05:26 23 Sentyabr 2018
Efir
  • RUB118.05
  • EUR9347.75
  • USD8039.00
Prezident Belarusi Aleksandr Lukashenko na peregovorax v Tashkente

"Biz diktatorlarmiz": Lukashenkoning Toshkentdagi yorqin nutqi

© Sputnik / Ramiz Baxtiyarov
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
148350

Lukashenko Oʻzbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov bilan oʻrtadagi kelishmovchilik mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlikka taʼsir koʻrsatganini, ammo Shavkat Mirziyoyevning hukumat tepasiga kelishi ikki davlat oʻrtasida munosabatlarning mutlaqo yangi bosqichi boshlanganini eʼtirof etdi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 24 yillik tanaffusdan soʻng ilk marotaba Oʻzbekistonga davlat tashrifini amalga oshirdi.

Tantanali kutib olish marosimi, tor va keng doiralardagi muzokaralardan soʻng ikki davlat oʻrtasida hujjatlar imzolanishi jarayoni boshlandi.

Bu maqsadi mavhum memorandumlar emas, balki aniq kelishuvlarga asoslangan 19ta bitim edi. 

Shundan soʻng Oʻzbekiston va Belarus prezidentlari OAVlar qarshisida bayonot qilishdi.

Aleksandr Lukashenko Oʻzbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov bilan bir-biriga "iliqlik" tuygʻularni sezishmagani tufayli bu holat mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlikka taʼsir koʻrsatgani, ammo Shavkat Mirziyoyevning hukumat tepasiga kelishi Belarus va Oʻzbekiston oʻrtasida munosabatlarning mutlaqo yangi bosqichi boshlanganini eʼtirof etdi.

Sputnik Oʻzbekiston Belarus prezidenti nutqidagi eng yorqin fikrlarni eʼtiboringizga havola qiladi.

"Chorak asrlik yoʻqotishlarni 3-4 yilda qoplaymiz"

Oʻz nutqi avvalida Oʻzbekiston-Belarus munosabatlari sifat jihatdan yangi bosqichga chiqqanini eʼtirof etgan Lukashenko, ikki oʻrtada boʻlib oʻtgan sal kam chorak asrlik tanaffusni "3-4 yil ichida yengib oʻtishni rejalashtirmoqdamiz", deya maʼlum qildi u.

Lukashenko Belarus Oʻzbekiston bilan oʻzaro tushunish va oʻzaro ishonch asosida ochiq muloqot olib borayotganini, ikki davlat koʻptomonlama munosabatlarni rivojlantirishdan chindan manfaatdorligini aytdi.

"Bugungi muzokaralarimiz prezident (Shavkat Mirziyoyev) aytganidek, iliq, doʻstona, birodarlik ruhida kechdi. Men buni tasdiqlayman. Albatta, asosiy eʼtibor, soʻnggi vaqtlarda, baxtimizga, muvaffaqiyatli kengayib borayotgan savdo-iqtisodiy aloqalarga qaratildi. Iqtisod boʻlar ekan, savdo-iqtisodiy aloqalar boʻlar ekan, doʻstlik boʻladi, munosabatlarimiz taraqqiy etadi", - dedi Belarus yetakchisi.

"Memorandumlarni yomon koʻramiz"

Belarus va Oʻzbekiston oʻrtasida imzolangan hujjatlar haqida toʻxtalar ekan, Lukashenko hali shu paytgacha rasmiy Minsk hech bir davlat bilan bu qadar koʻp aniq kelishuvlarni imzolamaganini qayd etdi.

"Bu aniq hujjatlar va bitimlar. Mening doʻstim Memorandumlarni yomon koʻradi, men ularni umuman yoqtirmayman", - dedi Lukashenko (zalda kulgi koʻtarildi) va aniq bitim boʻlsagina ish yurishishini taʼkidladi

"Oqsoqollar"ga murojaat

Aleksandr Lukashenko, Mirziyoyevga murojaat qilar ekan, "Mana, koʻrib turibman, zalda bizning "oqsoqollarimiz" - mamlakatdagi eng yirik, gigant-korxonalar rahbarlari oʻtirishibdi, mamlakatimiz iqtisodiyotini mana shular yurgʻizadi", dedi.

Soʻngra, Shavkat Mirziyoyev guvohligida yirik-biznes doiralar vakillariga Oʻzbekiston boʻyicha topshiriq berdi.

"Oʻzbekistonga kelgusi safar aniq loyihalar bilan qaytishingiz kerak. Siz yix oxirigacha bu yerdan ish topishingiz kerak. Oʻzingizga yozib oling, har bir kelgan rahbardan u Oʻzbekistonda ertagayoq topa oladigan aniq ish rejasini soʻrab olinglar. Men sizdan boshqa hech narsa soʻramayman talab ham qilmayman. Bittadan loyiha taqdim eting, oʻshanda koʻrasiz, aylanma hajmi va natija qanday boʻlishini", - dedi Lukashenko.

Gap bu yerda, ikki davlatning salohiyatini hech qanday siyosiy ittifoqdoshliksiz birlashtirish haqida borgan edi.

"Belaruslar aql oʻrgatayapti demang"

Lukashenko oʻz nutqida zaldagi ishtirokchilarga murojaat qilar ekan, "Belaruslar kelib aql oʻrgatayapti, degan fikr sizlarda hosil boʻlmasligini xohlardim", dedi.

"Biz sizlar bilan sobiq Ittifoq davridayoq bu texnologiyalarni yaratganmiz. Shunchaki sizlarni "oq oltin" bilan bosib tashlashdi, sizlardan "oq oltin" ber", deb talab etishardi. Va sizlar bu paxtani berar edingizlar. Biz esa texnologiyalarni yaratardik, paxtani qayta ishlardik, va albattaki, bu texnologiyalar bizda saqlanib qoldi, lekin ular oʻsha siz yetishtirgan va bizda qayta ishlangan paxta tufayli yaratilgan edi", - dedi Lukashenko.

Lukashenko oʻzbekistonlik delegatsiya vakillariga murojaat qildi va agar ularda Belarusdagi biron bir ishlab-chiqarish korxonasiga nisbatan zarracha boʻlsa-da, qiziqish paydo boʻlgan boʻlsa, hech tortinmay savol berishlarini soʻradi.

"Bizda yopiq mavzuning oʻzi yoʻq, qiziqdingizmi, soʻrang, koʻrsatamiz, oʻrgatamiz, kerak boʻlsa kadrlar bilan taʼminlaymiz. Sizdan faqatgina faollik talab etiladi", - dedi siyosatchi.

Belarus rahbari shu oʻrinda yaqinda mamlakatda Hukumat aʼzolarining teng yarmi oʻz mansablaridan mahrum boʻlganliklarini esga oldi. "Ular natija yoʻqligi uchun ishdan mahrum boʻldilar. Men ham doʻstim (Mirziyoyev) singari natijani yaxshi koʻraman. Axir bizda diktatura-ku, Oʻzbekistonda va Belarusda", - dedi Lukashenko. Belarus rahbarining bu gapidan keyin ham zalda navbatdagi bor kulgi koʻtarildi.

 

Asosiy mavzular