TOSHKENT, 27 mar — Sputnik. Oʻzbekiston fuqarolarining Koreya Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuborilishi nomaʼlum muddatga qoldirilgan. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining axborot xizmati maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, joriy yilning mart-oylarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun fuqarolarning Koreya Respublikasiga yuborilishi rejalashtirgan, buning uchun Koreya Respublikasi ish beruvchilari tomonidan shartnoma loyihalari va viza tasdiqnomalari berilgan.
Ammo koronavirus infektsiyasining kirib kelganligi bois Oʻzbekiston hududida karantin eʼlon qilingan va hukumat Maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq dunyoning barcha davlatlari bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi xalqaro avia, temir yoʻl va avtobus aloqalari, chegara oʻtkazish punktlarida harakat taqiqlangan.
Aynan shuning uchun shartnoma loyihalari kelgan Oʻzbekiston fuqarolarini Koreya Respublikasiga mehnat faoliyatini olib borish uchun yuborilishi nomaʼlum muddatga qoldirilgan.
Epidemiologik vaziyatning barqarorlashishi bilan Oʻzbekiston fuqarolari Koreya Respublikasiga yuborilishi Agentlik hamda mutasaddi tashkilotlar tomonidan nazoratga olingan.