TOSHKENT, 27 mar — Sputnik. Sogʻliqni saqlash vazirligi koronavirusga chalingan bemorlar haqida maʼlumot berdi.
Xabarda aytilishicha, ayni paytda Oʻzbekistonda koronavirus infektsiyasi qayd etilishi holatlari 83 tani tashkil etmoqda. Ulardan 35 nafari erkak, 48 nafari esa ayollar. Shundan 5 nafari voyaga yetmagan bolalar.
“Yosh jihatdan qaraydigan boʻlsak, 0-9 yoshgacha – 5 nafar, 10-19 yoshgacha – 2 nafar, 20-29 yoshgacha – 24 nafar, 30-39 yoshgacha – 17 nafar, 40-49 yoshgacha – 16 nafar, 50-59 yoshgacha – 11 nafar, 60-69 yoshgacha – 7 nafar hamda 70 – 79 yoshgacha boʻlganlar ham 1 nafarni (miokard infarktdan vafot etgan bemor) tashkil etmoqda”, - deyilgan xabarda.
Hozirga qadar Frantsiya, Turkiya, BAA, Rossiya, Saudiya Arabistoni hamda Shveytsariya davlatlarida boʻlib qaytgan 23 nafar fuqaroda koronavirus infektsiyasi aniqlangan boʻlib, 60 nafar fuqaro esa ular bilan yaqin muloqotda boʻlgani uchun yuqtirib olishgan.
Ayni paytda koronavirus infektsiyasi bilan kasallanganlarning 6 nafari Fargʻona, 5 nafari Namangan va 3 nafari esa Andijon viloyatlaridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda.
22 mart kuni Istanbul–Buxoro charter reysida Oʻzbekistonga olib kelinib, karantinga olingan fuqarolar orasidan poytaxtlik, Toshkent va Andijon viloyatidan 3 nafar kishida ham koronavirus infektsiyasi aniqlangandi. Ushbu bemorlar Buxoro viloyatidagi yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan shifoxonada davolanishmoqda. Qolgan bemorlar esa Toshkentdagi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan. Shifokorlar tomonidan barcha bemorlarga standartlar asosida davolash muolajalari olib borilmoqda.
