06:31 17 Avgust 2018
Efir
  • RUB115.07
  • EUR8888.62
  • USD7790.20
Ikbol Mirzo predsedatel  Komiteta Senata po voprosam molodeji, kulturы i sporta

Iqbol Mirzo prezident topshirigʻi, toʻylar masalasi va chetda turib tosh otuvchilar haqida

© senat.uz
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
158041

Senator Iqboljon Mirzaliyev Shavkat Mirziyoyev u boshqarayotgan Qoʻmita oldiga qanday vazifalar qoʻygani, mahalla oqsoqollari kamxarj toʻy qilayotgan fuqarolar roʻyxatida boylarni yashirayotgani hamda chetda turib Oʻzbekistonga tosh otayotganlar haqida gapirdi

TOSHKENT, 9 avg - Sputnik. 2018 yil 8 avgust kuni Toshkentdagi Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining oʻtgan davrdagi faoliyati yakunlari va istiqboldagi yoʻnalishlariga bagʻishlangan Matbuot anjumani boʻlib oʻtdi, deb xabar qildi  Sputnik Oʻzbekiston muxbiri. 

Qoʻmita raisi Iqboljon Mirzaliyev (Iqbol Mirzo, tahr.) tadbir davomida Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev ishni endi boshlayotgan senator oldiga qanday vazifalar qoʻygani, mahalla oqsoqollari kamxarj toʻy qilayotgan fuqarolar roʻyxatida nega boylarni yashirayotgani hamda chetda turib Oʻzbekistonga tosh otayotganlar haqida gapirdi.

Oʻzbekiston prezidenti qanday vazifa qoʻygan edi?

Iqbol Mirzoning aytishicha, joriy yil aprel oyida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tashkil qilingach, u oʻz nomzodi qoʻmita raisligiga qoʻyilganidan xabar topgan. Shundan soʻng, u Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatga chaqirtirilgan.

Oʻzbekiston prezidenti Iqbol Mirzo bilan suhbatda gapni qisqa qiladi: Qoʻmita oʻz faoliyati davomida asosiy eʼtiborni yoshlarning vatanparvarlik ruhida tarbiya topishiga qaratishi lozim edi.

"Qoʻmita nomida yoshlar, madaniyat va sport oʻz aksini topgani, bir nuqtada tutashgani ham bejizdan emas. Hammasi vatan taraqqiyoti, himoyasi, vatanparvarlik uchun yoʻnaltirilgan, aslida olganda", - deydi senator va yoshlar madaniyatli hamda sportchi boʻladigan boʻlsa, hech qachon hech qanday muammo boʻlmasligini qoʻshimcha qiladi.

"Meni senator emas, shoir sifatida koʻrishga oʻrganib qolishgan"

Aytish joizki, Iqbol Mirzo raisligidagi qoʻmita matbuot-anjumani qiziqarli va erkin kechdi. Oʻzbekiston xalq shoiri jurnalistlar bilan uchrashuvda shu kechayu-kunduzda guvohi boʻlayotgan qiziqarli voqealardan ham koʻpgina misollar keltirdi.

Ana shunday misollardan biri xalq Iqbol Mirzoni senator emas, balki shoir sifatida koʻrishga oʻrganib qolganligi xususida boʻldi.

"Kecha bir ogʻaynim menga aytyaptiki, sen televizorda chiqsang, farzandlarim "Iqbol togʻam chiqdi televizorda!", deb yugurishadi. Men sheʼr oʻqiysanmi desam, nuqul boshqa gaplarni gapirayotgan boʻlasan deydi. Televizorda senator sifatida chiqishlarimiz koʻp, qoʻlimizdan kelgancha bizga yuklatilgan ishlarni olib boryapmiz", - deydi Iqbol Mirzo.

"Bugungi kabi talab va masʼuliyat hech qachon boʻlgan emas"

Iqboljon Mirzaliyev oʻz chiqishi davomida senatorlik vazifasi masʼuliyati haqida ham toʻxtalib oʻtdi.

"Bugungi kabi talab va masʼuliyat hech qachon boʻlgan emas. Bugungi kabi Senatning ichki muhiti va ichki hayoti bu darajada joʻshqin, bu darajada qaynoq boʻlgan emas. Hozir senatorlar oʻzini haqiqiy senator deb his qilib, ishlashayapti. Men buni sizlarga kafolat berib aytishim mumkin", - deydi senator.

Iqbol Mirzoning soʻzlariga koʻra, hozir bajarilayotgan ishlar birdaniga koʻzga koʻrinmayotgan boʻlishi mumkin, lekin aslida hamma sohada senatorlar faol ishtirok etishmoqda.

Iqbol Mirzoning toʻylar haqidagi oʻylari

Senator Qoʻmitaga toʻylar borasida ham qator vazifalar yuklatilganini qayd etib oʻtdi.

"Oʻrganishlar, tahlillar shuni koʻrsatayaptiki oʻzbek uchun eng asosiy narsa - toʻy ekan. Hamma narsamiz toʻyga qaratilgan ekan. Hamma maqsadimiz, murodimiz hatto ertaklarimiz ham toʻy bilan tugaydi-da. "Qirq kecha-yu, qirq kunduz toʻy berib, murodu-maqsadiga yetibdi", deb tugaydi ertaklarimiz. Hayotda duolarimiz ham "toʻylarga yetqazsin" degan duolar", - deydi u va toʻylar borasida oʻz yechimini kutayotgan masalalar nihoyatda koʻpligini aytadi.

Senator xalq orasida "toʻylar toʻgʻrisidagi qarorning bekor boʻlganligi va xalq endilikda xohlagancha toʻy qilishi mumkinligi" haqidagi mish-mishlar borasida ham toʻxtalib oʻtdi.

Iqbol Mirzoning aytishicha, bu tarqalgan gaplar notoʻgʻri. Oʻzbekiston prezidenti senatorlar oldiga qarorni yanayam takomiliga yetkazish topshirigʻini qoʻygan. Ertaga, masalan, bu qaror qabul qilinadigan, qonunlashadigan boʻlsa, ogʻriqli savollar chiqmasin. Bundan tashqari, Oʻzbekiston koʻpmillatli davlat boʻlgani uchun boshqa millat vakillari manfaatlari ham hisobga olinmogʻi kerak. "Qonun chiqqandan keyin hammaga barobar boʻladi. Biz bu borada ham monitoring ishlarini olib boryapmiz", - dedi Mirzaliyev.

Senator bir masala koʻtariladigan boʻlsa "ura-ura" qilib boshqa tarafga tortib ketish singari "qiziq odatlarimiz" bor, deya taʼkidladi.

"Prezidentimizning oʻzlari 150-200ta odam bilan (toʻy oʻtkazishni) taklif qilib turibdilar. Lekin goʻyoki buyam musobaqa-da. "Biz 50ta odam bilan toʻy qilamiz, biz 60ta odam bilan toʻy qilamiz", deb odamlarni qiynashni nima keragi bor? Mahalla oqsoqollari turib shunga oʻxshagan takliflarni gapirgan, endi buning orqasidan qancha noqulay vaziyatlar yuzaga kelayapti. Boʻladigan gapni gapirish kerak, boʻladigan ishni qilish kerak. Odamlarning jigʻiga tegmaslik kerak", - deydi qatʼiy Iqbol Mirzo.

Senatorning aytishicha, bu masalada prezidentning asosiy talabi - odamlar, xususan, oʻrta qatlam qiynalmasligida. Va bu yerda, ushbu qaror, boylarni "chetlab oʻtishi" holati boʻlmaydi.

"Olmazor tumani mahallalaridan kamtarona toʻylarni roʻyxatini beringlar, desak, bizga shunaqa roʻyxat berishyaptiki, roʻyxatdagilar xohlasa ham katta toʻy qila olmaydi. Chunki bir joyda ishlamaydi, ota-onasi yo yoʻq, yoki pensioner, kambagʻal, faqir, ishsiz odam. Shu odam 100 kishilik toʻy qilyapti, deb bizga roʻyxat berishayapti. Oʻzi imkoniyati shu uni, boylarni esa yashirishayapti. Bizga shu paytgacha boy odam kamxarj toʻy qilayapti, kamtarona toʻy qilayapti degan axborot kelib tushgani yoʻq", - deydi senator.

"Oʻzi asl maqsadimiz nima? Pul topib, toʻgʻri pulni xalol mehnat qilib, tadbirkorlik orqali oshib-toshib ketgan odamlarimiz ham koʻp, lekin asl maqsadimiz, shuki, shular boshqalarga oʻrnak boʻlib, kamtarona toʻy qilsa, quturib ketmasa, odamlarning jigʻiga tegmasa, gʻashini keltirmasa. Axir shu maʼnoda qilinayapti-ku bu siyosat!?". 

Ayni vaqtda Olmazor tumanida senat vakillari va deputatlar aynan toʻylarni ixchamlashtirish borasida ish olib borishmoqda. Va hatto, tez kunda Olmazor tumani mutasaddilari ixcham toʻylar qanday oʻtkazilishi kerakligi borasida butun respublikaga oʻz takliflari bilan chiqishga tayyor. Olmazor tumanidagi deputatlarning aytishicha, "ixcham" toʻylarga ketadigan sarf-xarajatlar 6-8 million soʻmni tashkil qiladi.

Oʻzbekistonga tosh otadiganlar haqida

Iqbol Mirzo oʻz chiqishi davomida "Yoshlar Ittifoqi" faoliyatiga ham toʻxtaldi.

"Yoshlar Ittifoqi" ishlamayapti, deb tosh otayotganlar bekorni aytibdi. Juda katta ish boʻlayapti. Qizigʻi shundaki, mana shu eʼtiroz bildirayotgan odamlar oʻzlari shu narsadan bexabar. Oʻzlari bilmaydi shu hayotda nimalar kechayotganini. Oʻzlari chetlarda turib olib, faqat telefon oʻynab yotadi-da, faqat Feysbukka kirib, "hayot shundan iborat ekan-da", deb oʻylaydi-da, aslida bu yoqda ketayotgan ishlardan va bu ishlar osonlikcha ketmayotganligidan ularning xabarlari yoʻq", - deydi senator.

Molodaya uzbekskaya mama s rebyonkom
© Flickr / Giorgio Montersino

Iqbol Mirzo Oʻzbekiston xalqi har yili yarim millionga koʻpayayotgan xalq ekanligini eslatib oʻtdi.

"Yarim million degani - Lyuksemburgdan koʻra, Islandiya degan mamlakat aholisidan koʻproq-da. Xudo xohlasa, yana 20-30 yildan keyin 50 millionga yetamiz. Har yili besh yuz ming nafar dunyoga kelayotgan, har yili besh yuz ming nafar maktab-kollejlarni bitirayotgan bolalarni ish bilan taʼminlash, ularni oʻqitish, qornini toʻqlash, ularning xavfsizligi, sogʻligʻi masalalari - bu oson masalalar emas", - deydi u va bu yerda chekkada turib tosh otgandan koʻra, yordam berish toʻgʻriroq boʻlar edi, deb qoʻshimcha qiladi.

Chetdan turib, "e, hech narsa boʻlmadi", deb tosh otish juda oson. Undan koʻra, yordam ber. Hech boʻlmasa yaxshi gap, yo maslahating bilan ishtirok et, deya oʻz nutqini yakunlaydi senator.

Asosiy mavzular