TOSHKENT, 31 okt – Sputnik. Jinoyat ishlari boʻyicha Quyi Chirchiq tuman sudida sudlanuvchi Ahmadjon Tursunboyev va boshqalarga nisbatan uchinchi sud hukmi eʼlon qilindi.
Oliy sud matbuot xizmatining Sputnik Oʻzbekistonga maʼlum qilishicha, A. Tursunboyev Oʻzbekiston JKning 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “a”, “v” bandlarida koʻzda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor deb topilgan va unga 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
A. Tursunboyevga tayinlangan jazoga qisman jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyat sudining 2019 yil 20 maydagi hukmi bilan tayinlangan jazosini qoʻshib, uzil-kesil oʻtash uchun 1 yil muddatga tadbirkorlik bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilingan holda 14 yil 3 oy ozodlikdan mahrum qilindi. Shuningdek, u 52 mln 96 ming soʻm jarima toʻlaydi.
Ushbu sud jarayonida 230 dan ziyod jabrlanuvchilar koʻrsatmalari tinglandi va ularga yetkazilgan moddiy zarar undirilishi belgilandi.
Eslatib oʻtamiz, Ahmadboy ishi boʻyicha birinchi sud 2018 yil fevralida oʻz nihoyasiga yetgan. Sud hukmiga koʻra, unga 13 yil qamoq jazosi tayinlangan.
May oyida boʻlib oʻtgan ikkinchi sudda esa u 10 yil muddatdan ozodlikdan mahkum etilgan. Birinchi suddagi jazo qoʻshilgan holda Ahmad Tursunboyevga 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish va EKIHning 400 baravari miqdoridagi jarima tayinlangan.