TOSHKENT, 8 mar — Sputnik. Oʻzbekistonlik bokschi Bobousmon Baturov birinchilardan boʻlib Tokio-2020 litsenziyasiga ega boʻldi. Bu haqda Milliy olimpiya qoʻmitasi xabar qildi.
Baturov Iordaniya poytaxtidagi boks boʻyicha Osiyo/Okeaniya mintaqalari uchun Tokio Olimpiadasiga yoʻllanma beruvchi turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etgan.
“Xitoylik Kiong Yersunga qarshi jang olib borgan yurtdoshimiz 3 raund davom etgan bellashuvda ustunligini namoyish qildi va bahsni oʻz foydasiga hal qildi. Eng asosiysi, ushbu gʻalaba Baturovga Tokio-2020 yozgi Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini taqdim qildi”, - deyiladi xabarda.
Shu tariqa Oʻzbekiston delegatsiyaning Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlariga qoʻlga kiritgan yoʻllanmalari soni 15 taga yetdi. Bugun Olimpiada litsenziyalari uchun ringga yana 4 nafar bokschi koʻtariladi.