23:32 28 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB136.28
  • EUR12210.60
  • USD10315.62
Analitika
Havola olish
COVID-19 umumjahon pandemiyasi (1169)
1749 0 0

Soʻnggi sutkaning oʻzida Eronda 130 kishi koronavirusdan vafot etdi - bu epidemiya boshlanganidan beri eng yuqori koʻrsatkich. Jabrlanganlarning umumiy soni mingdan oshdi, yuqtirganlar - 17 mingga yaqin. Besh ming nafari tuzaldi. Ammo vaziyat murakkabligicha qolmoqda

TOSHKENT, 21 mar - Sputnik, Galiya Ibragimova. AQSH va Eron oʻrtasidagi keskin toʻqnashuv hatto koronavirus pandemiyasi davrida ham davom etmoqda. Ushbu yuqumli kasallik tufayli vafot etganlar soni boʻyicha Eron Islom Respublikasi Xitoydan keyin ikkinchi oʻringa chiqdi. Mamlakatda oʻpkani sunʼiy ventilyatsiyalash apparatlari, niqoblar va qoʻlqoplar yetishmayapti. Hukumat Gʻarb sanktsiyalari tufayli chet eldan dori vositalarini sotib ololmayapti. Amerikaliklar esa tobora koʻproq cheklovlarni joriy qilmoqda. RIA Novosti COVID-19 avj olgan bir sharoitda Vashington va Tehron oʻrtasidagi asablar oʻyini nima bilan tugashini oʻrgandi.

Sanktsiyalar Erondagi karantinni uzaytirmoqda

Soʻnggi sutkaning oʻzida Eronda 130 kishi koronavirusdan vafot etdi - bu epidemiya boshlanganidan beri eng yuqori koʻrsatkich. Jabrlanganlarning umumiy soni mingdan oshdi, yuqtirganlar - 17 mingga yaqin. Besh minggi tuzalib ketdi. Ammo vaziyat murakkab va oldindan taxmin qilib boʻlmaydigan.

Hatto uzoq vaqt davomida vatandoshlarini hammasi nazorat ostida ekanligiga ishontirishga uringan Eron sogʻliqni saqlash vaziri Iraj Xarirchi ham COVID-19 bilan kasal boʻlib qoldi. Eron Bosh vazirining ayollar va oila masalalari boʻyicha oʻrinbosari Masume Ebtekar virusga chalindi. Yuqtirganlar bilan muloqotda boʻlgan koʻplab parlament aʼzolari hozirda karantinda.

Shu bilan birga, prezident Hasan Ruhoniy mamlakat kasallikning eng yuqori choʻqqisidan oʻtganini aytdi. Ammo bunga hech qanday dalil keltirmadi. "Biz virus tarqalishining oʻtkir bosqichini yengib oʻtdik, ammo men fuqarolarni barcha tibbiy tavsiyalarga rioya qilishga va zarurat boʻlmaganida uydan chiqmaslikka chaqiraman", - dedi u koronavirus bilan kurashish boʻyicha ishchi guruh yigʻilishida.

Davlat rahbari shaharlarning kirish va chiqish joylarida nazorat punktlari ochilganini maʼlum qildi, ammo huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va shifokorlar maʼmuriy chegaradan oʻtgan fuqarolarning sogʻligini tekshirishda davom etmoqdalar.

Epidemiologik vaziyatni yaxshilash uchun hukumat 85 ming siyosiy mahbusni ozod qilgan. Sud tizimi vakili Golam Xoseyn Ismoiliy, qamoqxonalarda profilaktika choralari koʻrilishini aytdi.

Tehron, amnistiya - bu BMT chaqirigʻiga javob ekanligini taʼkidladi. Endi ular yordamga umid qilishmoqda. Tashkilot bosh kotibi Antonio Guterrishga yoʻllagan xatlarida, shuningdek, turli mamlakatlar rahbarlariga qilgan murojaatlarida Eron hukumati epidemiyani oldini olishga va chet eldan tibbiy ashyolar va jihozlarni oʻz vaqtida sotib olishga imkon bermaydigan iqtisodiy sanktsiyalarni olib tashlashni soʻradi.

"Eronning koronavirus infektsiyasini tashxislash va davolash borasidagi saʼy-harakatlariga Vashingtonning iqtisodiy qoʻporuvchiligi toʻsqinlik qilmoqda. Biz bemorlar uchun muhim insonparvarlik yordami yetkazib berishda cheklanganmiz. Sanktsiyalar xalqaro insonparvarlik huquqi asoslarini buzadi", - deb bayonot berdi Tehron.

Eron rasmiylari Islom Respublikasi tarixida birinchi marta qilgan yana bir misli koʻrilmagan qadam bu XVFdan besh milliard dollar qarz soʻrashi boʻldi. Ammo qarz toʻgʻrisidagi qarorni ushbu moliyaviy tashkilotning eng katta va obroʻli aʼzosi boʻlgan AQShsiz hal qilish mumkin emas, shuning uchun Tehron bunga koʻp ham umid qilmaydi.

Eronni qoʻllab-quvvatlayotgan Xitoy va Rossiya mamlakatga qarshi davom etayotgan bosimni "axloqsiz" deb atamoqda.

Imtiyozga "yoʻq"

Eron hukumati tomonidan koronavirusga qarshi kurash bilan parallel ravishda sanktsiyalarni bekor qilish uchun olib borilayotgan diplomatik urush hozircha bularning foydasiga hal boʻlmayapti. Amerika Qoʻshma Shtatlari chaqiriqlarga hamon quloq solmayapti. Bundan tashqari, pandemiyada sharoitida Vashington, aksincha, Islom Respublikasiga bosimni kuchaytirmoqda. Sababi oʻsha-oʻsha: goʻyoki Tehron haligacha yadro dasturini noqonuniy rivojlantirmoqda.

"AQSH Savdo vazirligi 2004 yilda yadroviy dasturni ishlab chiqish uchun masʼul boʻlgan besh eronlik olimlarga qarshi sanktsiyalar kiritmoqda. Va bugungi kunda ular hukumat uchun ishlamoqda", - dedi AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo.

Biroq, u epidemiya rivojini kuzatayotganiga ishora qildi. "Eron rejimi kasallarning ehtiyojlariga eʼtibor berishning oʻrniga fuqarolarga notoʻgʻri maʼlumot berish kampaniyasini olib bormoqda. Islom respublikasi diniy rahbarlari Xitoyning Uxan provintsiyasiga virusni amerikaliklar olib kirgan deb yolgʻon xabar tarqatishda davom etmoqda. Axir biz eronliklarga yordam berishga harakat qilmoqdamiz", - dedi davlat kotibi.

Haqiqatan, harakat qilishmoqda. Fevral oyi oxirida, mamlakatda kuniga besh yuz kishi koronavirusga chalinayotgan paytda, Vashington insonparvarlik yordamiga qoʻyilgan taqiqni olib tashlashga rozi boʻldi.

Amerikacha kuzatish rejimi

Eron boʻyicha mutaxassis Yuliya Sveshnikova "RIA Novosti"ga bergan intervyusida, hozirgi paytda butun diqqat-eʼtibor koronavirusga qarshi kurashga qaratilganligini taʼkidladi. Besh nafar olimga nisbatan kiritilgan Amerika sanktsiyalarini hech kim payqamadi ham.

"Epidemiya holatida Vashington sanktsiyalarini Tehron genotsid va xuquqga zid, deb tan oladi. Vaziyat juda murakkab. Eronga Xitoy, Qatar va Quvayt yordam bermoqda. Shuningdek yordam JSST tomonidan ham koʻrsatilmoqda. Ammo bularning barchasi yetarli emas", - dedi Sveshnikova.

Murakkab iqtisodiy holat vaziyatni yanada ogʻirlashtirmoqda.

Qimmatligiga qaramay, doʻkonlarda oziq-ovqatlar bor. "Ammo agar saylovlar oldidan hukumat narxlarni ushlab turishga uringan boʻlsa, fevraldagi parlament kampaniyasi bu holatni boshqa hech kim nazorat qilmayotganligini koʻrsatdi. Valyuta keskin oshdi. Ichki ziddiyat kuchaymoqda va bu keyinchalik oʻzini namoyon qilishi mumkin. Lekin hozir birinchi navbatda - odamlarni kasallikdan qutqarish muhim", - deydi mutaxassis.

"Yangi sanktsiyalar - Iroqdagi Taji bazasiga qilingan hujumga javob. Ikki AQSH askari halok boʻldi. Dekabr oyi oxirida Iroqda amerikalik askarning oʻldirilishi IICK rahbari Kassam Sulaymoniyni yoʻq qilish bilan tugagan zanjirli reaktsiyaga olib keldi, va bunday keskin reaktsiyani taxmin qilsa boʻlardi. Oq uy bu hujumlarning barchasi ortida Eron turganiga shubha qilmaydi", -deydi PIR-markazi maslahatchisi Andrey Baklitskiy.

MGIMO xalqaro tadqiqotlar instituti tahlilchisi Adlan Margoyev RIA Novosti agentligi bilan suhbatda, agar amerikaliklar sanktsiyalarni yengillashtirgan taqdirda ham hamma mamlakatlar darhol Eronga yordam berishni boshlamaydi, degan fikrni bildirdi. "Cheklov choralari bugungi kunda ham tibbiy tovarlarni yetkazib berish boʻyicha tranzaktsiyalarga taʼsir qilmaydi. Ammo xorijiy bank, xoh dori-darmonlar bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshirgan taqdirda ham, nazorat organi boʻlgan AQSH moliya vazirligi uni baribir yuqori xavf toifasiga kiritishi mumkin. Bundan kelib chiqadi-ki, kredit tashkilotlari amerikaliklarga hisobot bergandan koʻra, Tehron bilan aloqani uzish osonroq kechadi", - deya tushuntiradi Margoyev.

Uning fikricha, amerikaliklar sanktsiyalarni olib tashlamaydi va epidemiya fonida mamlakatda ijtimoiy tanglik qay tarzda kuchayayotgani, siyosiy rejim esa - zaiflashayotganini kuzatishda davom etadi. "Koronavirus epidemiyasi pasayganda, navbatdagi norozilik yuz berishi ehtimoli bor. Koʻrinib turibdiki, AQSH aynan shunga umid qilmoqda", - deya xulosa qiladi ekspert.

Mavzu:
COVID-19 umumjahon pandemiyasi (1169)

Asosiy mavzular