16:24 14 Avgust 2020
Efir
  • RUB138.65
  • EUR12059.09
  • USD10231.71
Analitika
Havola olish
118122

2019 yil ham Oʻzbekiston uchun anchayin sertashvish, ser­gʻalva, serhosil kechdi. Asosiysi, bular oʻtgan yillarda boshlangan oʻzgarishlar, islohotlarning uzviy davomi boʻldi.

Siyosatdagi izchillik baribir fuqaroda ishonch va umid uygʻotadi. Har holda ishlar pala-partishlik bilan boshlanmagan ekan, har holda ular chuqur oʻylab qilingan, ularni amalga oshirishga maqsad, muhimi siyosiy iroda bor.

Albatta, 2019 yilda Oʻzbekiston iqtisodida ulkan oʻzgarishlar boʻldi, pul va bank tizimlarida qator qonunlar qabul qilinib, pul muomalasi tartibga solindi.

Biroq, jamiyatdagi asosiy oʻzgarish bu emas. Yilning eng muhim oʻzgarishi bu – davlat fuqaroni eshitishni boshladi. Albatta, Shavkat Mirziyoyev prezident boʻlib saylanganidan buyon xalqning, fuqaroning dardini eshitishga eʼtibor qaratadi, prezident amalga oshirayotgan siyosatning asosiy magʻzi va mezoni ham shu. Shunga qaramay, bu yildan davlat fuqaro dardini nafaqat eshitmoqda, balki siyosatni shakllantirishda uning fikrini eʼtiborga ola boshladi. Buni "snos"lar va mulk daxlsizligini taʼminlash masalasida ham koʻrish mumkin

Darvoqe, "snos"lar va ularga qarshi chiqishlar ham tabiiy hol edi. Amalga oshirilayotgan bunyodkorlik siyosati, qurilishlar, xohlaysizmi, yoʻqmi, kimningdir manfaatiga tajovuz qilmasdan qoʻymasdi. Oshkoralik, ochiqlik siyosati esa buni omma eʼtiboriga olib chiqishi tabiiy edi.

Bu davlat siyosatida yana bir yangi koʻrinishni yuzaga keltirdi: hokimlar daxlsizligiga putur yetdi. "Holvani hokim, kaltakni yetim yeydi", degan maqol ham eskira boshladi. Nihoyat hokimlar katta boshini kichik qilib, boʻyin egib uzr soʻradi. Albatta, negadir xalqdan emas, bloger va jurnalistlardan uzr soʻrashdi. Shundayyam, bu ilgari misli  koʻrilmagan holat. Hokimiyat xalq fikri bilan hisoblashmoqda.

Bu oʻz navbatida, xalq dardini bayon etayotgan yana bir  manbaa sifatida blogerlarni rasmiy darajaga olib chiqdi.

2019 yilda oʻzbeklarni yuz yillardan burun qiynab kelayotgan masalani hal qilishga kirishildi: toʻylarni tartibga solishmoqchi boʻlishdi. Biroq 100 yillik muammoni hal qilish uchun birdan qaror chiqarishdan choʻchishdi, avvaliga tor doirada muhokama qilindi, soʻng xalq muhokamasiga tashlandi. Keyin, Senat darajasida qaror qabul qilindi. Shunda ham kuchga kirishini 2020 yilga qoldirishdi. Demak, bu xalq hayoti uchun juda muhim va nozik soha.

Prezident yangi avlodni tarbiyalashga qattiq kirishdi

2018 yil Oʻzbekistonda tom maʼnoda oʻqituvchilar yili boʻlgan edi. Bu yilda ham shuning davomini kuzatish mumkin boʻldi. Ikki yildan buyon Oʻzbekiston taʼlimning sifatini oshirish ustida ishlamoqda.

Umuman, Oʻzbekistonda yoshlar masalasi har doim dolzarb boʻlgan. Yaqinda Yoshlar ittifoqini Agentlik sifatida qayta tashkil etilishi mumkinligi haqidagi takliflar ham buning isboti. "Ittifoq"dan farqli oʻlaroq "Agentlik" davlat tashkilotini ifodalashini eʼtiborga olsak, bu siyosat zamirida nima yotganini anglash qiyin emas.

Prezident jamiyat maʼnaviy hayotini tartibga solish boʻyicha beshta tashabbusni oʻrtaga tashladi: kitobxonlik, musiqa, sanʼat va  sportga qiziqishni rivojlantirish, kompyuter savodxonligini oshirish va xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash.

Besh tashabbus biroz rasmiy tus olgan boʻlsa-da, baribir yoshlarning hayotida, qiziqishlarida oʻzgarish qilishga boʻlgan ijobiy urinish boʻldi. Buning hosili – natijasini kelasi yillar koʻrsatadi. Hozircha esa kitob oʻqiganlarning toʻrt-besh nafari avtomobillik boʻlib qoldi.

Darvoqe xotin-qizlar masalasi!

Yil boshida ayollarning oʻz farzandlariga nisbatan shafqatsiz munosabatlari, ularni sotish, oʻldirish holatlariga yoʻl qoʻyilayotgani haqida xabarlar tez-tez koʻzga tashlanayotgan edi. Davlat shularni eʼtiborga oldi, Oʻzbekistonda 2019 yilda xotin-qizlar boʻyicha birdan ikkita qonun qabul qilindi. Gender tenglik masalasi tobora koʻproq jaranglay boshladi.

Qonunchilik haqida gap ketar ekan, oʻzbekistonliklarni dastlab biroz choʻchitgan "Qurol toʻgʻrisida"gi qonun qabul qilindi. Fuqaro xavotir bilan kutganiga qaramay, qonun jamiyat hayoti uchun jiddiy taʼsir koʻrsatmadi. Maʼlum boʻldiki, qonun qurol borasida biron-bir yangilikni olib kirish uchun emas, balki amaldagi tatib-qoidalarni tartibga solish maqsadida qabul qilingan.

Mirziyoyev: biz yuksalish sari qadam qoʻymoqdamiz
© Sputnik / Ramiz Baxtiyarov

Jasliqdagi koloniyaning yopilishi mamlakat hayotidagi jiddiy oʻzgarish, yangilanish epkinining ramzi sifatida qabul qilindi.

Darhaqiqat, mamlakatda inson huquqini taʼminlash masalasi 2019 yilda kun tartibida boʻldi.

Davlat tashqi siyosatini ham izchil davom ettirdi. Tolibonlar bilan muzokaralar Afgʻonistondagi tinchlikni taʼminlashga urinishlardan biri boʻldi. Ayniqsa, yaqin qoʻshnichilik siyosati ustuvor boʻlib qolmoqda. 29 noyabr kuni Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi buni yana bir bor isbotladi. Axir bu kabi uchrashuvlarni muntazam oʻtkazish haqida Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida ilgari surgan edi.

Yilning soʻnggi choragi shubhasiz, saylovlarga bagʻishlandi. Avvalgilariga oʻxshamaydigan, deb aytilayotgan saylov partiyalar orasidagi tortishuvlar tarzida kechgani uchunmi, bunda besh partiyaning besh rahbaridan boshqa yaqqol shaxslar koʻzga tashlanmadi. Uning hosilasini esa keyingi besh yilda aniq boʻladi.

Asosiysi, 2019 yil butun Oʻzbekiston boʻylab qurilish va obodonchilik ishlari faol davom etdi. Prezident avvalgi yillarda Oʻzbekistonda urbanizatsiyani tezlashtirish, qishloqlarni obod qilish, shaharlar yuzini oʻzgartirish haqida gapirgan edi. Bu yoʻldagi ishlar allaqachon yangi bosqichga koʻtarildi.

Qolganini esa koʻraveramiz! Axir prezident 2019 yilda ham ortga yoʻl yoʻqligini taʼkidladi. Albatta, bu davlatning ochiqlik siyosati haqida aytildi. Aslida hammasi shu – ochiqlikdan keyin keladi-da.

Asosiy mavzular