00:27 19 Iyun 2019
Efir
  • RUB132.57
  • EUR9566.00
  • USD8535.74

Minus 7 kilo – qanday qilib bir yarim oyda ozish mumkin

© Sputnik / Sergey Guneyev
Analitika
Havola olish
Bakit Tolkanov
78810

Sputnik kolumnisti Bakit Tolkanov "qorin yoʻqotish" jangida qanday xatolikka yoʻl qoʻydi? Necha kiloga ozdi? Bu savollarga javobni – uning materialida olishingiz mumkin.

Kolumnist Bakit Tolkanov shaxsiy ozish tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.

Yigirma yettinchi aprel kuni ozish boʻyicha shaxsiy tajribamni boshladim. Loyiha muddati – ikki oy. Nonushtaga boʻtqa, shuningdek, meva-sabzavotlar va sut mahsulotlarini tanovvul qilaman. Tushlikka tovuq, baliq, garniriga sabzavotlar yoki shoʻrva isteʼmol qilaman.

Baʼzan oʻzimni huquq-tartibot organlari nazoratida boʻlgan korruptsionerdek his qilaman. Faqat organ xodimlari rolida  doʻstlarim, tanishlarim, baʼzan hatto notanish odamlar boʻladi.

Kunlardan bir kuni bir kafeda doʻstlarimdan biri hazil tariqasida kaminaga gazlangan ichimlik taklif etdi. Shunda, qoʻshni stolda oʻtirgan va sal oldin parhezim haqida eshitgan bir necha kishi qanday javob qaytarishimni katta qiziqish bilan kuzatib turgani guvohi boʻldim.

Mening "undan koʻra mineral suv ichganim yaxshi" degan javobimni eshitishgach, ularning hammasi bosh barmoqlarini tepaga koʻtarib, meni qoʻllab-quvvatlashdi va pivo ichishda davom etishdi.  

Bir hafta oldin esa menda cheat meal, boshqacha qilib aytganda parhezni rejali buzish sodir boʻldi. Bu ozayotgan kishilarga oddiy mahsulotlardan charchab, "sinib qolmaslik", modda almashinuvini tezlashtirish uchun kerak. Odatda haftada bir marta cheat meal qilsa boʻladi.  

Shu kuni men bir dona chuchuk (qozoqcha shujuk, turk xalqlarda anʼanaviy goʻshtdan tayyorlanadigan taom) isteʼmol qildim. Boʻlak juda kichkina boʻlsada, doʻstlarim eʼtirozi ancha katta edi. Ayrimlar meni "sindi" desa, boshqalari hazil aralash "hayriyat, endi bazm dasturxonida asabga teguvchi omil emassan", dedi. Shunda ularga cheat meal nima uchun kerakligi haqida tushuntirishimga toʻgʻri keldi.

Zararli ovqatdan uzoqlashdim

Men uchun endi popkornsiz kino, zararli ovqat va alkogol ichimliklarisiz bazmlar odatiy holga aylangan edi. Yogʻli va qovurilgan taomlar haqidagi xotiralar hech ham ishtahamni qitiqlamasdi. Lekin baʼzan kechalari oʻzimni goʻyo butun boshli qoʻyni paqqos tushirishga tayyordek his qilardim. Bunday holatlar uchun doim kefir va olma gʻamlab qoʻyman – qoʻzi ham omon qoladi.

Albatta, birorta zararli ovqat yeyish istagi paydo boʻladi, biroq bir-ikki qoshiqdan soʻng qiziqish albatta soʻnardi.  

Bu nimani anglatadi? Muammo avvalo – inson organizmi ehtiyojlaridamas, balki boshda va koʻp yillik odatlarda.

Vazn nima boʻldi?

Har qanday ozayotgan odam "plato taʼsiri" haqida biladi. Bunda garchi ovqatlanish odatdagidek boʻlib, jismoniy harakatlar koʻpaygani bilan vazn pasayishdan toʻxtaydi. Buning oddiy siri – organizm ovqatlanish va mashqlarga koʻnikib qoladi. Anʼanaviy xatolar – ratsioningizni bir dona olma va karam bargiga tushirib, jismoniy zoʻriqishni kuchaytirish (Shvartsenegger ham yigʻlavorardi).

Aslini olganda "rejimni davom ettirish kerak", bu yerda cheat meal ning roli katta: eslataman, u moddalar almashinuviga yordam beradi. "Plato" menda ham boʻldi – ikki hafta davomida vaznim 70-71 kilodan tushmadi va faqat keyinchalik kamayishni boshladi.

Bugun ertalab tarozi 68,9 kilogrammni koʻrsatdi. Agar 27 aprelda 78,5 kilo boʻlgan boʻlsam (kiyim ikki kilo), men 7-7,5 kilogramm vazn tashlagan edim. Nega raqamlar taxminiy? Chunki birinchi tarozi koʻchaniki edi. Men yana necha kilo ozishni istayman? Menda maʼlum bir chegaraga yetish maqsadi yoʻq, asosiysi qorin yoʻqotish, hozirgi vaznim esa meyoʼrida, deb bilaman.     

Yana bir yaxshi yangilik – press mushaklari ortida joylashgan yogʻlarning kamaygani. Uning meʼyoridan ortiq boʻlishi ichki organlarga yomon taʼsir koʻrsatadi va u qorin chiqib qolishining sabablardan biri hisoblanadi. “Aqlli” tarozi sotib olganimdan beri (uch hafta) vistseral yogʻ darajasi normal holatga keldi. Lekin boʻshashish kerak emas.

Sport bilan shugʻullanish

Maʼlum boʻlishicha, men mashqlarni umuman notoʻgʻri bajargan ekanman: "otjimaniye"ni qoʻllarni katta ochgan holda bajarganman. Oʻtirish mashqida esa tizzalar "oldinga" chiqqan holda bajarganman, press mashqini bajarganda asosiy ogʻirlik orqa mushaklarga berilgan. Buni kurs oxiriga kelganda bilib qoldim. Kurs davomiyligi – 6 hafta. Men bularning barchasidan xabardor kishi bilan maslahatlashganimdan soʻng, uchinchi haftadan dasturni boshladim. Mutaxassis meni tinchlantirdi, mashqlar baribir oʻz foydasini berdi. U menga mashqlarning miqdoriga emas, sifatiga eʼtibor berish kerakligini eslatdi.

Oʻylaymanki, 27 iyungacha yakunlashga ulgurmasam ham, bu katta muammo emas. Asosiysi – raqamlardamas, mushaklarim chiniqqanida. Kichik maslahatim: men yoʻl qoʻygan xatolarni qaytarmaslik uchun, uzoq yillar sport bilan shugʻullangan mutaxassis, murabbiylar bilan maslahatlashing. Boshqa tomondan, men "otjimaniye" mashqini nihoyat 50 marta bajarishga qodir boʻlganimdan xursandman, chunki bir yarim oy oldin, 10 marta bajarganimda, pensiya rasmiylashtirishga tayyor boʻlib turgan edim. Umuman olganda, vaqt masalasi muammo boʻlgani sababli jismoniy mashqlarni asosan kechasi bajardim, bu irodani tarbiyalash uchun foydali boʻldi.  

Tungi marafon

Dam olish kuni doʻstim bilan kechasi bir nechta tungi kafelarni aylanib chiqdik – umumiy harajatlar, taksi xizmatini hisobga olganda katta boʻlmadi.

Doʻstim mendan farqli oʻlaroq bir necha baravar koʻp sarf-harajat qildi. Nega deysizmi? Chunki men spirtli ichimliklar isteʼmol qilmadim, eng qimmat ichimligim - alkogolsiz mevali va asalli punsh boʻldi. Aytgancha, mablagʻlarimni tejashim oqibatida yaqinda doʻstimga kattagina miqdorda qarz berib turish imkoniga ega boʻldim.

Xulosa

Albatta, jismoniy mashqlar bilan bogʻliq oʻngʻaysiz holatdan afsusdaman, biroq ushbu tajribam koʻp samara berdi. Endilikda xuddi shohlardek miriqib uxlayapman, ertalab oshqozonimda "tosh" bilan uygʻonganim yoʻq, qolaversa mushaklarimni ham endi "shalviragan", deb aytib boʻlmaydi.

Asosiy mavzular