspiy dengiziga quladi, deb xabar qildi Ozarbayjon Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
Baxtsiz hodisa kecha, 24 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 22:00 da sodir boʻldi.
Ozarbayjon Harbiy havo kuchlariga qarashli boʻlgan samolyot Kaspiy dengizi ustida mashq qilayotgan boʻlgan va kutilmaganda radarda koʻrinmay qolgan.
Samolyotning halokatga uchrab, dengizga qulashi versiyasi dastlabki taxmin sifatida koʻrilyapti.
Ayni vaqtda qulagan samolyotning uchuvchisini qidirish ishlari olib borilmoqda.
MiG-29 samolyoti qulashi holati yuzasidan Ozarbayjon harbiy prokuraturasi tomonidan jinoiy ish qoʻzgʻatildi.