06:20 13 Dekabr 2018
Efir
  • RUB125.22
  • EUR9456.46
  • USD8312.64
Prezident Uzbekistana Shavkat Mirziyeyev pered zasedaniyem soveta glav gosudarstv - chlenov Shanxayskoy organizatsii sotrudnichestva (SHOS)

Mirziyoyev: mintaqalar, shaharlar, qishloqlar va odamlarni oʻzgartirayotgan prezident

© Sputnik / Vladimir Astapkovich
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
139040

Qadimgi rim imperatorlaridan biri “Rimni yogʻochligicha qabul qilib, marmar holda qoldiryapman”, degan ekan. Xuddi shunga oʻxshash gapni Islom Karimov ham aytishga haqli edi: u Oʻzbekistonni paxsa holida qabul qilib, gʻishtin holda qoldirdi. Lekin bu Shavkat Mirziyoyevga ideal holdagi bir davlat qolgan edi, degani ham emas.

Karimovning davlat boshqaruvidagi yuksak salohiyatiga shubha bildirmagan holda aytish lozim, keyingi yillarda cheklovlarning haddan oshib ketishi, mamlakat ichki, tashqi siyosatida, hatto  fuqarolarning oddiy hayotida ham koʻplab muammolarni yuzaga keltirdi.

Mirziyoyev davlat boshqaruvidagi dastlabki faoliyatini juda oddiy va oʻta ramziy holatdan boshladi: ayrim qoʻshiqchilardan taqiqni olib tashladi va ilgari nima sababdandir oʻz-oʻzidan yopib qoʻyilgan yoʻllarni ochdi. Axir bu sharq-ku, har bir soʻz va harakatning oʻz mazmunidan tashqari yana boshqa maʼnosi boʻladi.

Mirziyoyev bu harakati bilan butkul ochiqlik siyosatini tanlashini bayon qildi va xalq buni tushundi.

Prezident tomonidan amalga oshirilgan, hozircha unchalar jiddiy baholanmayotgan oʻzgarishlardan biri bu – bolalar borasidagi siyosat. Har holda davlat bolalar uchun masʼuliyatni sekin-asta zimmasiga ola boshladi.

Davlat bola ulgʻayib, u-bu ishlarga yarab qolgandan keyingina davlatning nazariga tushadigan siyosatdan butkul voz kechib, maktabgacha ham barcha bolalar davlat taʼlimi bilan qamrab olish choralari koʻrildi: prezident buning uchun alohida vazirlik tashkil qildi.

Shu paytgacha qatʼiy oʻrnashib qolgan "maktabgacha yoshdagi bolalar faqat ota-onaga kerak", degan aqidani parchalab, bolalarni toʻliq bogʻchalar bilan qamrab olish borasida alohida, aniq tadbirlar belgilandi. Mazkur siyosat bugunga kelib oʻzining dastlabki ijobiy natijalarini bera boshladi.

Oʻzbekiston ushbu siyosatning uzviy davomi sifatida bolalar mehnatidan voz kechish yoʻlidan borilmoqda. 2017 yilning paxta terim mavsumida bolalar, talabalar mehnatidan foydalanmaslik toʻgʻrisida toʻsatdan qabul qilingan qaror koʻpchilikni dovdiratib qoʻydi. Bu yil esa umuman majburiy mehnat taqiqlandi.

Demak, Oʻzbekiston ham sekin-asta bolalar huquqlarini himoya qilish yoʻlidan borib, bu borada oila darajasida ham oʻzining qatʼiy siyosatini yuritadi.

Shu oʻrinda bir gap, bolalar mehnatidan foydalanishning taqiqlanishi nimaga olib kelishini bilasizmi? Tugʻilish kamayadi!

Hozircha esa, davlat voz kechgani bilan ota-ona bolani ishlatishdan qaytgani yoʻq. Qishloqlarda esini tanishi bilan qora mehnatdan boshi chiqmaydigan bolalar qancha? Hech qanday ota-ona bu tekin mehnat kuchidan oʻz holicha voz kechmaydi. Tugʻilishning koʻpligi aslida millatning bolajonligida emas, ulardan foydalanish imkoniyati mavjudligida.

Mana, bola huquqlari haddan ortiq himoyalanadigan Yevropa va AQShda koʻplab yumushlar migrantlar zimmasida. Bu nafaqat bolalar mehnatining taqiqlanishi, balki tugʻilishining kamayib ketishi natijasi. Chunki inson manfaatparast mavjudot. Manfaati boʻlmasa, bolalarini ham koʻpaytirmaydi. Bu anchayin achchiq gap, lekin ana, Rossiya pul toʻlab ham bolalarni koʻpaytirishni toʻliq yoʻlga qoʻyolmayapti.

Oʻzbekistonda aholi soni 33 milliondan oshdi. Agar davlat bola huquqlarini oila darajasida ham faol himoyalashga kirishsa, buning tugʻilishga taʼsiri oʻn yillarda koʻzga tashlanib qoladi. 

Aytish lozim, davlatning ulkan byurokratik mexanizmi mavjud. Uyam oʻz holicha manfaatlaridan voz kecholmaydi.

Prezident oʻz soʻzi, qarori ijrosini eʼtiborsiz qoldirmaydi.

Davlat tuzilmasidagi ilk oʻzgarishlaridan biri –Majburiy ijro byurosining tuzilishi bekorga boʻlmagan. Buning zamirida hgʻam kata ramziy maʼno yashirin: bundan keyin davlat tuzilmalarida ham, oʻzaro munosabatlarda ham intizomsizlik ketmaydi!

Yaqinda qabul qilingan ijro intizomini mustahkamlash borasidagi qaror ham shu yoʻnalishni tartibga solishga qaratilgan.

Prezident saylovoldi nutqlarida davlat tuzilmasini oʻzgartirishi, davlat xizmatchilarining ish faoliyatini ham tubdan takomillashtirishi haqida aytib oʻtgan edi.

Darhaqiqat, bugun davlat xizmatchisi, ilgari shakllangan stereotiplarga toʻgʻri kelmaydi. Endi qorindor "Rais bobo"lar yoʻq. Rahbar tinimsiz yelib-yugurishi, ishlashi va oʻz masʼuliyatlari boʻyicha javob berishi lozim.

Bir paytlar, sovet davridan buyon davlat apparati oʻz atrofida qadimiy qoʻrgʻonlarning baland devorlari kabi oʻtib boʻlmas byurokratik toʻsiqlar yasab olgan edi. Oddiy fuqaro uchun undan oʻtishning deyarli imkoni mavjud boʻlmagan. Yoʻli oddiy – korruptsiya, mahalliychilik, tanish-bilishchilik, telefon huquqi… Oddiy fuqaro bu qoʻrgʻondan deyarli oshib oʻtolmagan…

Yoʻq, oʻtganlar ham boʻlgan. Oʻz huquqini talab qilganlar uchun – deyarli har bir qishloqda davlat apparati bilan kurashish sir-asrorini bilib olgan, hech balodan qaytmaydigan, biroz muttahamroq, biroz adolatparvarroq kishilar boʻlgan, bularni "yozuvchi" deb ham atashgan. Aynan oʻshalar maʼlum haq evaziga, baʼzida esa shunchaki, tekinga, jabrdiydaning yoniga tushib, davlat qoʻrgʻonlarini zabt etishga kirishganlar.

Mirziyoyev oʻsha holatga barham berdi. Davlat ochiqlik yoʻlini tanladi. Endi har kim, xohlagan vaqtda, xohlagan joyda, xohlagan mavzuda davlatga murojaat qilishi va 15-30 kun ichida javob olishi mumkin. Davlat xizmatchisining fuqaro murojaatlarini hal etishdan-da muhimroq vazifasi yoʻq.

Birgina davlat xaridlarini oling!

Shu paytgacha it egasini mushuk bekasini tanimaydigan soha edi. Kim, qaydan, nimani, qanchaga olyapti – nomaʼlum. Nomaʼlumlik korruptsiya yetilishi uchun serunum zamin boʻlgan… «Nohaq jazolandim», deb yurganlarning (ayrimlar haligacha davlat malbagʻiga xiyonat qilishni jinoyat sanamaydi!) ham koʻpi shu sohadan «ketgan»lar. Davlat pulini soxta firmalar orqali naqdlashtirib, tovarni bozordan, arzon-garovga olish rusumga aylanib ketmaganmidi?

Sohadagi yangi qonun bilan barchasiga chek qoʻyildi.

Shu sohaga aloqador yana bir yoʻnalish: bir paytlar avtotransport vositalariga videokuzatuv vositalarini oʻrnatish taqiqlangan edi. Buyam davlat xizmatchisining soʻzidan ustunroq dalil boʻlmasligi uchun, davlat xizmatchilarini sharmanda qilishi mumkin boʻlgan holatlarning omma eʼtiboriga tushishidan choʻchish sababli ham qilingan tadbir edi, chamasi. Endi esa kelasi yildan boshlab, barcha avtotransportlarga ularni oʻrnatish majburiy qilib belgilandi. Endi davlat ochiq va hech nimadan choʻchimaydi. Xizmatchi ham oʻzini munosib tutishi lozim, aks holda jazosini olaveradi.

Prezident davlat apparati bunaqa ishlamasligini kerakligini, bu ustqurma oʻz manfaatlari doirasida faoliyat koʻrsatib, xalqni soʻrib yotishi maqbul ish emasligini (axir nima deyotganini anglab-anglamay "Mehnatkash xalqimiz eng katta boyligimiz", degan shoirni oʻrtaga tashlagan oʻsha davlat edi-da. Yaʼni xalqni ham oʻzining mulkiga qoʻshib yuborgan) tushunib, anglab yetgan va bu tartibni butkul parchalab tashlashga bel bogʻlagan. Ilk qadamlar ijobiy, natijalar esa undan ham yaxshi… 

Prezidentning siyosati faqat xalq bilan muloqot qilish emas, balki ular asosida xalqning dardi, muammolarini bilish va ularni bartaraf etish choralarini koʻrish.

Odamolarni naqd pul muasmmosi qiynayaptimi? Marhamat! Pensiya taʼminoti qoniqtirmayaptimi? Tizim butkul oʻzgartirildi!

Prezident oʻtgan yil Surxondaryoda safari chogʻida, bir cholning xonadonida mehmon boʻlib, krovatida oʻtirib, u bilan suhbatlashayotganda "odamlarni ishlatishga urinyapmiz", deganga oʻxshash fikr bildirdi. Bu oddiy insonga aytilgan, sodda gap aslida prezident siyosatining asosiy magʻzi edi.

"Ishlatish", deganda majburiy mehnat emas, odamlarga ishlash uchun imkon yaratish nazarda tutilgan…

Firma ochish va kredit olish uchun bir paytlar ming bir eshikka kirib chiqish lozim boʻlardi. Shunchalar fikr uygʻonardiki, davlat kredit bermaslik va firma ochilmasligi uchun barcha choralarni koʻrib qoʻygandek, edi goʻyo. Birinchi prezident davrida ham "tadbirkorning ortida men turibman", deb koʻp takrorlardik, biroq davlatning byurokratik apparati oʻz bilganidan qolmagan.

Mirziyoyev prezident etib saylangan kundan boshlab, ilgari yaqiniga yoʻlab boʻlmaydigan bank xodimlari uyma uy yurib, "kredit kerakmi?" deb soʻray boshlaganda hamma oʻsal boʻlib qolgan.

Prezident hamma narsa ishlashi, toʻxtab turmasligi lozim degan tartibda ishlaydi.

Yaqinda boʻsh turgan inshootlardan foydalanish, davlat mulkini sotish borasida qabul qilingan qarorlar shundan darak beradi. Endi boʻsh turgan imoratlar egalari koʻproq soliq toʻlashga majbur boʻladi. Bundan keyin mulkka shunchaki egalik qilib, gerdayib yurish ketmaydi. Ishlash kerak, oʻzi ham ishlasin, mulki ham.

Prezident ziyoli, oʻqimishli inson. Kitobni yoqtiradi. Boshqa davlatlar prezidentlari bilan uchrashganda ularga kitob sovgʻa qilishida ham ulkan bir maʼno-mazmun bor.

Davlat rahbari shu yil Navoiy viloyatidagi uchrashuvlardan birida "mashina berib boʻlsa ham odamlarni oʻqitamiz", deganga oʻxshash fikr bildirdi. Albatta bu urinishlari, saʼy-harakati tahsinga loyiq. Biroq xalq prezident talab qilgan, xohlagan darajada kitobxon emasligi maʼlum boʻlib qoldi. Hatto davlat tuzilmalari ham prezident tomonidan joriy etilayotgan kitobxonlik targʻiboti toʻgʻrisidagi siyosatni yetarlicha amalga oshirishga choʻchib turibdi. Chunki, kitobxonlik maʼnaviyat bilan bogʻliq boʻlgani holda, mamlakatda kitobga tovar sifatida qaraladi. Bozor iqtisodi sharoitida esa har qanday tovar pul keltirishi kerak va uni hech kim oʻz-oʻzidan reklama qilmaydi. Ushbu holat xalqning kitobxon boʻlib ketishiga yoʻl qoʻymayapti.

Prezident yana bir soha – ilm-fanga jiddiy eʼtibor qaratadi. Ilgʻor fikrli inson sifatida bugun qora mehnat orqali mamlakatin rivojlantirish mumkin emasligi, ertangi kun ilm-fan qoʻlida ekani, dunyo miqyosiga chiqish uchun yuksak ilmiy salohiyat zarurligini, iqtisodni ham aynan shu soha belgilab berishini yaxshi tushunadi.

Ilmiy ishlar sohasidagi oʻzgarishlar, akademiklarning tayinlanishi, ilm-fan yutuqlarini hayotga tatbiq etilishini taʼminlash borasida koʻrilayotgan choralar, ilmiy xodimlar ish haqining oshirilishi, mamlakatda oliy oʻquv yurtlari sonining koʻpayishi, xususan chet davlatlar oʻquv yurtlarining filiallari ochilishi, taʼlim olish istagidagi yigit-qizlarga keng imkoniyatlar yaratilishi – bularning barchasi sohaga eʼtiborni anglatadi.

Shu oʻrinda, prezident hammani birdan aqlli, bilimdon qilib boʻlmasliginiyam tushunadi. Qaysi bir ixtisoslashgan maktabda soʻzlagan nutqida: "shu maktabdan bir nafar dahoni tarbiyalasak ham koʻzlagan maqsadimizga erishgan boʻlamiz", degan fikrni bildirdi. Darhaqiqat, bir daho inson butun millatning boshini baland koʻtartirib, kelajagini taʼminlab berishi mumkin. Bunga prezidentning oʻzi misol.

 Prezidentning doimiy nazoratida boʻlgan yana bir soha huquq-tartibot yoʻnalishi. Hisobotlar, maʼlumotlar Oʻzbekistonda qonunchilik mustahkamlanib, jinoyatchilik jilovlanib borayotganini koʻrsatmoqda. Xalqning ruhiyatiga taʼsir koʻrsatuvchi shov-shuvli jinoyatlar deyarli yoʻq… Biroq, prezident bu yoʻnalishda nazorat susaytirmayapti.

Prezident ochiqkoʻngil inson – mamlakatda umuman jinoyat sodir etilmasligini, xalq farovon yashashini istaydi.

Buning uchun davlat tuzilmalari, huquq-tartibot organlarini qayta-qayta isloh qilishdan, odamlarning tinchligi, osoyishta hayoti, emin-erkin, toʻkin-sochin yashashi uchun oʻzi ham tinmaydi, davlat organlari tizimidagi xodimlarni ham bir soniyaga boʻlsin, tinch qoʻymaydi. Toʻgʻri-da, davlat xizmati shunaqa bir tizimki, sal boʻshashtirilsa, ishlamay qoʻyadi. Davlat xizmatining ochiqligi, uning faoliyati ustidan jamoatchilik va fuqarolar nazoratini taʼminlash borasidagi choralar, bir-birining faoliyatini oʻrganib boruvchi davlat tuzilmalari tashkil etilishi sababi ham shunda.

Bir paytlar boʻlardi, boshqaruvda, siyosatda oʻzgarish boʻlganda, qadriyatlarni qaytadan baholash jarayoni amalga kirardi. Aynan shu jarayonda har doim "nima yaxshi-yu nima yomon?" degan savol kun tartibiga qaytadan chiqardi. Prezident esa qadriyatlarni emas, balki insonlarning mehnati, kasblarni bahosini qaytadan koʻrib chiqish yoʻlini tanladi. Oylik ish haqining, inflyatsiyani eʼtiborga olgan holda, oshirib borishning aniq mexanizmi ishlab chiqilgani holda, davlat va jamiyat uchun muhim sohalar xodimlarining mehnatiga baho ham qaytadan koʻrib chiqilmoqda.

Davr oʻzgarmoqda, kasblarga ehtiyoj, ularning qadr-qimmati ham oʻzgarmoqda. Siyosat ustuvor yoʻnalishlarni belgilar ekan, ushbu sohalarda xizmat qilayotganlar jamiyatda obroʻ-eʼtiborga ega boʻlishini istaydi. Qolaversa, oʻzgarishlar jarayonida xodimlarning ish hajmi ham oʻzgarib boradi. Prezident ushbu holatlarni faol maqbullashtirish siyosatini amalga oshirmoqda.

Prezident nafaqat poytaxt ahlini, balki butun Oʻzbekistonni, eng chekka qishloqlarda yashayotgan aholining ham turmush tarzini oʻzgartirishga kirishdi va bunga erishib kelmoqda ham.

Chekka qishloqlardagi elektr taʼminoti ishiga tushdi, yoʻllar tartibga solinmoqda… Fuqarolar endi faqat toshkentliklargina oqsuyak insonlar deb hisoblashmaydi.

Mirziyoyev siyosatining yana bir odil, insonparvar tomoni – kechagi kunga tosh otishlariga yoʻl qoʻymayotgani.

Bilamizki, davlat rahbari oʻzgarishi bilan kechagi kunni yomonlashga kirishib ketadigan maddohlar koʻpayadi. Buning uchun ularga alohida topshiriq ham, koʻrsatma ham berilishi shart emas.

Biroq, prezident ushbu holatni oldini olish choralarini koʻrdi. Hali aytildi, sharqda keskin choralar shart emas, gohida shamalar ham kifoya. Prezident Ishoqxon Ibratni ijodini oʻrganish va targʻib etishga ragʻbat bildirdi, xolos. Ibratning esa bosh shiori nima edi: har zamonning oʻz tarozisi bor, boshqa zamonning tarozisi bilan bugunni oʻlchash maqbul ish emas!

Buni, nozik shamani koʻpchilik darrov tushundi.

Prezident shaharlar, qishloqlar koʻrinishini, odamlar turmush tarzini, asosiysi ularning ichki olamini oʻzgartirishga qatʼiy kirishgan. Bu borada dastlabki ikki yilda erishilgan yutuqlar, kutilganidan ham koʻproq. Bu oʻzgarishlar Oʻzbekiston doirasidan chiqib, qoʻshnilarga ham oʻz taʼsirini koʻrsatayotganiga nima deysiz?

Xohlaymizmi, yoʻqmi, bu sharq. U gʻarbda, azal-azaldan qirolga barcha birdan, soʻzsiz boʻysunavermagan. Hatto imperatorlar ham fuqarolar hayotiga xoʻjayinchilik qilmagan...

Sharqda esa barchasi boshqa... Bunda millatlar yagona yoʻlboshchisi boʻlishini, unga boʻysunishni istaydi. Prezident ham shu xalq uchun masʼuliyatni toʻliq boʻyniga olib, uning kelajagi uchun haqiqatan tinim bilmay ishlamoqda. Bunda xalqning fikri bosh mezonligicha qolmoqda.

Ikki yil uchun qilingan ishlar ham anchayin koʻp va samarali.

Asosiy mavzular