TOSHKENT, 13 apr — Sputnik. Xorazmda Tuproqqalʼa tumani hokimligi tashkil etildi. Tegishli prezident qarori 2020 yil 11 aprel kuni qabul qilindi.
Qaror bilan davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalarining Tuproqqalʼa tumanidagi boʻlinmalari roʻyxati hamda ushbu tumanni tashkil etish bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni hal etish boʻyicha respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.
Respublika komissiyasi tumanni tashkil etish bilan bogʻliq zarur kompleks tashkiliy-texnik tadbirlar rejasini ishlab chiqadi, shuningdek yuzaga keladigan ijtimoiy masalalarning oʻz vaqtida hal etilishini taʼminlaydi.
Tumanda qoʻshimcha shtat birliklari ajratilgan holda adliya boʻlimi va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari, shuningdek davlat xizmatlari markazi tashkil etiladi.
2020 yil 1 sentyabrga qadar tuman markazining 2035 yilgacha boʻlgan bosh rejasi ishlab chiqiladi.
Shuningdek, tumanning butun hududi uchun “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasida belgilangan imtiyoz va preferentsiyalar amal qilishi belgilandi.