03:31 22 Avgust 2019
Efir
  • RUB138.47
  • EUR10092.14
  • USD9061.00

Tojikiston va Oʻzbekiston yil davomida qanday yutuqlarga erishdi?

© press-slujba prezidenta Uzbekistana
Analitika
Havola olish
30610

Oʻzbekiston va Tojikiston qaysi sohalarda samarali hamkorlik qilishga erishdi va bu oddiy xalq hayotiga qanday taʼsir koʻrsatmoqda? Sputnik maqolasida batafsil tanishing.

TOSHKENT, 16 may  — Sputnik. Marina Chernishova-Melnik. Bir yildan ziyodroq muddat ilgari  Oʻzbekiston va Tojikiston prezidentlarining Dushanbe shahrida doʻstona uchrashuvlari boʻlib oʻtdi. Bu 1990 yildan buyon murakkab boʻlgan davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarni yoʻlga qoʻyishning muhim odimi sanaladi.

Ayrim ekspertlar taʼkidiga koʻra, ikki davlat oʻrtasidagi inoqlashish oʻtgan yil emas, balki 2016 yil prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston hukumati tepasiga kelishi bilanoq boshlangan.

Oʻzbekiston va Tojikiston qaysi sohalarda samarali hamkorlik qilishga erishdi va bu oddiy xalq hayotiga qanday taʼsir koʻrsatmoqda? Sputnik Tojikiston oʻrganib chiqdi.

Chegara demarkatsiyasi va yangi ufqlar

Oʻzbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov davrida Tojikiston bilan chegara aslini olganda yopiq edi. Oʻzbekiston hududiga oʻtish uchun Tojikiston fuqarolari viza olishlari shart edi. Aytish joizki, fuqarolar katta mashaqqat bilan viza olishardi. Shuningdek, kelib-ketish qattiq tartibga solinardi.

Chegaraoldi hududidagi koʻplab qarindoshlar juda kam hollarda bir-birlari bilan koʻrishish imkoniyatiga ega edilar va qarindoshlik rishtalar uzilib qolgandi.

Rahmon va Mirziyoyev munosabatlarning boshqa yoʻlini tanlab, “Fuqarolarning oʻzaro kelib-ketishi toʻgʻrisidagi” bitimni imzolashdi. Bitim doirasida ikki davlat fuqarolari uchun 30 sutkagacha vizasiz tartibi joriy etildi. Shunday qilib, mamlakatlar oʻta ogʻir boʻlgan masalani hal qilishdi.

Bu Mirziyoyevning Dushanbega qilgan tarixiy tashrifi davomida amalga oshgani ramziy maʼnoga ega boʻldi. Vizasiz tartib joriy etilishi Tojikiston va Oʻzbekiston fuqarolari uchun uzoq kutilgan hodisa edi.

Ushbu xabarni eshitgan ikki mamlakat aholisi birdek quvonishdi. Koʻplab tojikistonliklar koʻp yillardan buyon koʻrmagan qarindoshlarining holidan xabar olish uchun Oʻzbekiston tomon yoʻl olishdi.

Mazkur chora oddiy xalq hayot tarzini jiddiy ravishda yengillashtirdi, shuningdek, Tojikistonning sayyohlik sohasiga ijobiy taʼsir koʻrsatmasdan qolmadi.

Bugungi kunda tojik-oʻzbek chegarasida avtomobil va temir yoʻli oʻtkazish punktlari faoliyat koʻrsatmoqda. Shuningdek, Dushanbe va Toshkent oʻrtasidagi aviaqatnovlar qayta yoʻlga qoʻyildi, Gʻalaba-Amuzang (Tojikiston va Oʻzbekistonning janubiy viloyatlarini birlashtiradi) temir yoʻli qayta tiklandi, Panjakent-Samarqand uchastkasidagi A-377 xalqaro avtomobil yoʻli ochildi. Bularning barchasi oddiy xalq uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Rasmiy maʼlumotlaraga koʻra, bir sutka davomida Tojikiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi chegarani 20 mingga yaqin kishi kesib oʻtadi.

Rogʻun GESi qurilishi va gaz bilan taʼminlash

Rogʻun GESi uzoq vaqt Oʻzbekiston va Tojikiston hukumatlari oʻrtasidagi nizoning sababi edi. Islom Karimov ushbu loyihani Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi uchun xavfli deb hisoblardi.

Axir Vaxsh daryosi Tojikistondan Oʻzbekistonga oqib oʻtadi, Oʻzbekiston esa shundoq ham hamisha sugʻorish uchun suv tanqisliga duch kelardi. Shuningdek, bu qoʻshni mamlakatlarning ekologik va oziq-ovqat xavfsizliga taʼsir koʻrsatishi mumkin edi. 2015 yil avgust oyida Oʻzbekiston hukumati Rogʻun GESi qurilishi munosabati bilan rasman eʼtiroz bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston prezidenti etib saylangan soʻng Rogʻun qurilishiga munosabat oʻzgardi.

2018 yil boshida Farhod GESi toʻgʻoni joylashgan hudud Tojikiston hududi deb tan olinishi, obʼyekt esa Oʻzbekiston mulki hisoblanishi toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. 2018 yil 16 noyabrda Rogʻun birinchi agregati qator xorijiy davlat, xalqaro tashkilotlar vakillari va jurnalistlar ishtirokida tantanali ishga tushirildi.

Hozirda Oʻzbekiston Tojikistoning gidroenergetika loyihalarida ishtirok etib, GES qurilishidan foyda olmoqda. Masalan, Rogʻun loyihasi uchun Samarqanddagi zavodda ishlab chiqarilgan yuk mashinalari xarid qilinmoqda. Loyiha qurib bitirilgach Rogʻun GESi toʻgʻoni dunyodagi eng baland boʻladi. Uning balandligi 335 metrni tashkil etadi.

Tovar ayirboshlash hajmi barcha rekordlarni oʻrnatmoqda

Tarixiy tashrif doirasida 2018 yilda ikki davlat ishbilarmonlarining forumi boʻlib oʻtdi. Uchrashuvlarda Tojikistondan Oʻzbekistonga 482 million dollarlik tovar va xizmatlar eksport qilishni nazarda tutadigan hujjatlar imzolandi. Shu bilan birga, oʻzbek mahsulotlarining importi 143 million dollarga teng boʻlishi kerak.

Hozirgi vaqtda Tojikiston qoʻshni respublikaga birlamchi alyuminiy, elektr energiyasi, paxta tolasi, ruda, tsement, ishlov berilmagan charm, pilla, ipak xomashyosi, turli gazlamalar, spirtli ichimliklar, gilam va shunga oʻxshash narsalarni eksport qilmoqda.

Oʻzbekiston esa oʻz navbatida qardosh mamlakatga toʻqimachilik mahsulotlari, mineral oʻgʻitlar, plastmassa, poyabzal, keramika, rangli metallar, elektr va mexanik uskunalar eksport qilmoqda.

Shuningdek, 2018 yilda Oʻzbekiston Tojikistonga tabiiy gaz yetkazib berishni qayta tiklash borasida kelishuvga erishildi. Tojikistonga tabiiy gaz eksporti boʻyicha kelishuv Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashrifi davomida imzolangandi.

Hujjatda 126 million kubometr gaz yetkazib berilishi koʻzda tutilgan.

Shartnoma doirasida oʻtgan yili Oʻzbekiston Tojikistonga umumiy summasi 15,1 million dollar boʻlgan 126 million kubometr gaz yetkazib berdi. Ushbu narx – bugungi kundagi dunyo narxlaridan ikki baravarga arzonroq.

Eslatib oʻtamiz, 2012 yilda Oʻzbekiston Tojikistonga gaz yetkazib berishni toʻxtatib qoʻygandi.Tojikiston sanoat korxonalari koʻmirdan sintez asosida ishlab chiqarilgan gazga oʻtishga majbur boʻlgandi.

Rahmon va Mirziyoyev Oʻzbekiston va Tojikiston oʻzaro savdo-sotiqqa alohida eʼtibor qaratishini koʻp marotaba taʼkidlashgan.

Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash 2019 yilning ikki oyi mobaynida qariyb 30 million dollarni tashkil etdi. Bu koʻrsatgich oʻtgan yilga qaraganda 3 foizga koʻproq.

Asosiy mavzular